Qonunlar 15:1-23
15 Har yettinchi yilning oxirida ozodlik e’lon qilinglar+.
2 Ozod etishning shartlari quyidagichadir: qarz bergan kishi undan qarz olgan yaqinining qarzidan kechsin. U o‘z yaqini yoki birodaridan qarzini to‘lashni talab qilmasin. Yahovaning haqqi-hurmati u ozod deb e’lon etilsin+.
3 Musofirdan qarzini to‘lashni talab qilsangiz bo‘ladi+, lekin birodaringiz sizdan nimaiki olgan bo‘lsa, uning qarzidan kechinglar.
4 Orangizda kambag‘al odam bo‘lmasin, chunki Tangringiz Yahova egallashingiz uchun meros qilib berayotgan yurtda Yahova sizlarga albatta baraka beradi+.
5 Biroq buning uchun Xudoyingiz Yahovaning aytganlariga qat’iy itoat etib, bugun men sizlarga yetkazayotgan Uning barcha amrlarini astoydil bajaringlar+.
6 Allohingiz Yahova va’da berganidek sizlarga baraka beradi va sizlar ko‘p xalqlarga qarz* berasizlar. O‘zlaringiz esa qarz olishga ehtiyoj sezmaysizlar+. Ko‘p xalqlar ustidan hukmronlik qilasizlar, ammo ular ustingizdan hukmronlik qilmaydi+.
7 Bordi-yu, Tangringiz Yahova sizlarga bergan shaharlarda orangizda yashayotgan birorta birodaringiz kambag‘al bo‘lib qolsa, qalbingizni tosh qilib, birodaringizga nisbatan xasis bo‘lmanglar+.
8 Ochiq qo‘l bilan unga qancha kerak bo‘lsa, shuncha qarz beringlar+.
9 Qalbingizda yovuz niyat paydo bo‘lib: “Yettinchi yil, ya’ni Shabbat yili* yaqinlashib qoldi”+,— deya kambag‘al birodaringizga xasislik qilishdan va uni bo‘sh qo‘l bilan qo‘yib yuborishdan ehtiyot bo‘linglar. Agar u yig‘lab Yahovaga arz qilsa, gunohkor bo‘lib qolasizlar+.
10 Istar-istamasdan emas, balki saxiylik bilan unga beringlar+. Shunda Xudoyingiz Yahova sizlarning har bir ishlaringiz-u harakatlaringizga baraka beradi+.
11 O‘sha yurtda doimo kambag‘allar bo‘ladi+. Mana shu sababdan, men sizlarga: “Yurtingizdagi qayg‘u chekkan va kambag‘al birodaringizga saxiylik ko‘rsating*+”,— deb amr beryapman.
12 Bordi-yu, birorta birodaringiz, ya’ni ibroniy erkak yoki ayol o‘zini sizlarga sotib, olti yil mobaynida xizmat qilgan bo‘lsa, yettinchi yili uni ozod qilinglar+.
13 Uni ozod qiladigan bo‘lsangiz, bo‘sh qo‘l bilan jo‘natmanglar.
14 Qo‘y-echkingizdan, xirmoningizdagi dondan, zaytunsiqqichdan olingan zaytun moyidan va uzumsiqqichdan olingan sharobingizdan unga beringlar. Allohingiz Yahova sizlarga baraka bergani uchun, sizlar ham unga saxiylik ko‘rsatinglar.
15 Misr yurtida qul bo‘lganingizni va Tangringiz Yahova sizlarni ozod qilganini yodda tutinglar. Shu bois, ularga rioya qilishni bugun sizlarga amr etyapman.
16 Bordi-yu, xizmatkoringiz sizni, oila a’zolaringizni yaxshi ko‘rgani uchun sizga: “Men sizning uyingizdan ketmayman”,— deb aytsa va sizga xizmat qilishdan baxtiyor bo‘lsa+,
17 siz uni eshikka taqab qulog‘ini bigiz bilan teshing va u butun umrga sizning qulingiz bo‘lib qoladi. Cho‘ringiz bilan ham xuddi shunday yo‘l tuting.
18 Uni ozod etayotganingizda og‘rinmang, chunki u olti yil mobaynida sizga xizmat qildi va yollanma ishchiga qaraganda ikki baravar ko‘proq ish bajardi. Xudoyingiz Yahova ham qilgan barcha ishingizda sizlarga baraka berdi.
19 Qoramolingiz va qo‘y-echkilaringizning birinchi erkak bolasini Allohingiz Yahova uchun muqaddas qilinglar+. Qoramolingizning birinchi bolasini ishlatmanglar. Qo‘y-echkilaringizning birinchi bolasining junini qirqmanglar.
20 O‘zingiz va xonadon ahlingiz uni Yahova tanlagan joyda+, har yili Tangringiz Yahovaning huzurida yenglar.
21 Bordi-yu, jonliq oqsoq yoki ko‘r bo‘lsa yoki boshqa biror nuqsoni bo‘lsa, uni Xudoyingiz Yahovaga qurbonlik qilib keltirmanglar+.
22 Uni shaharlaringizda yenglar. G‘izol yoki bug‘uni yeganingizdek, jonliqni pok inson ham, nopok inson ham yeyishi mumkin+.
23 Faqat uning qonini iste’mol qilmanglar+. Qonni suv kabi yerga to‘kinglar+.