Naximiyo 9:1-38

  • Xalq gunohlarida iqror bo‘ladi (1-38)

    • Yahova kechirishga tayyor Xudo (17)

9  Yettinchi oyning 24- kunida isroilliklar birga yig‘ilib, julga o‘ranishdi va ustlariga tuproq sochib, ro‘za tuta boshlashdi+.  Isroilning ushbu avlodi o‘zga xalq vakillaridan ajralib+, o‘z gunohlari va ota-bobolarining xatolariga iqror bo‘lishdi+.  Ular joylarida turib, Xudosi Yahova bergan Tavrotni taxminan uch soat* qiroat qilishdi+. Keyin yana qariyb uch soat gunohlariga iqror bo‘lib, Xudosi Yahovaga ta’zim qilishdi.  Yeshuva, Banix, Kadmil, Shabaniyo, Bo‘nax, Sharaviyo+, Banix va Xanonax levilar uchun o‘rnatilgan supaga chiqib+, baland ovozda Xudosi Yahovaga iltijo qilishdi.  Levilardan bo‘lgan Yeshuva, Kadmil, Banix, Xashavniyo, Sharaviyo, Xo‘diyo, Shabaniyo va Patixiyo shunday deyishdi: «Turing! Xudoyingiz Yahovani abadulabad olqishlang+. Ey Tangri, baraka va maqtovlarning hammasidan ustun turgan Sening ulug‘vor isming sharaflansin!  Ey Yahova, tanho Xudo Sensan+. Sen osmonni, ha, bepoyon samoni hamda uning qo‘shinini*, yerni va undagi borliqni, dengizlarni va ulardagi barcha narsani yaratding. Ularning bari Sen tufayli mavjuddir. Samoviy qo‘shin Senga ta’zim qiladi.  Yahova, Sen haq Tangrisan. Sen Ibromni+ tanlab, xaldeylar shahri Urdan+ olib chiqding va unga Ibrohim deb nom berding+.  Sen uni ishonchli* deb topding+. O‘zing Ibrohimga va uning zurriyotiga* kan’onliklar, xetiylar, amoriylar, pariziylar, yobusiylar va girgoshiylar yurtini berish borasida u bilan ahd qilding+. Adolatli bo‘lganing uchun O‘z va’dalaringni ro‘yobga chiqarding.  Chunki Sen ota-bobolarimiz Misrda qayg‘u-alam chekkanini ko‘rding+, Qizil dengiz oldida ularning faryodlarini eshitding. 10  Fir’avn bilan uning barcha xizmatkorlari, qolaversa, uning yurtidagi hamma odamlari ota-bobolarimizga zulm o‘tkazgani uchun+, ularga qarshi alomat-u mo‘jizalar yaratding+. O‘sha kundan to bugungacha O‘z ismingni mashhur qilding+. 11  Ularning oldida dengizni ikkiga bo‘lding va ular quruqlikdan o‘tib ketishdi+. Orqasidan quvganlarni esa, tosh kabi jo‘shqin suvlarga g‘arq qilding+. 12  Kunduzi ularni bulut ustuni orqali yetaklading, kechasi bo‘lsa alanga ustuni orqali yo‘lini yoritding+. 13  Sen Sinay tog‘iga tushding+, ular bilan osmondan turib gaplashding+. Ularga adolatli hukmlar, haqiqat qonunlarini*, yaxshi qoida va amrlarni berding+. 14  Ularga muqaddas Shabbatni+ va xizmatkoring Muso orqali amr, me’yor va qonunlarni taqdim etding. 15  Ular och bo‘lganida osmondan non+, chanqaganida esa qoyadan suv chiqarib berding+. Shuningdek, beraman deb qasam ichgan* yurtga boringlar va unga egalik qilinglar, deb aytding. 16  Ammo ota-bobolarimiz o‘zbilarmon+, o‘jar*+ va Sen bergan amrlarga itoat qilmaydigan bo‘lib qolishdi. 17  Senga quloq solishni va ular uchun qilgan ajoyib ishlaringni yodda tutishni xohlashmadi+. Aksincha, o‘jar bo‘lib, Misrdagi qullikka qaytish uchun o‘zlariga boshqaruvchi tayinlashdi+. Biroq Sen kechirishga tayyor, rahmdil*, shafqatli, sabr-toqatli* va mehr-sadoqatga* boy+ Xudo bo‘lganing uchun ularni tashlab ketmading+. 18  Ular hatto o‘zlari uchun quyma butni*, buzoqni yasab: “Bizni Misrdan olib chiqqan Xudoyimiz mana shu”+,— deb Senga nisbatan o‘ta hurmatsizlik ko‘rsatishganda ham, 19  Sen ularni sahroda tashlab ketmay, cheksiz rahm-shafqatingni namoyon etding+. Bulut ustuni kunduzi yo‘l ko‘rsatsa, kechasi alanga ustuni yo‘lini yoritib turardi+. 20  Ular fahm-farosatli bo‘lishlari uchun O‘z ruhingni* ato etding+. Ulardan mannani* tortib olmading+ va chanqaganlarida suv berding+. 21  Sahroda ularni 40 yil ozuqa bilan ta’minlading+. Ular hech narsada muhtojlik ko‘rishmadi, kiyimlari yirtilmadi+, oyoqlari esa shishmadi. 22  Sen shohliklar-u xalqlarni ularning qo‘liga topshirib, hududlarini taqsimlab berding+. Ular Xashbon+ shohi Sixo‘n va Bashan shohi O‘gning+ yerlariga egalik qila boshlashdi+. 