Yeremiyo 27:1-22
27 Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim* hukmronligining boshida Yahova Yeremiyoga quyidagi so‘zini ayon qildi:
2 «Yahova menga shunday dedi: “O‘zing uchun qayishlar va bo‘yinturuq* tayyorlab, ularni bo‘yningga taq.
3 Keyin ularni Yahudo shohi Zidqiyoning oldiga, Quddusga kelgan elchilar orqali Edom+, Mo‘ab+, ommonliklar+, Tir+ va Sidon+ shohlariga jo‘nat.
4 Elchilar xo‘jayinlariga yetkazishlari uchun ularga quyidagilarni buyur:
“Xo‘jayinlaringizga aytinglar, Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda:
5 “Yerni, insoniyatni va yer yuzidagi hayvonlarni buyuk qudratim va kuchli qo‘lim bilan yaratgan Menman. Bularning barchasini O‘zimga ma’qul bo‘lgan kishiga beraman+.
6 Mana, bu barcha yurtlarni Bobil shohi, xizmatchim Navuxodonosorning+ qo‘liga berdim. Hatto dashtdagi yirtqich hayvonlarni ham unga bo‘ysundirdim.
7 Uning shohligiga ajratilgan vaqt tugab+, ko‘pgina xalqlar va buyuk shohlar uni qul qilib oladigan payt kelmaguncha+, barcha xalqlar unga, o‘g‘illariga va nevaralariga xizmat qilishadi”.
8 “Bordi-yu, biror xalq yoki shohlik Bobil shohi Navuxodonosorga xizmat qilishdan bosh tortsa va Bobil shohining bo‘yinturug‘i bo‘yniga solinishini rad etsa, o‘sha xalqni shohning qo‘li bilan yo‘q qilmagunimcha ularni qilich+, ocharchilik va o‘lat bilan jazolayman”,— demoqda Yahova.
9 Shu bois, sizlarga: “Bobil shohiga xizmat qilmaysizlar”,— deyayotgan payg‘ambarlar, folbinlar, tushlar ko‘rib bashorat qiluvchilar, afsungarlar-u sehrgarlaringizga quloq solmanglar.
10 Chunki ular sizlarga yolg‘onni bashorat qilishyapti. Ularga quloq solsangiz, yurtingizdan olisga olib ketilasiz va Men sizlarni tarqatib, yo‘q qilib yuboraman.
11 “Biroq Bobil shohining bo‘yinturug‘iga bo‘yin eggan va unga xizmat qilgan xalqga o‘z yurtida qolishiga, unga ishlov berib yashashiga izn beraman”,— demoqda Yahova».
12 Yahudo shohi Zidqiyoga+ ham xuddi shu so‘zlarni aytdim: «Bobil shohining bo‘yinturug‘iga bo‘yin eginglar, unga va xalqiga xizmat qilinglar, shunda joningizni saqlab qolasizlar+.
13 Nega sen va xalqing o‘lishingiz kerak? Axir Yahova Bobil shohiga xizmat qilishni istamagan xalq qilich+, ocharchilik+ va o‘latdan+ halok bo‘ladi, degan edi-ku!
14 Sizlarga: “Bobil shohiga xizmat qilmaysizlar”+,— deyayotgan payg‘ambarlarga quloq solmanglar. Chunki ular sizlarga yolg‘onni bashorat qilishyapti+.
15 “Men ularni yuborganim yo‘q, — demoqda Yahova. — Ular Mening nomimdan yolg‘onni bashorat qilishyapti va agar ularga quloq solsangiz, Men sizlarni tarqatib, yo‘q qilib yuboraman. Sizlarni ham, sizlarga bashorat qilayotgan payg‘ambarlarni ham shu ko‘yga solaman”»+.
16 Men ruhoniylar va butun xalqga shunday dedim: «Yahova demoqda: “Sizlarga bashorat qilib: “Mana, Yahova uyining anjomlari tez orada Bobildan qaytarib olib kelinadi!”+ — deyayotgan payg‘ambarlaringizning so‘zlariga quloq solmanglar. Chunki ular sizlarga yolg‘onni bashorat qilishyapti+.
17 Ularga quloq solmanglar. Bobil shohiga xizmat qilinglar, shunda joningizni saqlab qolasizlar+. Yo‘qsa, bu shahar vayron bo‘ladi!
18 Agar ular payg‘ambar bo‘lishsa va ularda Yahovaning so‘zi bo‘lsa, Yahovaning uyidagi, Yahudo shohining saroyidagi va Quddusdagi anjomlar Bobilga olib ketilmasligi uchun Qo‘shinlar Sarvari Yahovaga yolvorishsin”.
19 Qo‘shinlar Sarvari Yahova ustunlar+, quyma hovuz*+, aravalar+ va shaharda qolgan boshqa anjomlar haqida shunday demoqda,
20 (Bobil shohi Navuxodonosor Yahudo shohi Yohayiqim o‘g‘li Yoxoniyo bilan birga Yahudo va Quddusning barcha asilzodalarini Quddusdan Bobilga surgun qilganida, bu ashyolarni olib ketmagan edi)+
21 ha, Yahovaning uyida, Yahudo shohining saroyida va Quddusda qolgan anjomlar borasida Isroil Xudosi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda:
22 “Bu narsalar Bobilga olib ketiladi+ va Men ularni yodga oladigan kun kelmaguncha, ular o‘sha yerda qoladi, — demoqda Yahova. — Keyin Men ularni qaytarib olib kelaman va shu yerga joylashtiraman”»+.
Izohlar
^ Ayrim qadimiy qo‘lyozmalarga ko‘ra «Zidqiyo».
^ So‘zma-so‘z «bo‘yinturuqlar».
^ Ya’ni ma’baddagi mis dengiz.