Yoshua 10:1-43

  • Isroil Givonni himoyalaydi (1-7)

  • Yahova Isroil uchun jang qiladi (8-15)

    • Dushmanlar ustiga tosh yog‘iladi (11)

    • Quyosh to‘xtaydi (12-14)

  • Beshta shoh o‘ldiriladi (16-28)

  • Janubdagi shaharlar zabt etiladi (29-43)

10  Quddus shohi Odonisidiq, Yoshua Ay shahrini bosib olib yo‘q qilganini, Yerixo va uning shohi+ bilan nima qilgan bo‘lsa, Ay hamda uning shohiga+ ham shunday qilganini va Givon aholisi Isroil xalqi bilan sulh tuzib+, ularning orasida yashayotganini eshitgach,  vahimaga tushib qoldi+. Chunki Givon, shoh boshqaradigan katta shaharlar kabi ulkan shahar edi. Givon Aydan+ ham kattaroq shahar bo‘lib, erkaklarining barchasi jangchilar edi.  Quddus shohi Odonisidiq Xevron+ shohi Xo‘xamga, Yarmut shohi Piromga, Laxish shohi Yofiyaga hamda Eglon shohi+ Debirga quyidagi xabarni yubordi:  «Menga yordamga kelinglar. Givonga hujum qilamiz, chunki ular Yoshua va isroilliklar bilan sulh tuzishibdi»+.  Shunda amoriylarning+ beshta shohi — Quddus, Xevron, Yarmut, Laxish va Eglon shohlari qo‘shinlari bilan birgalikda yig‘ilishdi. Ular jang qilish maqsadida Givonga qarshi yurish qilib, uni qurshab olishdi.  Keyin Givon aholisi Gilgaldagi qarorgohga+, Yoshuaga shunday xabar yubordi: «Qullaringizni tashlab qo‘ymang+. Tezroq kelib, bizni qutqaring! Bizga yordam bering! Chunki tog‘li hududdagi amoriylarning barcha shohlari bizga qarshi to‘planishdi».  Yoshua barcha askarlari-yu qudratli jangchilari bilan Gilgaldan yo‘lga chiqdi+.  Yahova Yoshuaga: «Ulardan qo‘rqma+, chunki Men ularni sening qo‘lingga berdim+. Hech biri senga qarshi tura olmaydi»+,— dedi.  Yoshua Gilgaldan chiqqach, tuni bilan yo‘l yurib, kutilmaganda ularning qarshisidan chiqdi. 10  Yahova Isroilning oldida ularni sarosimaga soldi+ va isroilliklar Givonda ularning ko‘pini qirib tashlashdi. Bayt-Xo‘ronga ko‘tariladigan yo‘l bo‘ylab ularni ta’qib etib, Ozikah bilan Makkedogacha ularni o‘ldirib borishdi. 11  Ular isroilliklardan qochib Bayt-Xo‘rondan tushayotganlarida, Yahova Ozikahga qadar ularning ustiga osmondan katta toshlarni yog‘dirdi va ular halok bo‘lishdi. Isroilliklarning qilichidan o‘lganlarning soniga qaraganda, tosh yoqqani dastidan o‘lganlarning soni ko‘proq edi. 12  Yahova isroilliklarning ko‘z o‘ngida amoriylarni tor-mor qilgan kuni, Yoshua Isroil o‘g‘illarining oldida Yahovaga shunday dedi: «Ey quyosh, Givon+ uzra tur+.Oy, sen esa, Oyjavlon vodiysi ustida to‘xta!» 13  Shunday qilib, xalq o‘z dushmanlaridan o‘ch olmaguncha, quyosh ham, oy ham o‘z joyida turdi. Axir Yoshur kitobida bu narsalar yozilgan-ku!+ O‘sha kuni quyosh botmay, osmonning qoq o‘rtasida turdi, kun bo‘yi botishga shoshilmadi. 14  Avval ham, keyin ham Yahova insonning so‘zini tinglagan bu kunga o‘xshagan kun bo‘lmagan+. Chunki shu kuni Yahova Isroil uchun jang qildi+. 15  Bundan so‘ng, Yoshua butun Isroil o‘g‘illari bilan Gilgaldagi qarorgohga+ qaytib keldi. 16  Bu vaqt orasida beshta shoh qochib ketib, Makkedodagi+ g‘orga yashirinib oldi. 17  Yoshuaga: «Beshta shoh topildi, ular Makkedodagi+ g‘orga yashirinib olishgan ekan»,— degan xabar keldi. 18  Shunda Yoshua dedi: «G‘or og‘ziga katta toshlarni dumalatib qo‘yinglar va ularni qo‘riqlash uchun kishilar tayinlanglar. 19  Ammo sizlar to‘xtab qolmanglar, dushmanlaringizni ta’qib etib, ularga orqadan hujum qilinglar+. O‘z shaharlariga kirib, yashirinib olishlariga yo‘l qo‘ymanglar. Boisi, Allohingiz Yahova ularni qo‘lingizga berdi». 20  Yoshua bilan isroilliklar dushmanlarining ko‘pini qirib tashlashdi, omon qolganlari esa mustahkam shaharlarga qochib borib, yashirinishdi. 21  Isroilning barcha erkaklari Makkedodagi qarorgohga, Yoshuaning oldiga sog‘-omon qaytib kelishdi. Isroilliklarga qarshi birorta so‘z aytishga hech kimning yuragi dov bermadi. 