23  Farzandlarini osmondagi yulduzlarday ko‘paytirding+. Yerga egalik qilasizlar deb ota-bobolariga va’da qilgan yurtga ularni olib kirding+. 24  Ularning farzandlari borib, yerni egallab olishdi+. O‘sha yerdagi kan’onliklarni ularga tobe qilding+. Ular bilan istaganlarini qilishsin deya, shohlarini-yu xalqlarini ularning qo‘liga topshirding. 25  Ular mustahkam shaharlar-u+ hosildor yerlarga+, turli yaxshi narsalarga to‘la uylar-u qazilgan sardobalarga, uzumzor, zaytunzor+ va mo‘l-ko‘l mevali daraxtlarga ega bo‘lishdi. Ular to‘yib-to‘yib yeyishdi va semirishdi. Ha, ular buyuk himmatingdan zavqlanib yashashdi. 26  Ammo ular itoatsiz bo‘lib, Senga qarshi isyon ko‘tarishdi+ va Sen bergan Tavrotdan yuz o‘girishdi. Senga qaytish uchun xalqni ogohlantirgan payg‘ambarlaringni o‘ldirishdi va Senga nisbatan o‘ta hurmatsizlik ko‘rsatishdi+. 27  Shu bois, Sen ularni azob keltiradigan+ dushmanlarining qo‘liga topshirding+. Biroq qayg‘uli kunlarida ular Senga iltijo qilishdi va Sen osmondan turib ularni eshitding. Rahm-shafqating cheksiz bo‘lgani uchun, dushmanlari qo‘lidan qutqaradigan najotkorlarni yubording+. 28  Lekin ular tinch hayot kechira boshlashi bilanoq, yana Sening nazaringda yomon bo‘lgan ishlarni qilishdi+ va Sen ularni ustlaridan hukmronlik qiladigan* dushmanlarining qo‘liga topshirding+. Shunda ular Senga qaytib yordam so‘rashdi+ va Sen osmondan turib ularni eshitding. Rahm-shafqating cheksiz bo‘lgani uchun ularni qayta-qayta qutqarding+. 29  Garchi Sen bergan Tavrotga qaytishlari uchun ularni ogohlantirgan bo‘lsang-da, ular o‘zbilarmonlik qilib, amrlaringga quloq solishmadi+. Ular me’yorlaringni — rioya etuvchilarga hayot beradigan me’yorlaringni buzib, ular gunoh qilishdi+. Qaysarlik bilan Sendan yuz o‘girib, o‘jar bo‘lishdi va Senga quloq solishmadi. 30  Sen ularga ko‘p yillar mobaynida sabr qilib kelding+ va payg‘ambarlarga ruhingni berib, ular orqali xalqni ogohlantirding, ular bo‘lsa quloq solishmadi. Oxir-oqibat, ularni o‘zga yurtdagi xalqlarning qo‘liga topshirding+. 31  Ammo rahm-shafqating cheksiz bo‘lgani uchun, ularni qirib tashlamading+ va tark etmading. Zero, Sen rahmdil va shafqatli Allohsan+. 32  Endi esa, ey Tangrimiz, buyuk, qudratli, haybatli, ahdiga sodiq va mehr-sadoqatni namoyon etadigan Allohimiz+, bizning, shohlarimiz-u beklarimizning+, ruhoniylar-u+ payg‘ambarlarimizning+, ota-bobolarimizning va Ossuriya shohlarining davridan+ to bugungacha xalqing boshiga tushgan musibatlar Senga oz bo‘lib tuyulmasin. 33  To‘g‘ri, boshimizga tushgan musibatlar adolatdandir. Sababi, Sen sadoqat ila yo‘l tutding, biz esa yovuzliklar qildik+. 34  Shohlarimiz, beklarimiz, ruhoniylarimiz va ota-bobolarimiz Sen bergan Tavrotga rioya etishmadi, ogohlantirish uchun berilgan amrlaringga va eslatmalaringga parvo qilishmadi. 35  Ular o‘z shohlarining davrida hamma yaxshiliklaringni ko‘rib, Sen bergan keng va hosildor yerda yashab turib ham, Senga xizmat qilishmadi+ va yovuz ishlaridan qaytishmadi. 36  Shu bois, biz bugun qulmiz+. Ha, mevalaridan yeyishsin, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lishsin deb ota-bobolarimizga berilgan yurtda qul bo‘lib yuribmiz. 37  Gunohlarimiz sabab, bu yerning barcha hosili Sen ustimizdan qo‘ygan o‘zga shohlarga yetkazilyapti+. Ular bizga va chorvamizga xohlaganday egalik qilib, bizni ezishyapti. 38  Shuning uchun yozma ravishda ahd tuzib+, beklarimiz, levilarimiz va ruhoniylarimiz muhri bilan uni tasdiqlayapmiz»+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «kunning chorak qismi».
Ehtimol, bu ibora farishtalarni va osmon jismlarini nazarda tutadi.
So‘zma-so‘z «urug‘iga».
So‘zma-so‘z «qalbini ishonchli».
Yoki «ishonchli qonunlarni».
So‘zma-so‘z «qo‘lingni ko‘targan».
So‘zma-so‘z «bo‘yni egilmaydigan».
Yoki «marhamatli».
Yoki «g‘azablanishga shoshmaydigan».
Yoki «mehr-inoyatga».
Yoki «metall haykalni».
So‘zma-so‘z «ezgu ruhingni».
Yoki «ezadigan».