Qonunlar 28:1-68

  • Itoatkorlik uchun barakalar (1-14)

  • Itoatsizlik uchun la’natlar (15-68)

28  Agar Tangringiz Yahovaning aytganlariga so‘zsiz quloq solib, men bugun sizlarga buyurayotgan Uning barcha amrlarini bajarsangiz, Xudoyingiz Yahova albatta sizlarni yer yuzidagi boshqa barcha xalqlardan yuksaltiradi+.  Allohingiz Yahovaning aytganlariga quloq solib yursangiz, U sizlarning ustingizga mo‘l-ko‘l barakalarni yog‘diradi+:  Shahringizda ham, dalangizda ham baraka topasizlar+.  Serfarzand bo‘lasizlar+, yeringiz unumdor bo‘ladi. U chorvangiz, yosh qoramolingiz-u qo‘ylaringizning naslini ko‘paytiradi+.  Savatingiz+ va xamir tog‘orangiz barakali* bo‘ladi+.  Qayerga bormang, nimaiki qilmang, baraka topasizlar.  Sizlarga qarshi chiqqan dushmanlaringizni Yahova ko‘z oldingizda mag‘lub etadi+. Ular sizlarga bir tomondan hujum qilishadi, lekin sizlardan yetti tomonga tumtaraqay bo‘lib qochishadi+.  Yahova omborlaringizga+ va qilgan har bir ishingizga baraka beradi. Tangringiz Yahova berayotgan yurtda sizlarga albatta O‘z barakasini yog‘diradi.  Agar Xudoyingiz Yahovaning amrlariga rioya etib, Uning yo‘llaridan yursangiz, Yahova sizlarga va’da berganidek+, sizlarni O‘zining muqaddas xalqi qiladi+. 10  Yer yuzidagi barcha xalqlar Yahovaning ismi bilan atalganingizni ko‘rib+, sizlardan qo‘rqadi+. 11  Yahova ota-bobolaringizga qasam ichib, sizlarga beraman deb aytgan yurtda Yahova sizlarni serfarzand qiladi, chorvangizni ko‘paytiradi va yeringizni unumdor qiladi+. 12  Mavsumida yomg‘irni yog‘dirib+, barcha ishingizga barakasini berish uchun Yahova osmonni, O‘zining mo‘l-ko‘l omborini sizlarga ochadi. Ko‘p xalqlarga qarz berasizlar, biroq o‘zlaringiz qarz olishga ehtiyoj sezmaysizlar+. 13  Agar Xudoyingiz Yahovaning men bugun sizlarga buyurayotgan amrlariga quloq tutib, rioya etsangizlar, Yahova sizlarni boshqalardan yuksaltiradi+ va ular ustingizdan hokimlik qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Sizlar doimo gullab-yashnaysizlar va hech qachon muvaffaqiyatsizlikka uchramaysizlar. 14  Bugun men sizlarga buyurayotgan barcha so‘zlardan o‘ngga ham, chapga ham og‘manglar+, boshqa xudolarga ergashmanglar, ularga xizmat qilmanglar+. 15  Ammo Xudoyingiz Yahovaning aytganlariga quloq solmasangiz, men bugun sizlarga buyurayotgan Uning barcha amrlari-yu me’yorlariga amal qilmasangiz, ustingizga la’nat yog‘iladi va ulardan qochib qutula olmaysizlar+. 16  Shaharlaringizda ham, dalalaringizda ham la’nati bo‘lasizlar+. 17  Savatingiz+ ham, xamir tog‘orangiz+ ham la’nati bo‘ladi. 18  Farzandlaringiz+, yeringizning hosili hamda yosh qoramolingiz-u qo‘ylaringiz+ la’nati bo‘ladi. 19  Qayerga bormang, nimaiki qilmang la’nati bo‘lasizlar. 20  Yomon ishlar qilib, Uni* tark etganingiz uchun sizlar yo‘q bo‘lib tezda qirilib ketmaguningizga qadar, qilgan har bir ishingizda Yahova ustingizga qarg‘ish yog‘diradi, sarosimaga soladi va jazo yuboradi+. 21  Egalik qilish uchun borayotgan yurtdan yo‘q bo‘lib ketmaguningizcha, Yahova sizlarga birin-ketin kasallik yuboradi+. 22  Yahova sizlarni sil, isitmalab qaltirash+, yallig‘lanish kasalliklariga, kuchli isitmaga giriftor etadi. Qilich+ va garmsel bilan jazolab, o‘simliklaringizni nobud qiladi+. Qirilib ketmaguningizcha, ular sizlarni ta’qib qiladi. 23  Osmoningiz misdan, yer esa temirdan bo‘ladi+. 24  Yo‘q bo‘lib ketmaguningizga qadar, Yahova yurtingiz uzra osmondan qum bilan changni yomg‘ir qilib yog‘diradi. 25  Yahova dushmanlaringiz oldida sizlarni mag‘lub qiladi+. Ularga bir tomondan hujum qilasizlar, lekin yetti tomonga tumtaraqay bo‘lib qochasizlar. Yer yuzidagi barcha shohliklar sizlar bilan sodir bo‘layotgan yomon ishlarni ko‘rib qo‘rqishadi+. 