Rut 1:1-22
1 Hakamlar+ boshqargan vaqtda, yurtda ocharchilik boshlandi. O‘shanda bir odam xotini va ikki o‘g‘li bilan Mo‘ab+ yurtida* musofir bo‘lib yashash uchun, Yahudodagi Baytlahmdan+ chiqib ketdi.
2 Bu kishining ismi Elimalek*, xotininiki Naima*, ikki o‘g‘lining ismi Maxlo‘n* va Xilyon* edi. Ular efratalik, ya’ni Yahudodagi Baytlahmdan edi. Shu yo‘sin, ular Mo‘ab yurtiga kelib joylashishdi.
3 Muayyan vaqtdan so‘ng, Naimaning eri Elimalek vafot etdi va u ikkala o‘g‘li bilan qoldi.
4 Uning o‘g‘illari mo‘ablik qizlarga uylanishdi. Ulardan birining ismi O‘rpa, ikkinchisining ismi Rut+ edi. Ular birgalikda o‘sha yerda qariyb o‘n yil yashaganidan so‘ng,
5 Maxlo‘n bilan Xilyon hayotdan ko‘z yumishdi. Shunday qilib, Naima eridan ham, ikkala farzandidan ham ayrilib qoldi.
6 Naima hali Mo‘ab yurtida bo‘lganida, Yahova O‘z xalqiga nazar solib, ularga rizqini bergani haqida eshitdi. Shunda u kelinlari bilan birga Mo‘ab yurtidan yo‘lga chiqdi.
7 Naima ikkala kelini bilan birga turar joyini tark etdi. Yahudo yurtiga ketayotib,
8 Naima ikkala keliniga: «Qizlarim, ikkovingiz ham onalaringizning uyiga qaytinglar. Marhum erlaringizga va menga mehr-sadoqat ko‘rsatganingizday, Yahova ham sizlarga mehr-sadoqatini namoyon etsin+.
9 Yahova har biringizni barakali qilib, erlaringizning uyida huzur-halovat ato etsin»+,— dedi-da, ularni o‘pdi. Shunda ular uvvos solib yig‘lay boshlashdi.
10 Kelinlari unga: «Yo‘q, biz ham siz bilan birga xalqingizning oldiga boramiz»,— deb aytishdi.
11 Ammo Naima shunday dedi: «Jon qizlarim, qaytinglar. Men bilan borib nima ham qilardingiz? Yana o‘g‘illar tug‘a olarmidimki, ular sizlarga umr yo‘ldosh bo‘la olsa?*+
12 Qayta qolinglar, qizlarim. Endi men turmush qurishga juda keksayib qolganman. Bordi-yu, shu kechaning o‘zida erga tegib, o‘g‘illar tug‘ishga umidim bo‘lgan taqdirda ham,
13 ular o‘sib ulg‘ayguncha kutgan bo‘larmidingiz? Ularni deb turmush qurmay yurarmidingiz? Yo‘q, qizlarim, sizlar uchun juda qayg‘uryapman, axir Yahovaning qo‘li menga qarshi ko‘tarilgan»+.
14 Ular yana uvvos solib yig‘lashdi. Keyin O‘rpa qaynonasini o‘pib, u bilan xayrlashdi-da, ketdi. Rut esa uning yonida qoldi.
15 Shunda Naima: «Mana, beva qolgan ovsiningiz o‘z xalqi va xudolarining yoniga qaytdi. Siz ham ovsiningiz ortidan keta qoling»,— dedi.
16 Lekin Rut shunday javob berdi: «Sizni qoldirib, qaytib ketishimni so‘ramang. Siz qayerga borsangiz, o‘sha yerga boraman. Siz qayerda tunasangiz, o‘sha yerda tunayman. Sizning xalqingiz mening xalqim, sizning Xudoyingiz mening Xudoyim bo‘ladi+.
17 Siz qayerda vafot etsangiz, men ham o‘sha yerda jon berib, o‘sha yerga dafn etilaman. Agar o‘limdan boshqa narsa meni sizdan ayirsa, Yahova meni ne ko‘yga solsa solsin, undan battarrog‘ini ham qilsin».
18 Naima Rutning u bilan birga ketishga qarori qat’iy ekanini ko‘rib, uni fikridan qaytarishga boshqa urinmadi.
19 Ikkovlari yo‘llarini davom ettirib, Baytlahmga kelishdi+. Ular Baytlahmga kirishlari bilanoq, butun shaharda shov-shuv ko‘tarildi. Ayollar: «Ie, bu o‘sha Naimami?» — deb aytishardi.
20 Shunda Naima: «Meni Naima emas, Mara* deb chaqiringlar. Chunki Qodir Tangri hayotimni achchiq qildi+.
21 Bu yerdan ketayotganimda har jihatdan to‘kis edim, ammo Yahova meni bo‘sh qo‘l bilan qaytardi. Yahova menga qarshi chiqib, Qodir Tangri boshimga musibat yog‘dirgan ekan, nega endi meni Naima deb chaqiryapsizlar?»+ — dedi.
22 Shu tariqa, Naima mo‘ablik kelini Rut bilan Mo‘ab yurtidan+ Baytlahmga keldi. Ular Baytlahmga qaytishganida, arpa o‘rim-yig‘imi boshlangan edi+.
Izohlar
^ Yoki «dalalarida».
^ Ma’nosi «Xudoyim Shohdir».
^ Ma’nosi «yoqimli».
^ Ehtimol, «zaiflashmoq; kasal bo‘lmoq», degan ibroniycha so‘zdan olingan.
^ Ma’nosi «nimjon; kuni bitayotgan».
^ Ma’nosi «achchiq».