22  Keyin Yoshua: «G‘orning og‘zini ochib, beshta shohni mening yonimga keltiringlar»,— dedi. 23  Shunda ular beshta shohni — Quddus, Xevron, Yarmut, Laxish hamda Eglon shohlarini g‘ordan olib chiqib, Yoshuaning oldiga keltirishdi+. 24  Shohlarni olib kelishgach, Yoshua Isroilning hamma erkaklarini chaqirdi va u bilan borgan jangchilar qo‘mondonlariga: «Yaqinroq kelinglar. Bu shohlarning gardaniga oyoqlaringizni qo‘yinglar»,— dedi. Ular yaqinroq kelib, oyoqlarini shohlarning gardaniga qo‘yishdi+. 25  Yoshua ularga dedi: «Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar+. Jasoratli va mahkam bo‘linglar, chunki Yahova siz jang qilayotgan dushmanlaringizning barchasiga xuddi shunday qiladi»+. 26  So‘ng, Yoshua shohlarni o‘ldirib, jasadlarini beshta ustunga* osib qo‘ydi. Ularning jasadlari kechqurungacha ustunlarda osilib turdi. 27  Quyosh botar chog‘ida, Yoshua ularning jasadlarini ustunlardan tushirib+, ularni o‘zlari yashiringan g‘orga tashlab yuborishni buyurdi. Keyin g‘orning og‘ziga katta toshlarni yumalatib qo‘yishdi. Bu toshlar bugungacha o‘sha yerdadir. 28  O‘sha kuni Yoshua Makkedoni+ bosib oldi va uning aholisini qilichdan o‘tkazdi. U shohni va shahardagi har bir kishini yo‘q qildi, bitta ham tirik jon qoldirmadi+. Yerixo shohi bilan qanday yo‘l tutgan bo‘lsa, Makkedo shohiga+ ham xuddi shunday qildi. 29  So‘ngra Yoshua butun Isroil o‘g‘illari bilan Makkedodan yo‘lga chiqib Libnaga+ bordi va Libnaga qarshi jang qildi. 30  Yahova Libnani va uning shohini+ ham Isroil o‘g‘illari qo‘liga topshirdi va ular bitta qoldirmay, shahardagi hamma odamlarni qilich tig‘idan o‘tkazishdi. Shu yo‘sin ular, Yerixo shohiga nima qilishgan bo‘lsa, Libnaning shohi bilan ham shunday yo‘l tutishdi+. 31  Bundan keyin, Yoshua Isroil o‘g‘illari bilan Libnadan Laxish+ tomonga yo‘l oldi. U yerda qarorgoh qurib, Laxishga qarshi urush ochdi. 32  Yahova Laxishni Isroil o‘g‘illarining qo‘liga berdi va ular ikkinchi kuni Laxishni zabt etishdi. Ular Libnada qilishganidek, Laxish shahridagi hamma odamlarni qilichdan o‘tkazishdi+. 33  Shunda Gezer+ shohi Xo‘rom Laxishga yordamga keldi, lekin Yoshua uni va uning xalqini qirib tashladi. Bitta ham kishini omon qoldirmadi. 34  Keyin Yoshua Isroil o‘g‘illari bilan Laxishdan Eglonga+ qarab yurdi. U yerda qarorgoh qurib, Eglonga qarshi urush qildi. 35  O‘sha kuni ular Eglonni bosib olishdi va aholisini qilichdan o‘tkazishdi. Laxishda qilganlaridek, o‘sha kuni Eglondagi barchani yo‘q qilishdi+. 36  Bundan so‘ng, Yoshua Isroil o‘g‘illari bilan Eglondan Xevronga+ bordi va unga qarshi jang qildi. 37  Ular Xevronni zabt etib, aholisini qirib tashlashdi. Uning shohini va shaharlaridagi barchani bitta qoldirmay qilichdan o‘tkazishdi. Ular Eglonda qilishganidek, Xevrondagi hamma odamlarni yo‘q qilib tashlashdi. 38  Oxiri Yoshua Isroil o‘g‘illari bilan Debir+ tomonga burilib ketdi va unga qarshi urush ochdi. 39  Yoshua Debirni, uning shohini va barcha shaharlarini qo‘lga kiritdi. Ular barchani bitta qoldirmay qilichdan o‘tkazishdi+. U Xevron hamda Libna va uning shohi bilan nima qilgan bo‘lsa, Debir va uning shohiga xuddi shunday qildi. 40  Yoshua barcha yerlarni — o‘rtadagi tog‘li hududni, Nagavni, Shefelani+, qiyaliklarni va o‘sha yerlarning hamma shohlarini mag‘lub qildi. U, Isroil Xudosi Yahovaning amriga binoan+ bitta ham kishini* omon qoldirmay qirib tashladi+. 41  Yoshua Kadesh-Barnadan+ tortib G‘azogacha+ hamda butun Go‘shen+ diyorini va Givongacha+ bo‘lgan yerlarni bosib oldi. 42  Yoshua bir yurishning o‘zidayoq o‘sha shohlarni va ularning yerlarini qo‘lga kiritdi, chunki Isroil xalqi uchun Tangri Yahovaning O‘zi jang qildi+. 43  Keyin Yoshua Isroil o‘g‘illari bilan Gilgaldagi qarorgohga+ qaytdi.

Izohlar

Yoki «daraxtga».
So‘zma-so‘z «nafas oladiganni».