Xaggey 1:1-15

  • Ma’bad qayta qurilmagani uchun tanbeh (1-11)

    • «Yog‘och bilan bezatilgan uylarda yashashning vaqtimi?» (4)

    • «Nimalar qilayotganingiz haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar» (5)

    • Ko‘p urug‘ ekib, kam hosil yig‘ish (6)

  • Xalq Yahovaning so‘zlariga quloq soladi (12-15)

1  Shoh Doro* hukmronligining ikkinchi yili, oltinchi oyi, birinchi kunida Yahudo hokimi Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel+ hamda Yohuzadax o‘g‘li oliy ruhoniy Yoshuaga Xaggey* payg‘ambar+ orqali Yahova quyidagi so‘zlarini ayon qildi:  «Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Bu xalq: “Yahovaning uyi qayta quriladigan vaqt hali kelmadi”+,— deydi”».  Xaggey payg‘ambar+ orqali Yahova quyidagi so‘zlarni ham ayon qildi:  «Mening uyim buzilib yotgan bir paytda, sizlar uchun yog‘och bilan bezatilgan uylarda yashashning vaqtimi?!+  Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Nimalar qilayotganingiz haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar.  Sizlar ko‘p urug‘ ekasiz-u, kam hosil yig‘asiz+. Eysiz-u, to‘ymaysiz. Ichasiz-u, chanqog‘ingiz bosilmaydi. Kiyinasiz-u, hech biringiz isinmaysiz. Mehnat qilib topgan pulingizni teshik hamyonga solasiz”».  «Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Nimalar qilayotganingiz haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar”.  Yahova shunday demoqda: “Tog‘ga chiqib, yog‘och olib kelinglar+. Mening uyimni quringlar+, toki undan mamnun bo‘lib ulug‘lanay”+».  «Sizlar mo‘l hosil kutdingiz-u, kam yig‘ib oldingiz. Yiqqaningizni uyga keltirganingizda, Men bir puflab uni uchirib yubordim+. Nega? — demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova. — Chunki har biringiz uyim-joyim deb yelib yugurasiz, Mening uyim esa vayron bo‘lib yotibdi+. 10  Shuning uchun osmon shudringini, yer esa hosilini bermay qo‘ydi. 11  Men yurtingizga va tog‘larga qurg‘oqchilik yubordim. Shu bois g‘alla, sharob, moy va o‘simliklar nobud bo‘lyapti. O‘zingiz-u chorvangiz qiynalib, behudaga og‘ir mehnat qilyapsiz». 12  Shaltiyol+ o‘g‘li Zarubabel+, Yohuzadax+ o‘g‘li oliy ruhoniy Yoshua va surgundan qaytgan xalq Tangrisi Yahovaning hamda Xaggey payg‘ambarning so‘zlariga quloq solishdi. Chunki Xaggeyni ularning Xudosi Yahova yuborgan edi. Shunda xalq Yahovadan qo‘rqadigan bo‘ldi. 13  So‘ng Yahovaning xabarchisi Xaggey Yahovaning topshirig‘iga ko‘ra, xalqga mana shu xabarni yetkazdi: «“Ey odamlar, Men sizlar bilanman”+,— demoqda Yahova». 14  Yahova Yahudo hokimi+ Shaltiyol o‘g‘li Zarubabelning, Yohuzadax o‘g‘li oliy ruhoniy Yoshuaning+ hamda surgundan qaytgan butun xalqning yuragida istak uyg‘otdi*+ va ular kelib, Qo‘shinlar Sarvari Tangrisi Yahovaning uyini qayta qurishga kirishdilar+. 15  Bular shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili+, oltinchi oyi, 24- kunida sodir bo‘ldi.

Izohlar

Doro I yoki Buyuk Doro.
Ma’nosi «bayramda tug‘ilgan».
So‘zma-so‘z «ruhini qo‘zg‘atdi».