Yoshua 14:1-15
14 Ruhoniy Elazar, Nun o‘g‘li Yoshua va Isroil qabilalarining xonadonlar boshlari, Kan’on yurtida isroilliklarga meros sifatida mana shu yerlarni bo‘lib berishdi+.
2 Yahova Muso orqali amr etganiday, bu yerlar to‘qqizta va bitta qabilaning yarmiga qur’a* tashlab+ taqsimlab berildi+.
3 Boshqa ikkita qabilaga va bitta qabilaning yarmiga Muso Iordanning narigi tomonidan* meros berdi+. Levi o‘g‘illariga esa ularning orasida meros bermadi+.
4 Yusufning avlodlaridan ikkita qabila+, ya’ni Manashe va Efrayim+ kelib chiqdi. Ammo ular Levi o‘g‘illariga yurtda boshqa hech qanday ulush berishmadi+. Ularga shaharlar, chorvalari uchun yaylovlar hamda mol-mulk berildi, xolos+.
5 Shunday qilib, Yahova Musoga amr etganiday, isroilliklar yurtni taqsimlab olishdi.
6 So‘ng Yahudo qabilasining erkaklari Gilgalga+, Yoshuaning yoniga kelishdi va xanaziylardan bo‘lgan Yafunax o‘g‘li Xolib+ Yoshuaga shunday dedi: «Yahova Kadesh-Barnada+ O‘zining xizmatchisi Musoga+ ikkalamiz haqimizda nima deb aytganini yaxshi bilasiz+.
7 Yahovaning xizmatchisi Muso meni Kadesh-Barnadan yurtni ko‘rib kelish uchun yuborganida+ 40 yoshda edim. U yerdan qaytib kelganimda, bor haqiqatni ochiqchasiga aytib bergan edim+.
8 Garchi men bilan borgan birodarlarim xalqning ruhini tushirgan bo‘lishsa-da, men Xudoyim Yahovaga butun qalbim bilan ergashdim+.
9 Muso o‘sha kuni qasam ichib, shunday degan edi: “Qadaming yetgan yurtni senga va o‘g‘illaringga asrlar osha meros qilib beraman, chunki sen Xudoyim Yahovaga butun qalbing bilan ergashding”+.
10 Yahova Musoga va’da berganidan buyon+, Isroil o‘g‘illari sahroda 45 yil kezib yurishdi+. Shu vaqt mobaynida, Yahova hayotimni saqlab keldi+. Mana, hozir 85 yoshdaman.
11 Muso meni yuborgan kunda baquvvat bo‘lganimday, hozir ham shundayman. O‘shanda qanchalik kuchli bo‘lgan bo‘lsam, hozir ham jang qilishga va boshqa ishlarga kuchim yetadi.
12 Shu bois, Yahova o‘shanda va’da qilgan bu tog‘li hududni menga bering. U yerda Inoq avlodi+ borligini, shaharlari esa devor bilan o‘ralgan va juda katta ekanini o‘zingiz o‘sha kuni eshitgansiz+. Aminmanki, Yahova men bilan bo‘ladi+ va Yahova va’da berganiday, men ularni haydab chiqaraman»+.
13 Keyin Yoshua Yafunax o‘g‘li Xolibni duo qilib, unga Xevronni meros sifatida berdi+.
14 Xolib Isroil Xudosi Yahovaga butun qalbi bilan ergashgani uchun, Xevron bugungacha xanaziylardan bo‘lgan Yafunax o‘g‘li Xolibga tegishli+.
15 Xevron ilgari Xirat-Arba+ deb nomlanardi (Arba Inoq avlodi orasida ulug‘ inson edi). Yurtda janglar to‘xtab, tinchlik hukm surdi+.