26  Jasadlaringiz samodagi har bir qush, yerdagi har bir hayvon uchun yemish bo‘ladi. Hech kim ularni haydamaydi+. 27  Yahova sizlarni Misrda tarqalgan chipqonlarga, bavosir, toshma va teriga chiqadigan yaralarga duchor qiladi. Ulardan hech qachon shifo topmaysizlar. 28  Yahova sizlarni aqldan ozdiradi, ko‘r qilib qo‘yadi+ va sarosimaga soladi*. 29  Ko‘r kishi qorong‘ilikda paypaslab yurganidek, sizlar kuppa-kunduzi paypaslab yurasizlar+. Nimaiki qilmang, muvaffaqiyatga erishmaysizlar. Sizlarni tinimsiz aldashadi va talon-toroj qilishadi. Hech kim sizlarni qutqara olmaydi+. 30  Bir qiz bilan unashtirilasiz, biroq uni boshqa kishi zo‘rlab ketadi. Uylar qurasizlar, ammo o‘zlaringiz qurgan uylarda yashamaysizlar+. Uzumzor barpo etasizlar-u, undan foydalanmaysizlar+. 31  Buqangiz ko‘z oldingizda so‘yiladi-yu, go‘shtining bir bo‘lagini ham yemaysizlar. Shundoqqina oldingizdan eshagingizni o‘g‘irlab ketishadi-yu, uni qaytara olmaysizlar. Qo‘yingizni g‘animlaringiz olib ketadi, biroq sizlarni himoya qiladigan topilmaydi. 32  Ko‘z oldingizda o‘g‘il-u qizlaringizni boshqa xalq olib ketadi+ va doimo ularni qo‘msab yashaysizlar, lekin qo‘lingizdan hech nima kelmaydi. 33  Hosilingiz va barcha oziq-ovqatlaringizni o‘zingiz bilmagan xalq yeydi+. Sizlarni doim aldashadi va ezishadi. 34  Ko‘zlaringiz ko‘rgan narsadan aqldan ozasizlar. 35  Yahova tizzalaringiz-u sonlaringizga, boshdan-oyoq bedavo va azob beradigan chipqonlarni toshtiradi. 36  Yahova sizlarni va o‘z ustingizdan tayinlagan shohingizni o‘zingiz ham, ota-bobolaringiz ham bilmagan xalq oldiga boshlab boradi+. O‘sha yerda boshqa xudolarga — yog‘ochdan va toshdan yasalgan xudolarga xizmat qilasizlar+. 37  Yahova sizlarni xalqlarning oldiga boshlab borgach, o‘sha barcha xalqlar ichida masxara bo‘lasizlar, ular sizlar bilan sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rib dahshatga tushadi va sizlardan hazar qiladi*+. 38  Dalangizga ko‘p urug‘ ekasizlar-u, kam hosil olasizlar+, chunki hosilingizni chigirtka yeb bitiradi. 39  Uzumzor barpo etib, uni parvarish qilasizlar-u, hosilini yig‘ib olmaysizlar, sharobini ham ichmaysizlar+, boisi ularni qurt yeb bitiradi. 40  Barcha hududlaringizda zaytun daraxtlaringiz bo‘ladi-yu, o‘zingizga zaytun moyini surtmaysiz, chunki zaytun mevalaringiz to‘kilib ketadi. 41  O‘g‘il-u qizlar ko‘rasizlar-u, ular sizlar bilan yashamaydi, boisi ular asir qilib olib ketiladi+. 42  Yeringizdagi barcha daraxtlar-u hosilingizni hasharotlar* galasi bosib ketadi. 43  Orangizda yashayotgan musofir tobora yuksalib boraveradi, sizlar esa borgan sari pasayib ketaverasizlar. 44  U sizlarga qarz beradi, ammo sizlar unga qarz bera olmaysizlar+. U yuksalib, ustingizdan hokimlik qiladi+. 45  Xudoyingiz Yahovaning aytganlariga quloq solmay, U sizlarga buyurayotgan barcha amrlari-yu me’yorlariga amal qilmaganingiz uchun+, ushbu barcha la’natlar albatta ustingizga yog‘iladi+ va qirilib ketmaguningizcha sizlarni ta’qib etadi, ulardan qochib qutula olmaysizlar+. 46  Bu la’natlar sizlarning va avlodlaringizning ustiga yog‘iladi va asrlar osha belgi hamda ogohlantirish sifatida xizmat qiladi+. 47  Chunki hamma narsalaringiz mo‘l-ko‘l bo‘lganda, Allohingiz Yahovaga xursandchilik va shod yurak bilan xizmat qilmadingizlar+. 48  Yahova dushmanlaringizni sizlarga qarshi qayraydi. Ularga ochu tashnalikda+, juldur kiyimlarda va muhtojlikda xizmat qilasizlar+. U sizlarni yo‘q qilib yubormagunicha bo‘yningizga temir bo‘yinturuq soladi. 