Naximiyo 6:1-19
6 Sanballat, To‘viyo+, arabistonlik+ Gashim va boshqa dushmanlarimizga devorni qurib bitkazganim+ va o‘pirilgan joylarini tiklaganim haqida xabar yetishi bilanoq, (biroq o‘sha paytda darvozalarga hali eshik o‘rnatmagan edim)+
2 Sanballat va Gashim darhol menga: «Keling, Ono‘+ vodiysidagi qishloqlardan birida uchrashaylik»,— degan xabarni yuborishdi. Biroq ular menga ziyon yetkazishni rejalashtirgan edi.
3 Shunda men xabarchilar orqali ularga: «Men muhim ish bilan band bo‘lganim uchun kela olmayman. Agar sizlar bilan uchrashishga ketib qolsam, ish to‘xtab qoladi»,— deb aytib yubordim.
4 Lekin ular o‘sha xabarni to‘rt marta menga jo‘natishdi va men har safar bir xil javob berdim.
5 Oxiri, Sanballat beshinchi marta o‘z xizmatchisini mening yonimga ochiq xat bilan yubordi.
6 U yerda shunday so‘zlar yozilgan edi: «Siz va yahudiylar isyon ko‘tarmoqchi ekaningiz haqida xalqlar orasida mish-mishlar yuribdi+. Gashim+ ham buni tasdiqlayapti. Aynan bu uchun devorni qurayotgan ekansiz va yahudiylarning shohi bo‘lmoqchimishsiz.
7 Qolaversa, payg‘ambarlarni ham tayinlab, siz haqingizda Quddus bo‘ylab: “Yahudoning o‘z podshohi bor!” — deb e’lon qilishlarini aytgan ekansiz. Endi bularning bari shohga yetkaziladi. Keling, bu masalani birga hal qilaylik».
8 Ammo men unga: «Aytganlaringizning hammasi yolg‘on, bularning barini o‘zingiz to‘qib chiqargansiz»,— deb javob berdim.
9 Ularning hammasi bizni qo‘rqitmoqchi bo‘lib: «Qo‘llari ishga bormay qolib, devorni oxirigacha bitkaza olishmaydi»+,— deyishardi. Shunda meni qo‘llab-quvvatlagin deb, Xudoga ibodat qildim+.
10 Maxitavalning nabirasi, Daloyo o‘g‘li Shamayoning uyiga kelganimda, u uyida berkinib o‘tirgan edi. U menga: «Sizni bu kecha o‘ldirishga kelishadi. Shunga keling, haq Tangrining uyida, ma’bad* ichida uchrashib, eshiklarini qulflab olaylik. Chunki sizni o‘ldirishga kelishlari aniq»,— deb aytdi.
11 Men esa: «Menday odam qochishi to‘g‘ri bo‘larmidi? Buning ustiga, menday odam ma’badga kirib, tirik qola olarmidi?+ Yo‘q, u yerga aslo kirmayman!» — dedim.
12 So‘ng surishtirib ko‘rsam, bu xabarni menga aytsin deb uni Xudo emas, balki To‘viyo bilan Sanballat+ yuborishgan ekan.
13 Meni qo‘rqitish va gapiga quloq solib gunohga qo‘l urishim uchun, uni o‘shalar yollashgan ekan. Bunday yo‘l tutganimda, nomimga dog‘ tushib, ular meni ayblashlariga sabab paydo bo‘lardi.
14 Shunda men: «Ey Xudoyim, To‘viyo+ bilan Sanballatning qilmishlarini, payg‘ambar ayol Novadiyo va meni qayta-qayta qo‘rqitishga uringan boshqa payg‘ambarlarni yodingda tut»,— deb iltijo qildim.
15 Shunday qilib, elul* oyining 25- kuni, ya’ni 52 kun ichida devor bitkazildi.
16 Hamma dushmanlarimiz buni eshitganda hamda atrofimizdagi xalqlarning bari buni ko‘rganda, xijolatda qolishdi+ va bu ish Allohimizning madadi bilan qilinganini tushunishdi.
17 O‘sha paytda Yahudodagi asilzodalar+ To‘viyoga ko‘pgina xatlar yuborishardi va undan ham xat olishardi.
18 Negaki To‘viyo, Orax+ o‘g‘li Shaxaniyoning kuyovi bo‘lib, ularning ko‘pchiligi unga sodiq bo‘lishga va’da berishgan edi. To‘viyoning o‘g‘li Yohuxanon esa, Barxiyo o‘g‘li Mashullomning+ qiziga uylangan edi.
19 Shu bois, ular menga To‘viyoni maqtashardi, mening gaplarimni esa unga yetkazishardi. To‘viyo bo‘lsa, meni qo‘rqitish uchun xatlar yuborardi+.