Sahroda 36:1-13

  • Merosxo‘r qizlarga oid qonun (1-13)

36  Gilad avlodlarining xonadon boshlari Muso hamda yo‘lboshchilar, ya’ni Isroil o‘g‘illarining xonadon boshlari oldiga kelishdi. Gilad Moxirning o‘g‘li+, Manashening nevarasi, Yusufning evarasi edi.  Ular mana bunday deyishdi: «Yurtni qur’a tashlab+ meros sifatida Isroil o‘g‘illariga bo‘lib berishni Yahova taqsirimizga buyurgan edi. Bundan tashqari, Yahova taqsirimizga birodarimiz Zalofxodning merosini qizlariga bo‘lib berishni amr etgan edi+.  Agar ularga Isroilning boshqa qabilasidan bo‘lgan kishilar uylanishsa, unda bu qizlarning merosi otalarimizning merosidan bo‘linib, ular turmushga chiqqan kishilar mansub bo‘lgan qabilaning merosiga qo‘shilib qoladi. Shunda ularning merosi qur’a bo‘yicha bizga tekkan merosdan ajratib olinadi.  Isroil xalqi uchun Ozodlik yili+ kelganida, bu qizlarning merosi ular turmushga chiqqach mansub bo‘ladigan qabilaning merosiga qo‘shilib qoladi. Shu tariqa ularning merosi otalarimiz qabilasining merosidan ajratib olinadi».  Shunda Muso Yahovaning ko‘rsatmasi bo‘yicha, Isroil o‘g‘illariga bunday buyruq berdi: «Yusuf o‘g‘illarining qabilasi to‘g‘ri aytyapti.  Yahova Zalofxodning qizlari borasida shularni buyurdi: “Ular o‘zlariga yoqqan kishiga turmushga chiqishlari mumkin. Lekin o‘z otalarining qabilasiga mansub bo‘lgan kishigagina turmushga chiqishsin.  Isroil o‘g‘illarining har biri o‘z ota-bobolari mansub bo‘lgan qabilaning merosini saqlab qolishi uchun, ularning merosi bitta qabiladan boshqa qabilaga o‘tmasin.  Isroil o‘g‘illarining har biri o‘z ota-bobolariga tekkan merosga egalik qilishlari uchun, Isroil o‘g‘illari qabilalari orasidan meros olgan har bir qiz, faqat otasining qabilasiga mansub bo‘lgan kishiga turmushga chiqsin+.  Isroil o‘g‘illarining har bir qabilasi o‘z merosini saqlab qolishi uchun, ularning merosi bitta qabiladan boshqa qabilaga o‘tmasin”». 10  Zalofxodning qizlari Yahova Musoga buyurganday qilishdi+. 11  Zalofxodning qizlari Maxlo, Tirza, Xo‘glax, Milxo va Nuvah+ amakilarining o‘g‘illariga turmushga chiqishdi. 12  Ularning merosi otalarining qabilasiga tegishli bo‘lib qolishi uchun, ular Yusufning o‘g‘li Manashe xonadonidan bo‘lgan kishilar bilan turmush qurishdi. 13  Yahova Mo‘ab dashtlarida, Iordan bo‘yida, ya’ni Yerixo yaqinida+ Muso orqali Isroil o‘g‘illariga bergan amrlar va qoidalar shulardan iboratdir.

Izohlar