49  Yahova olisdagi, yerning narigi chetidagi+, sizlar tilini tushunmaydigan+ bir xalqni sizlarga qarshi qo‘zg‘atadi. Ular o‘ljasiga tashlangan burgutday tashlanadi+. 50  Ushbu yovuz xalq qarilarga hurmat ko‘rsatmaydi, yoshlarga esa rahm qilmaydi+. 51  Qirilib ketmaguningizcha ular mollaringizni va yeringizning hosilini yeyishadi. Sizlarni yo‘q qilib yubormaguncha don ham, yangi sharob ham, moy ham, yosh qoramol va qo‘y ham qoldirishmaydi+. 52  O‘zlaringiz ishongan baland va mustahkam devorlaringiz qulamagunicha ular sizlarni qurshovga olib, butun yurtingiz bo‘ylab barcha shaharlaringizda sizlarni qamab qo‘yishadi. Ha, Tangringiz Yahova sizlarga bergan butun yurt bo‘ylab, hamma shaharlaringizni albatta qamal qilishadi+. 53  O‘shanda qattiq qamal dastidan hamda g‘animlaringiz bergan azobdan Xudoyingiz Yahova sizlarga bergan farzandlarning — o‘g‘il-u qizlaringizning etini yeysizlar+. 54  Hatto orangizdagi eng yumshoq va beozor kishi na o‘z birodariga, na suyukli xotiniga, na qolgan o‘g‘illariga rahm qiladi. 55  Ularga o‘zi yeydigan o‘g‘illarining etidan bir bo‘lagini ham bermaydi, chunki shaharlaringizda qamal kuchliligidan hamda g‘animlaringiz bergan azobdan uning yeyishga hech vaqosi qolmaydi+. 56  Orangizdagi muloyim va nozikligidan oyog‘ini yerga qo‘yishni xayoliga keltirmagan nazokatli ayol+ sevimli eriga ham, o‘g‘il-u qiziga ham rahm qilmaydi. 57  Shaharlaringizda qamal kuchliligidan hamda g‘animlaringiz bergan azob dastidan, u qornidan tushgan yo‘ldoshni va tuqqan o‘g‘illarini yashirib yeydi. 58  Agar bu kitobda yozilgan qonunning+ barcha so‘zlariga astoydil amal qilmasangizlar va Allohingiz Yahovaning+ ulug‘, mahobatli ismidan+ qo‘rqmasangizlar, 59  Yahova sizlarga va avlodlaringizga juda og‘ir, katta va uzoq davomli ofatlarni+ hamda azobli va tezda tuzalmaydigan xastaliklarni yuboradi. 60  U sizlar qo‘rqqan Misrning barcha kasalliklarini ustingizga yana yuboradi, bu xastaliklar sizlarga yopishib oladi. 61  Bundan tashqari, qirilib ketmaguningizcha Yahova ushbu Qonun kitobida yozilmagan har qanday kasallik va ofatlarni ustingizga yuboradi. 62  Osmondagi yulduzlar kabi nihoyatda ko‘payib ketgan bo‘lishingizga qaramay+, Tangringiz Yahovaning aytganlariga quloq solmaganingiz uchun, juda kamayib ketasizlar+. 63  Yahova sizlarga madad berib, sizlarni ko‘paytirganida shodlanganidek, Yahova sizlarni yakson qilib, qirib tashlaganidan ham mamnun bo‘ladi. Egallash uchun borayotgan yurtdan sug‘urib olinasizlar. 64  Yahova sizlarni yerning bu chetidan narigi chetiga — barcha xalqlar orasiga tarqatib yuboradi+. O‘sha yerda o‘zingiz ham, ota-bobolaringiz ham bilmagan, yog‘ochdan va toshdan yasalgan xudolarga xizmat qilasizlar+. 65  O‘sha xalqlar orasida sizlarga tinchlik bo‘lmaydi+, oyoq qo‘yib dam oladigan joy ham bo‘lmaydi. O‘sha yerda Yahova yuragingizni bezovta+, ko‘zlaringizni xira, ruhingizni tushkun qiladi+. 66  Hayotingiz katta xavf ostida bo‘ladi, kecha-yu kunduz dahshatda yurasizlar va omon qolishingizga ko‘zingiz yetmaydi. 67  Qalbingiz vahimaga to‘lganidan va ko‘zlaringiz ko‘rgan narsalar dastidan ertalab: “Qaniydi hozir kechqurun bo‘lsaydi!” — deysizlar, kechqurun esa: “Qaniydi hozir ertalab bo‘lsaydi!” — deb aytasizlar. 68  Yahova sizlarni kemalarga o‘tqizib, men sizlarga: “Uni qayta ko‘rmaysizlar”,— deb aytgan yo‘l bilan Misrga qaytarib yuboradi. U yerda o‘zingizni dushmanlaringizga qullikka va cho‘rilikka sotmoqchi bo‘lasizlar, ammo sizlarni sotib oluvchi bo‘lmaydi».

Izohlar

Ya’ni savatlarida doimo don, tog‘oralarida esa doimo xamir bo‘ladi.
So‘zma-so‘z «Meni».
Yoki «qalbingizni parokanda qiladi».
So‘zma-so‘z «maqol to‘qiydilar».
Yoki «vizillaydigan hasharotlar».