Qonunlar 2:1-37

  • Sahroda 38 yil sarson bo‘lib yurish (1-23)

  • Xashbon shohi Sixo‘nning ustidan g‘alaba (24-37)

2  Bundan so‘ng biz burilib, Yahova menga aytganidek, Qizil dengizga olib boradigan yo‘l bilan sahroga jo‘nadik+. Biz Seir tog‘ining yaqinida ancha kun yurdik.  Oxiri Yahova menga shunday dedi:  “Bu tog‘ning yaqinida yurganingiz yetar. Endi shimol tomonga boringlar.  Xalqqa quyidagicha buyruq ber: “Sizlar Seirda yashovchi birodarlaringiz+ — Esov avlodlarining chegarasi yonidan o‘tasizlar+. Ular sizlardan qo‘rqib qolishadi+, ammo sizlar o‘ta ehtiyotkor bo‘linglar.  Ularga dushmanlik qilmanglar*, ularning hech bir joyini, hatto bir qarich* yerini ham sizlarga bermayman. Chunki Seir tog‘ini Men Esovga mulk qilib berganman+.  Yeydigan ovqatingiz va ichadigan suvingiz uchun ularga pul to‘langlar+.  Tangringiz Yahova qilgan barcha ishlaringizga baraka berdi. Ulkan sahro bo‘ylab yurganingizda U sizlarni kuzatib turdi. Mana shu 40 yil mobaynida Xudoyingiz Yahova sizlar bilan birga bo‘ldi va sizlar hech narsaga muhtoj emas edingiz”+.  Shu tariqa, Seirda yashovchi birodarlarimiz — Esov avlodlarining chegarasi yonidan o‘tib+, Araba, Elet, Ezyo‘n-Geberga+ olib boradigan yo‘lni ortda qoldirdik. So‘ng burilib, Mo‘ab+ sahrosiga olib boradigan yo‘l bilan yurdik.  Yahova menga shunday dedi: “Mo‘abga dushmanlik qilib jang boshlama. Uning hech bir yerini senga mulk sifatida bermayman. Chunki Orni* Lutning avlodlariga mulk qilib berganman+. 10  (U yerda avval yashagan emimlar+ ko‘p, kuchli hamda Inoq avlodi singari bo‘ylari baland edi. 11  Rafaimlar+ ham ko‘rinishidan Inoq avlodiga+ o‘xshardi. Mo‘abliklar ularni emimlar deb atashardi. 12  Seirda ilgari xorliklar+ yashardi. Lekin Esov avlodlari ularning yerlarini bosib olib, aholisini esa yo‘q qilishgan va u yerga o‘rnashib olishgan+. Isroil o‘g‘illari ham Yahova ularga beradigan yurtni, ya’ni o‘z mulklari bilan shu tariqa yo‘l tutishlari darkor.) 13  Endi turinglar, Zarad vodiysidan* o‘tinglar”. Shundan so‘ng, Zarad vodiysidan o‘tdik+. 14  Kadesh-Barnadan chiqib, Zarad vodiysidan o‘tgunga qadar 38 yil o‘tdi. Bu vaqt davomida Yahovaning qasamiga binoan, xalq orasidagi jang qilishga yaroqli bo‘lgan o‘sha avlod erkaklarining bari halok bo‘ldi+. 15  Bu erkaklarning bari xalq orasidan batamom yo‘q bo‘lib ketmaguncha, Yahovaning qo‘li ularga qarshi edi+. 16  Xalq orasidagi jangga yaroqli bo‘lgan erkaklarning bari o‘lgach+, 17  Yahova men bilan yana gaplashdi: 18  “Bugun Mo‘ab hududidan, ya’ni Or yonidan o‘tasizlar. 19  Ommonliklar yonidan o‘tayotganingizda, ularni bezovta qilmanglar, ig‘vo qilmanglar. Ommonliklarning hech bir yerini sizlarga mulk sifatida bermayman, chunki u yerni Lutning avlodlariga mulk qilib berganman+. 20  Bu yurt rafaimlarning+ ham yurti hisoblangan. (Ilgari u yerda rafaimlar yashagan. Ommonliklar ularni zamzumimlar deb atashardi. 