Sahroda 16:1-50

  • Ko‘rax, Datan va Aburamning isyoni (1-19)

  • Isyonkorlar jazolanadi (20-50)

16  Levidan+ tug‘ilgan Qohot+ o‘g‘li Izxorning+ o‘g‘li Ko‘rax+ hamda Ruben+ qabilasidan Eliyobning+ o‘g‘illari Datan bilan Aburam va Palaf o‘g‘li On bir bo‘lib olishdi.  Ular Isroil xalqidan bo‘lgan 250 kishi — jamoa yo‘lboshchilari, jamoatning tanlangan, obro‘li kishilari bilan birgalikda Musoga qarshi chiqishdi.  Ular birgalashib Muso bilan Horunga qarshi chiqib+: «Bo‘ldi, yetar! Butun jamoa muqaddas+ va Yahova ularning orasida+. Nega endi sizlar o‘zingizni Yahovaning jamoatidan ustun qo‘yyapsizlar?!» — deyishdi.  Buni eshitgan Muso yerga yuztuban tiz cho‘kdi.  Keyin u Ko‘rax bilan uning barcha tarafdorlariga dedi: «Ertalab Yahova kim Unga tegishli+ ekanini, kim muqaddas bo‘lib, Unga yaqinlasha olishini+ ma’lum qiladi. U kimni tanlasa+, o‘sha Unga yaqinlashadi.  Ko‘rax, sen ham, barcha tarafdorlaring+ ham bunday qilinglar: olovkuraklaringizni olib+,  ertaga Yahovaning oldida ichiga olov solinglar-da, ustiga tutatqi qo‘yinglar. Yahova kimni tanlasa+, o‘sha muqaddasdir. Haddingizdan oshib ketdingiz, Levi o‘g‘illari!+»  Keyin Muso Ko‘raxga bunday dedi: «Ey Levi o‘g‘illari, iltimos gapimni tinglanglar.  Isroilning Xudosi Yahova sizlarni muqaddas chodiridagi xizmatni ado etishingiz va jamoa oldida turib ularga xizmat qilishingiz uchun+, Isroil jamoasi+ orasidan ajratib olib, O‘ziga yaqinlashtirgani sizlarga kamlik qildimi? 10  U seni hamda birodarlaring bo‘lmish Levi o‘g‘illarini O‘ziga yaqinlashtirgani kamlik qilganday, endi ruhoniylikka ham da’vo qilyapsizlarmi?+ 11  Sen va sening barcha tarafdorlaring aslida Yahovaga qarshi chiqyapsizlar. Horunga kelsak, u kim bo‘libdiki undan noliysizlar?»+ 12  Bundan so‘ng Muso Eliyobning o‘g‘illari Datan bilan Aburamni+ chaqirtirgani odam yubordi, ammo ular shunday deyishdi: «Bormaymiz! 13  Sahroda o‘ldirish uchun bizni sut bilan asal oqib yotgan yurtdan olib chiqqaning kamlik qildimi?+ Endi esa ustimizdan mutlaq hukmdor bo‘lmoqchimisan? 14  Bizni olib kirmoqchi bo‘lgan, sut bilan asal oqib yotgan o‘sha yurting+, meros qilib bermoqchi bo‘lgan dala-yu uzumzorlaring qani? Yoki o‘sha odamlarning* ko‘zini o‘yib olmoqchimisan? Biz bormaymiz!» 15  Shunda Musoning qattiq jahli chiqib, Yahovaga: «Ularning don nazrini qabul qilma. Men ularning birorta eshagini ham olmaganman, hech biriga ziyon ham yetkazmaganman»+,— deb aytdi. 16  So‘ng Muso Ko‘raxga dedi: «Ertaga tarafdorlaring bilan birga Yahovaning oldida hozir bo‘linglar. Sen ham, ular ham, Horun ham kelsin. 17  Har biri o‘z olovkuragini olib, ichiga tutatqi solsin-da, Yahovaning oldiga olib kelsin, jami 250 ta olovkurak bo‘lsin. Ular bilan birga sen ham, Horun ham, har biringiz o‘z olovkuragingizni olib kelinglar». 18  Shunday qilib, ularning har biri olovkuragiga cho‘g‘ solib, ustiga tutatqi qo‘ydi-da, Muso va Horun bilan birga uchrashuv chodirining kiraverishiga borib turdi. 19  Ko‘rax o‘z tarafdorlarini+ uchrashuv chodirining kiraverishida ularga qarshi to‘plaganida, Yahovaning ulug‘vorligi butun jamoaga ko‘rindi+. 20  Yahova Muso bilan Horunga: 21  «Bu to‘da orasidan ajralib chiqinglar va Men ularni bir lahzada yo‘q qilib yuboraman»+,— dedi. 22  Lekin ular yerga yuztuban tiz cho‘kib: «Ey Xudo, barchaga hayot baxsh etgan Alloh+, bitta odamning gunohi uchun butun jamoaga g‘azabingni sochasanmi?»+ — deb aytishdi. 23  Yahova Musoga javoban dedi: 24  «Jamoaga: “Ko‘rax, Datan va Aburamning+ chodirlaridan uzoqlashinglar”,— deb ayt». 25  Shunda Muso o‘rnidan turib, Isroil oqsoqollari+ bilan birga Datan bilan Aburamning oldiga bordi. 