Yeremiyoning marsiyasi 5:1-22

  • Xalqning qayta tiklanish haqidagi ibodati

    • «Boshimizga qanday ko‘rgilik tushganini yodda tut» (1)

    • «Holimizga voy, chunki biz gunoh qildik!» (16)

    • «Ey Yahova, bizni O‘zingga qaytar» (21)

    • «Qani endi hammasi avvalgiday bo‘lsa» (21)

5  Ey Yahova, boshimizga qanday ko‘rgilik tushganini yodda tut. Qara, isnodga qolganimizni ko‘rib qo‘y+.   Mulkimiz begonalar qo‘liga, uylarimiz chet elliklar ixtiyoriga o‘tdi+.   O‘zimiz esa otasiz yetimday bo‘lib qoldik, onalarimiz bevalarga o‘xshab qoldi+.   Ichadigan suvimiz va o‘tinimiz uchun pul to‘lashga majburmiz+.   Ta’qib qiluvchilar bizlarni tutib olishiga oz qoldi.Biz holdan toydik, bizga tinim yo‘q+.   Nonga to‘yish uchun Misr+ bilan Ossuriyaga umid bog‘ladik+.   Ota-bobolarimiz gunoh qilib o‘tib ketdi, ammo qilmishlarining jabrini biz tortyapmiz.   Xizmatkorlar ustimizdan hukmronlik qilyapti. Bizni ularning qo‘lidan qutqaradigan hech kim yo‘q.   Cho‘lda qilich ko‘tarib yurganlar dastidan, hayotimizni xavf ostiga qo‘yib non topyapmiz+. 10  Ochlik azobidan terimiz o‘choqday qizigan+. 11  Siondagi xotinlar, Yahudo shaharlaridagi qizlar kamsitildi*+. 12  Beklar qo‘llaridan osib qo‘yildi+, qariyalarga hurmat ko‘rsatilmadi+. 13  Yigitlar qo‘l tegirmonini ko‘tarib yurdi, o‘g‘il bolalar o‘tinlarning og‘irligidan gandiraklab qoldi. 14  Shahar darvozasida oqsoqollar o‘tirmaydigan bo‘ldi+, yigitlar musiqa chalmay qo‘ydi+. 15  Ko‘nglimizni shodlik tark etdi, raqslarimiz azaga aylandi+. 16  Boshimizdagi tojimiz tushib ketdi. Holimizga voy, chunki biz gunoh qildik! 17  Shu sababdan yuragimiz dardu alamga to‘la+.Bu narsalardan ko‘zlarimiz xiralashib qoldi+. 18  Sion tog‘i huvullab yotgani uchun shu ahvoldamiz+. U yerda tulkilar izg‘ib yuribdi. 19  Sen esa, ey Yahova, taxtingda abadiy o‘tirasan. Taxting avlodlar osha turaveradi+. 20  Nega bizni butunlay unutding? Nega bizni uzoq vaqtga tashlab ketding?+ 21  Ey Yahova, bizni O‘zingga qaytar va biz bajonidil Senga qaytamiz+. Qani endi hammasi avvalgiday bo‘lsa+. 22  Lekin Sen bizni tamoman rad etding. Bizdan qattiq g‘azabdasan+.

Izohlar

Yoki «zo‘rlandi».