21  Ular ko‘p, kuchli hamda Inoq avlodi singari bo‘ylari baland edi+; ommonliklar ularni haydab chiqarib, u yerga o‘zlari o‘rnashib olishlari uchun, Yahova ularni ommonliklarning oldida yo‘q qildi. 22  Hozir Seirda yashovchi Esov avlodlari+ uchun ham xuddi shunday qilgan edi. Ular xorliklarning+ yurtini bosib olib, o‘sha yerda shu kungacha yashashlari uchun, U xorliklarni ularning oldida yo‘q qilgan edi. 23  Xafto‘rdan* kelgan xafto‘rimlar+ avimlarni yo‘q qilib, ularning yeriga o‘rnashib olgunga qadar, avimlar G‘azogacha+ bo‘lgan qishloqlarda yashashgan.) 24  Turinglar, Arnon vodiysidan o‘tinglar+. Mana, Xashbon shohi amoriy Sixo‘nni qo‘lingizga berdim+. U bilan jang qilib, yurtini mulk qilib olinglar. 25  Shu kundan boshlab, sizlar haqingizda eshitgan yer yuzidagi xalqlarning barini vahima va qo‘rquvga solaman. Ular tashvishga tushib, dag‘-dag‘ qaltirashadi*+”. 26  Keyin men Kadamo‘t sahrosidan+ Xashbon shohi Sixo‘nga xabarchilar orqali, quyidagi tinchlik xabarini yubordim+: 27  “Yurtingizdan o‘tib ketishimga ijozat bering. Men Shoh yo‘lidan yurib, o‘ngga ham, chapga ham burilmayman+. 28  Men siz sotadigan ovqatnigina yeyman, siz sotadigan suvnigina ichaman. Faqat o‘tib ketishimga ruxsat bering. 29  Allohimiz Yahova bizga berayotgan yurtga Iordan daryosi orqali o‘tib ketmagunimcha, Seirda yashovchi Esovning avlodlari hamda Orda istiqomat qiluvchi mo‘abliklar singari yo‘l tuting”. 30  Biroq Xashbon shohi Sixo‘n o‘tib ketishimizga ijozat bermadi, chunki Xudoyimiz* Yahova uni sizlarning qo‘lingizga topshirish uchun uning o‘jarligicha qolishiga, yuragi toshligicha qolishiga yo‘l qo‘ydi+. Mana bugun ular sizlarning qo‘lingizda+. 31  Keyin Yahova menga: “Mana, Sixo‘n bilan yurtini senga beryapman. Uning yurtini egallashni boshla”+,— dedi. 32  Sixo‘n butun xalqi bilan Yaxazda jang qilish uchun bizga qarshi chiqqanda+, 33  Allohimiz Yahova uni qo‘limizga topshirdi. Biz Sixo‘nni, o‘g‘illari-yu butun xalqini mag‘lub qildik. 34  O‘shanda uning barcha shaharlarini bosib oldik, har bir shahri bilan birgalikda, erkaklarini, ayollar-u bola-chaqalarini ham qirib tashladik. Bitta ham tirik jon qoldirmadik+. 35  Faqat chorvalarni va bosib olgan shaharlardagi o‘ljalarni o‘zimizga oldik. 36  Arnon vodiysining chekkasidagi Aroyer+ bilan vodiydagi shahardan tortib Gilad yaqinida joylashgan shaharlargacha qo‘limiz yetmagan hech bir shahar qolmadi. Tangrimiz Yahova ularning barini qo‘limizga berdi+. 37  Lekin ommonliklarning yurtiga+, butun Yavoq+ vodiysiga, tog‘li hududdagi shaharlarga, Xudoyimiz Yahova ijozat bermagan yerlargagina yaqin bormadingizlar.

Izohlar

Yoki «ig‘vo qilmanglar».
So‘zma-so‘z «bir oyoq izichalik».
Mo‘abning shaharlaridan biri, ehtimol, uning poytaxti.
Ya’ni Krit.
Yoki «to‘lg‘oq dardini his etishadi».
So‘zma-so‘z «Xudoyingiz».