Voiz 2:1-26
2 So‘ngra men o‘zimga: «Kel, vaqtichog‘lik qilayin. Qani, u yaxshilik keltirarmikan?!» — deb aytdim. Qarasam, bu ham behuda ekan!
2 Kulgi haqida: «Telbalik!»
Vaqtichog‘lik haqida: «Undan ne foyda?» — deb aytdim.
3 Sharobdan lazzatlanib ko‘rishga ahd qildim+, ammo es-hushimni yo‘qotmadim. Hatto o‘zimni ahmoqga solib, yer yuzidagi besh kunlik umrida inson uchun qanday yaxshi narsa borligini bilmoqchi bo‘ldim.
4 Men buyuk ishlarni amalga oshirdim+: o‘zim uchun uylar qurib+, uzumzorlar o‘tqazdim+,
5 bog‘-rog‘lar barpo etib, ularga har turli mevali daraxtlar ekdim.
6 Daraxtzorda* yashnab turgan daraxtlarni sug‘orish uchun hovuzlar bunyod etdim.
7 Uyimda tug‘ilgan qullarimdan tashqari yana qul-u cho‘rilar+ sotib oldim. Ko‘pdan-ko‘p chorvam — qoramol-u qo‘y-echkilarimning+ soni Quddusda mendan avval yashaganlarnikidan ham oshib ketdi.
8 O‘zim uchun kumush-u oltin jamladim+, shohlardan, viloyatlardan keltirilgan xazinalarni to‘pladim+. Huzurimga erkag-u ayol qo‘shiqchilarni, shuningdek, inson o‘g‘illariga ulkan zavq baxsh etadigan ayollarni, ha, ko‘pdan-ko‘p ayollarni keltirdim.
9 Men tobora yuksalib, Quddusda mendan avval yashaganlardan ham o‘zib ketdim+. Donolikdan esa ayrilmadim.
10 Ko‘zimga yaxshi ko‘ringan hech narsadan o‘zimni mahrum etmadim+. Ko‘nglim tusagan hech bir ko‘ngilxushlikdan voz kechmadim. Astoydil qilgan mehnatimdan qalbim shodlikka to‘ldi, zotan bu, qilgan mehnatim uchun mukofot* edi+.
11 Ammo qo‘llarim bilan qilgan mehnatim, chekkan zahmatim+ borasida fikr yuritib, bularning bari behuda, shamol ortidan quvishday ekanini+, quyosh ostida hech bir arzigulik narsa yo‘q ekanini anglab yetdim+.
12 Keyin diqqatimni donolik, telbalik va ahmoqlik nimaligini bilishga qaratdim+. (Shohdan keyin keladigan inson nima ham qila olardi? Odamlar qilib kelgan ishni qiladi, xolos.)
13 Shunda men yorug‘lik zulmatdan afzal bo‘lganiday, donolik ham ahmoqlikdan afzal ekanini tushunib yetdim+.
14 Dono yurar yo‘lini aniq ko‘radi+, nodon esa zulmatda yuradi+. Lekin ikkovining ham boradigan joyi bir ekanini anglab yetdim+.
15 Men o‘zimga: «Nodonning boshiga tushgan ko‘rgilik, mening ham boshimga tushar ekan»+,— dedim. Unda, bunchalar dono bo‘lishdan menga ne foyda? Shu bois: «Bu ham behuda»,— deb aytdim.
16 Dononi ham, nodonni ham hech kim abadiy eslab yurmaydi+. Kelajakda hamma unutiladi. Nodon kabi, dono ham o‘ladi+.
17 Hayotdan nafratlanib ketdim+, quyosh ostida qilinayotgan har narsadan ko‘nglim sovidi. Chunki hammasi behuda+, shamol ortidan quvishday ekan+.
18 Quyosh ostida qilgan mehnatimdan nafratlandim+. Chunki hammasini mendan keyin keladigan odamga qoldirib ketishim kerak+.
19 U odam dono yoki ahmoq bo‘lishini kim biladi?+ Ammo u, men quyosh ostida og‘ir mehnat va donolik ila erishgan barcha narsalarga egalik qiladi. Bu ham behudadir.
20 Shunda quyosh ostida zahmat chekib, qilgan mehnatimni o‘ylab yuragim achishib ketdi.
21 Boisi, inson donolik, bilim va mahorat ila mehnat qiladi, ammo uning topgan-tutgani mehnat qilmagan odamga qoladi+. Bu, behuda va ulkan fojiadir.
22 Quyosh ostida qilgan mehnatidan va mehnat qilishga bo‘lgan ishtiyoqidan insonga ne foyda?+
23 Umr bo‘yi qilgan ishi unga qayg‘u-alam keltiradi+, hatto kechalari ham joni orom olmaydi+. Bu ham behudadir.
24 Inson uchun yeb-ichib, qilgan mehnatining rohatini ko‘rishdan yaxshiroq narsa yo‘q ekan+. Bu, Allohning in’omi ekanini tushunib yetdim+.
25 Axir mendan ko‘ra yaxshiroq yeb-ichadigan yana kim bor?!+
26 Xudo Unga ma’qul bo‘lgan odamga donolik, bilim va quvonch ato etadi+. Gunohkorga esa mol-dunyo topish vazifasini topshiradi, so‘ngra Alloh uning topgan-tutganini O‘ziga yoqqan kishiga beradi+. Bu ham behuda va shamolning ortidan quvishdaydir.