Qonunlar 3:1-29

  • Bashan shohi O‘gning ustidan g‘alaba (1-7)

  • Iordan sharqidagi yerlar bo‘lib beriladi (8-20)

  • Yoshuaga qo‘rqmaslik buyuriladi (21, 22)

  • Muso va’da qilingan yurtga kirmaydi (23-29)

3  So‘ng biz burilib, Bashanga olib boradigan yo‘ldan yurdik. Bashan shohi O‘g butun xalqi bilan bizga qarshi jang qilish uchun Edreyga chiqdi+.  Shunda Yahova menga: “Undan qo‘rqma, Men uni, butun xalqini-yu yurtini qo‘lingga beraman. Xashbonda yashagan amoriylar shohi Sixo‘n bilan qanday yo‘l tutgan bo‘lsang, u bilan ham shunday yo‘l tut”,— dedi.  O‘shanda Tangrimiz Yahova Bashan shohi O‘gni, uning butun xalqini qo‘limizga berdi. Biz ularning bittasini ham omon qoldirmay, qirib tashladik.  Ularning barcha shaharlarini bosib oldik. Bashan shohi O‘gning+ boshqaruvi ostidagi butun Argob hududini, uning 60 ta shahrini zabt etdik. Biz bosib olmagan birorta ham shahar qolmadi.  Bu barcha shaharlarning devorlari baland bo‘lib, surma zulfinli darvozalari bor edi. Biz shuningdek, ko‘pgina kichik shaharlarni ham qo‘lga kiritgan edik.  Xashbon shohi Sixo‘nni yo‘q qilgandek, ularni ham qirib tashladik+. Uning har bir shahrini vayron qilib, erkaklar, ayollar-u bola-chaqalarni qirib yubordik+.  Butun chorva hamda shaharlarda qo‘lga kiritgan narsalarni o‘zimizga oldik.  O‘sha paytda Iordan hududidagi ikkita amoriy shohning yurtini+ — Arnon vodiysidan Xermon tog‘igacha bo‘lgan yerlarni egallab oldik+.  (Sidonliklar Xermon tog‘ini Siriyon, amoriylar esa Sanir deb atashardi.) 10  Yassi tepalikdagi barcha shaharlarni, Bashan shohi O‘g hukmronligi ostidagi Salko va Edrey+ shaharlarini hamda Gilad bilan Bashanni bosib oldik. 11  Bashan shohi O‘g rafaimlardan oxirgisi edi. Uning tobuti* temirdan* yasalgan bo‘lib, u hanuzgacha ommonliklarning Rabba shahridadir. Asos qilib olingan tirsak bilan o‘lchanganda, uning uzunligi to‘qqiz tirsak*, eni to‘rt tirsak edi. 12  O‘sha paytda Arnon vodiysi yaqinidagi Aroyerdan+ tortib, Gilad tog‘li hududining yarmigacha bo‘lgan yerlarni mulk qilib oldik. Bu shaharlarni Ruben bilan Gad o‘g‘illariga berdim+. 13  Giladning qolgan qismini va O‘gning shohligiga qarashli butun Bashanni Manashe qabilasining yarmiga berdim+. Bashanga tegishli butun Argob hududi rafaimlarning yurti sifatida taniqli edi. 14  Manashening o‘g‘li Yovir+ gashurliklar bilan maxoliklarning+ chegarasigacha cho‘zilgan butun Argob hududini+ qo‘lga kiritdi. Bashanning ushbu qishloqlarini o‘z ismi bilan Xavot-Yovir*+ deb atadi va ular bugungacha shunday nomlanadi. 15  Giladni Moxirga berdim+. 16  Giladdan Arnon vodiysigacha bo‘lgan yerlarni Ruben bilan Gad o‘g‘illariga berdim+. Vodiyning o‘rtasi ularning chegarasi hisoblanadi. Shuningdek, ommonliklarning chegarasi, Yavoq vodiysigacha bo‘lgan yerlarni ham ularga berdim. 17  Arabani, ya’ni Iordan daryosi va qirg‘oqlaridagi hududni, Keneretdan* Araba dengizigacha — sharq tomondagi Fisgax etaklaridagi Tuz dengizigacha* bo‘lgan yerlarni berdim+. 18  Keyin sizlarga shunday buyruq bergandim: “Xudoyingiz Yahova bu yurtga egalik qilishingiz uchun uni sizlarga berdi. Orangizdagi dovyurak erkaklar qurollarini ko‘tarib, birodarlaringiz, Isroil o‘g‘illari oldida daryoni kechib o‘tinglar+. 19  Faqatgina xotinlaringiz-u bola-chaqalaringiz va chorvangiz (chorvangiz juda ham ko‘p ekanini yaxshi bilaman) men sizlarga bergan shaharlarda yashab turishadi. 20  Yahova sizlarga tinchlik berganidek, birodarlaringizga ham xotirjamlik bermaguncha va Allohingiz Yahova ularga berayotgan Iordanning narigi tomonidagi yurtga egalik qilmagunlariga qadar, ular bilan birga bo‘linglar. So‘ng sizlar orqangizga qaytib, har biringiz men sizlarga bergan yerga egalik qilasizlar”+. 21  O‘shanda Yoshuaga+ buyruq bergandim: “Xudoyimiz Yahova bu ikkita shohga nima qilganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Sen borayotgan barcha shohliklar bilan ham Yahova shunday yo‘l tutadi+. 22  Ulardan qo‘rqma. Zero Allohing Yahova sen uchun jang qiladi”+. 23  O‘shanda Yahovaga shunday iltijo qilgan edim: 24  “Ey, Oliy Hukmdor Yahova, Sen xizmatkoringga buyukligingni-yu qudratli qo‘lingni ko‘rsatib kelyapsan+. Osmonda yoki yerda Sen ko‘rsatayotgan bunday qudratli ishlarni bajara oladigan xudo bormi?+ 25  Iltimos, Iordanning narigi tomoniga o‘tib hosildor yurtni — go‘zal tog‘li hududni va Livanni* ko‘rishimga izn ber”+. 26  Lekin sizlarning dastingizdan menga nisbatan Yahovaning g‘azabi bosilmagan edi+ va meni eshitishni xohlamadi. Yahova menga shunday dedi: “Bo‘ldi, yetar! Menga bu haqda boshqa og‘iz ochma. 27  Fisgax cho‘qqisiga+ ko‘taril-da, g‘arb, shimol, janub va sharq tomonga nazar tashlab, yurtni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘r. Ammo Iordanning narigi tomoniga o‘tmaysan+. 28  Yoshuani o‘zingning o‘rningga tayinla+ va unga dalda berib, qo‘llab-quvvatla. Chunki faqat u xalqning oldida borib+, daryoning narigi tomoniga o‘tadi va sen ko‘radigan yurtni meros qilib olishlariga yordam beradi”. 29  Bu voqealar Bayt-Piyor qarshisidagi vodiyda yashayotganimizda sodir bo‘lgan edi+.

Izohlar

Yoki «sarkofagi».
Boshqa variant «qora bazalt».
Bir tirsak=44,5 sm. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Ma’nosi «Yovirning chodirdan tuzilgan qishloqlari».
Aslida bu ko‘l. Muqaddas Kitobda Genisaret ko‘li, Jalila va Tiveriya dengizi deb nomlanadi.
Ya’ni O‘lik dengiz.
Yoki «Lubnonni».