26  So‘ng Muso butun jamoaga: «Ularning gunohlari dastidan o‘lib ketmasliklaringiz uchun, iltimos, bu yovuz odamlarning chodirlaridan uzoqlashinglar va ularga tegishli hech bir narsaga tegmanglar»,— dedi. 27  Ular shu zahotiyoq Ko‘rax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqlashishdi. Datan bilan Aburam esa tashqariga chiqib, xotinlari, o‘g‘illari va yosh bolalari bilan birga chodirlarining kiraverishida turishdi. 28  Keyin Muso ularga bunday dedi: «Bu barcha ishlarni o‘z tashabbusim bilan emas, Yahova meni yuborgani uchun qilayotganimni shu tarzda bilib olasizlar: 29  bordi-yu, bu odamlar hamma insonlarga o‘xshab vafot etib, odamzodga berilgan jazoni olsa, meni Yahova yubormagan bo‘ladi+. 30  Agar Yahova g‘ayrioddiy bir narsa sodir etsa va yer yorilib, ularni hamda ularga tegishli narsalarni yutib yuborsa va ular tiriklayin go‘rga* kirib ketishsa, ular Yahovaga hurmatsizlik ko‘rsatishganini bilib olasizlar». 31  Muso gapini tugatishi bilanoq, ular turgan yer yorilib ketdi+. 32  Yer ochilib, ularni, ularning xonadon ahlini, Ko‘raxga tegishli odamlarni+ va ularning butun mol-mulkini yutib yubordi. 33  Shunday qilib, ular va ularga tegishli barcha odamlar tiriklayin go‘rga* kirib ketishdi. Ular yer ostida qolib, jamoat orasidan yo‘q bo‘lishdi+. 34  Atrofda turgan Isroil xalqi ularning qiy-chuvini eshitib: «Bizni ham yer yutib yubormasin!» — deya tumtaraqay qochishdi. 35  So‘ng Yahovaning huzuridan olov tushib+, tutatqi tutatgan 250 ta odamni yutib yubordi+. 36  Keyin Yahova Musoga dedi: 37  «Ruhoniy Horunning o‘g‘li Elazarga ayt, olov tushgan joydagi olovkuraklarni+ yig‘ishtirib olsin, chunki ular muqaddasdir. Shuningdek unga, cho‘g‘larni o‘sha joydan uzoqroqga sochib yuborishni buyur. 38  Gunoh qilib hayotidan* mahrum bo‘lganlarning olovkuraklaridan, qurbongohning ustiga yopiladigan tunukalar yasasin+. Ularni Yahovaning huzuriga olib kelishgani uchun, ular muqaddas bo‘lib qolgan. Ular Isroil o‘g‘illari uchun ogohlantiruvchi belgi bo‘lib xizmat qiladi»+. 39  Shunda ruhoniy Elazar olovda kuyib ketganlarning mis olovkuraklarini yig‘ib, qurbongohning ustiga yopiladigan tunuka yasadi. 40  Elazar Yahova Muso orqali buyurganday qildi. Bu, Horunning naslidan bo‘lak vakolati bo‘lmagan hech kim* Yahovaning huzurida tutatqi tutatmasligi+, hech kim Ko‘rax va uning tarafdorlari singari yo‘l tutmasligi kerakligini Isroil xalqiga eslatib turadi+. 41  Ertasi kuniyoq butun Isroil o‘g‘illarining jamoasi: «Sen ikkoving Yahovaning xalqini o‘ldirdilaring»,— deya Muso bilan Horundan nolidi+. 42  Butun jamoa Muso bilan Horunga qarshi to‘plandi. Shu payt ular uchrashuv chodiri tomonga o‘girilib, uni bulut qoplab olganini va Yahovaning ulug‘vorligi namoyon bo‘layotganini ko‘rishdi+. 43  Muso bilan Horun uchrashuv chodirining oldiga borishdi+ 44  va Yahova Musoga: 45  «Bu jamoa orasidan ajralib chiqinglar va Men ularni bir lahzada yo‘q qilib yuboraman»+,— dedi. Shunda ular yerga yuztuban tiz cho‘kishdi+. 46  Muso esa Horunga: «Olovkuragingizga qurbongohdan+ cho‘g‘ solib, ustiga tutatqi qo‘ying-da, darhol jamoaning oldiga borib ularning gunohini yuving+. Chunki Yahovaning g‘azabi qaynab, o‘lat boshlanib ketdi!» — deb aytdi. 47  Muso aytganday, Horun darhol olovkuragini olib, jamoatning oldiga yugurib ketdi. O‘lat boshlanib ketganini ko‘rib, u olovkuragiga tutatqi soldi-da, xalqning gunohini yuva boshladi. 48  U o‘lganlar bilan tiriklar o‘rtasida turdi va nihoyat o‘lat to‘xtadi. 49  Ko‘raxning dastidan o‘lganlarni hisobga olmaganda, o‘latdan 14 700 kishi halok bo‘ldi. 50  O‘lat to‘xtagach, Horun uchrashuv chodirining kiraverishida turgan Musoning oldiga qaytdi.

Izohlar

Isyonga qo‘shilgan odamlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
Yoki «jonidan».
So‘zma-so‘z «begona».