Qonunlar 19:1-21

  • Qon to‘kilishi va panoh shaharlar (1-13)

  • Chegara belgilarini jildirmaslik (14)

  • Mahkamada guvohlik berish (15-21)

    • Ikkita yoki uchta guvoh talab qilinadi (15)

19  Xudoyingiz Yahova sizlarga berayotgan yurtdagi xalqlarni Tangringiz Yahova yo‘q qilgach, ularning yurtini egallab, shaharlari-yu uylarida yashay boshlaganingizda+,  Allohingiz Yahova sizlarga mulk qilib bergan yurt ichida uchta shaharni ajratinglar+.  Tangringiz Yahova sizlarga mulk qilib berayotgan yurtni uch qismga bo‘linglar va har bir bo‘lagida uchta shahardan biri joylashsin. So‘ng odam o‘ldirgan kishi o‘sha shaharlarning biriga qochib borishi uchun, yo‘llar tayyorlanglar.  Quyidagi vaziyatlarda odam o‘ldirgan kishi omon qolish uchun bu shaharlardan biriga qochib borishi mumkin: ilgari yomon ko‘rmagan yaqinini bexosdan o‘ldirib qo‘yganda+  yoki yaqini bilan o‘tin olib kelgani o‘rmonga borib, daraxt kesish uchun boltani ko‘targanida, bolta sopidan chiqib ketib yonidagi sherigiga tegsa va u o‘lib qolsa, unda bu kishi omon qolish uchun ushbu shaharlarning biriga qochib borsa bo‘ladi+.  Lekin shahar juda uzoq bo‘lsa, qon uchun qasos oluvchi+ qasoskor g‘azab o‘tida odam o‘ldirgan kishining orqasidan quvib yetib, uni o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Aslida bu kishi o‘limga loyiq emas, chunki ilgari bu kishining o‘lgan odamga adovati bo‘lmagan+.  Mana shu sababli sizlarga: “O‘zlaringiz uchun uchta shaharni ajratinglar”,— deb buyuryapman.  Xudoyingiz Yahova ota-bobolaringizga so‘z berganiday, hududingizni kengaytirib+, ota-bobolaringizga va’da qilgan butun yurtni bersa+,  ya’ni men bugun sizlarga buyurgan barcha bu amrlarga astoydil amal qilganingiz, Tangringiz Yahovani sevib, doimo Uning yo‘llaridan yurganingiz uchun bu yurtni to‘liq sizlarga bersa+, ushbu uchta shaharga yana uchta shaharni qo‘shinglar+. 10  Shunda Allohingiz Yahova meros qilib berayotgan yurtda begunoh odamning qoni to‘kilmaydi+ va qon to‘kkanlikda aybdor bo‘lmaysizlar+. 11  Bordi-yu, inson yaqinini yomon ko‘rgani+ uchun pistirmadan hujum qilib, unga og‘ir jarohat yetkazsa va u o‘lib qolsa, hujum qilgan kishi esa o‘sha shaharlarning biriga qochib borsa, 12  o‘z shahrining oqsoqollari uni o‘sha yerdan chaqirtirib, qon uchun qasos oluvchining qo‘liga topshirishadi va u o‘ladi+. 13  Sizlarning unga rahmingiz kelmasin. O‘zlaringizga yaxshi bo‘lishi uchun, Isroilni begunoh odamning qoni to‘kilishida aybdorlikdan xalos etinglar+. 14  Tangringiz Yahova sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda o‘z merosingizni olganingizda, qo‘shningizning chegara belgilarini ota-bobolaringiz chegaralab qo‘ygan joydan jildirmanglar+. 15  Odam qanday xatoga yoki gunohga qo‘l urmasin, bittagina guvohning ayblovi yetarli emas+. Uning ishi ikkita yoki uchta guvohning ko‘rsatmasi bilan tasdiqlanishi kerak+. 16  Agar guvoh yovuz niyatda boshqa kishini biron qilmishda ayblasa+, 17  unda o‘rtasida kelishmovchilik chiqqan bu ikki kishi Yahovaning oldiga, o‘sha paytda xizmat qilayotgan ruhoniylar va hakamlarning oldiga borsin+. 18  Hakamlar bu ishni har tomonlama tekshirib chiqishadi+. Agar guvohning ko‘rsatmasi soxta bo‘lib chiqib, u birodarini yolg‘ondan ayblagan bo‘lsa, 19  unda sizlar, u birodariga nima qilishni rejalashtirgan bo‘lsa, o‘zi bilan shunday yo‘l tutinglar+. Yovuzlikni orangizdan yo‘q qilinglar+. 20  Shunda buni eshitgan har kim qo‘rqib qoladi va orangizda hech kim bunday yomon ishga aslo qo‘l urmaydi+. 21  Sizlarning unga rahmingiz kelmasin+: jon evaziga jon, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish, qo‘l evaziga qo‘l, oyoq evaziga oyoq berilsin+.

Izohlar