Qonunlar 24:1-22
24 Agar erkak kishi uylansa, ammo xotinida qandaydir uyatli qiliq borligini ko‘rib, uni yoqtirmay qolsa, taloq xatini yozib uning qo‘liga bersin+ va xotinini uyidan chiqarib yuborsin+.
2 Ayol uning uyini tark etib, boshqa kishiga turmushga chiqishi mumkin+.
3 Ikkinchi eri ham uni yoqtirmay qolsa* va taloq xatini yozib uning qo‘liga bersa, so‘ng uni o‘z uyidan chiqarib yuborsa yoki vafot etsa,
4 ayolni uyidan chiqarib yuborgan birinchi eri uni qaytadan xotinlikka olishiga ruxsat berilmaydi, chunki u uchun ayol bulg‘angan va Yahovaning nazarida bu jirkanch ishdir. Tangringiz Yahova sizlarga meros qilib berayotgan yurtni gunohga botirmanglar.
5 Agar kishi yaqinda uylangan bo‘lsa, u harbiy xizmatga bormasin va unga boshqa hech qanday vazifalar berilmasin. U bir yil davomida erkin bo‘lsin va uyida qolib xotinini quvontirsin+.
6 Hech biringiz qo‘l tegirmonini yoki uning ustki toshini qarz evaziga garovga olmang+, sababi bu bilan odam uchun tirikchilik vositasi bo‘lgan narsani garovga olgan bo‘lasiz.
7 Bordi-yu, kimdir isroillik birodarlaridan birini o‘g‘irlab ketgani va unga yomon muomalada bo‘lib, uni sotib yuborgani ma’lum bo‘lsa+, odam o‘g‘irlagan kishi o‘lishi kerak+. Yovuzlikni orangizdan yo‘q qilishingiz lozim+.
8 Moxov* kasalligi tarqalib ketsa, levi ruhoniylari beradigan barcha ko‘rsatmalarga astoydil rioya qilinglar+. Ularga nimaiki buyurgan bo‘lsam, hammasini xuddi shunday bajaringlar.
9 Misrdan chiqib yo‘lda ketayotganingizda, Xudoyingiz Yahova Maryam bilan nima qilganini yodda tutinglar+.
10 Agar yaqiningizga biror narsani qarzga bersangiz+, u garovga bermoqchi bo‘lgan narsani olish uchun uning uyiga kirmang.
11 Siz tashqarida turing, qarz olgan kishi esa qarz evaziga bermoqchi bo‘lgan garovni sizga olib chiqib beradi.
12 Bordi-yu, u muhtoj bo‘lsa, garovga olgan narsangizni unga qaytarib bermaguncha uxlagani yotmang+.
13 Nimaiki bo‘lmasin, qarz evaziga berilgan garovni quyosh botmay turib qaytarib bering. Shunda u kiyimini kiyib yotadi+ va sizni duo qiladi. Sizning bu ishingiz Allohingiz Yahovaning oldida odil ish bo‘lib hisoblanadi.
14 Muhtojlikda bo‘lib, kambag‘allikda yashayotgan yollanma ishchini — xoh u birodaringiz, xoh yurtingizdagi shaharlarda yashayotgan musofir bo‘lsin, aldamang+.
15 Uning ish haqini o‘sha kuniyoq+, quyosh botmay turib bering, chunki u bunga muhtoj va uning hayoti* topgan puliga bog‘liq. Aks holda, u sizdan nolib Yahovaga faryod qiladi va siz gunoh qilganlikda aybdor bo‘lasiz+.
16 Otalar bolalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin, farzandlar ham otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin+. Inson faqatgina o‘zining gunohi uchun o‘ldirilsin+.
17 Musofir yoki yetimning ishini ko‘rib chiqayotganda, adolatsiz hukm chiqarmang+. Berilgan qarz evaziga garov sifatida bevaning kiyimini olmang+.
18 Misrda qul bo‘lib yurganingizni va Xudoyingiz Yahova sizlarni o‘sha yerdan ozod qilganini yodda tuting+. Shuning uchun, aytilganlarga rioya qilishni sizlarga buyuryapman.
19 Dalangiz hosilini o‘rganda bog‘lamni dalada unutib qoldirsangiz, uni olish uchun orqaga qaytmang. O‘sha bog‘lam musofir, yetim va bevalarga qolsin+. Shunda Tangringiz Yahova qilgan barcha ishingizda sizga baraka beradi+.
20 Zaytun daraxtining mevalarini qoqayotganingizda, shoxlarini qayta-qayta qoqmang. Daraxtda qolgan mevalarni musofir, yetim va beva uchun qoldiring+.
21 Uzumzoringizdagi uzumni yiqqaningizda, qolganlarini yig‘ib olish uchun uzumzorga qaytib bormang. Ular musofir, yetim va beva uchun qoldirilsin.
22 Misrda qul bo‘lib yurganingizni yodda tuting. Shu sababli, aytilganlarga rioya qilishni sizlarga buyuryapman.
Izohlar
^ Yoki «voz kechsa».
^ Ibroniycha «moxov» so‘zi keng ma’noga ega bo‘lib, bunga turli teri kasalliklari kiradi. Bu so‘z ostida, kiyim va uylarda paydo bo‘ladigan bakteriya va viruslar tushunilishi mumkin.
^ Yoki «joni».