Yoshua 17:1-18

  • Manashening g‘arbdagi merosi (1-13)

  • Yusuf avlodlariga berilgan qo‘shimcha yerlar (14-18)

17  Keyin Manashe+ qabilasi uchun qur’a tashlandi+, chunki u Yusufning to‘ng‘ichi edi+. Moxir+ Manashening to‘ng‘ichi va Giladning otasi bo‘lib, jangchi edi. Unga Gilad bilan Bashan yerlari berildi+.  Manashe avlodlarining qolgan qismi uchun ham oilalari bo‘yicha: Abuazarning+, Xalekning, Osriyolning, Shakamning, Xaferning va Shamidoning o‘g‘illariga qur’a tashlandi. Yusufning o‘g‘li Manashening avlodidan bo‘lgan erkaklar oilalari bo‘yicha shulardan iborat edi+.  Ammo Xafer o‘g‘li Zalofxodning+ o‘g‘illari yo‘q edi, uning faqat qizlari bor edi. Xafer Giladning, Gilad Moxirning, Moxir Manashening o‘g‘li edi. Zalofxod qizlarining ismlari quyidagilar: Maxlo, Nuvah, Xo‘glax, Milxo va Tirza.  Zalofxodning qizlari ruhoniy Elazarning+, Nun o‘g‘li Yoshuaning va yo‘lboshchilarning oldiga kelib: «Amakilarimiz orasidan bizga meros berishni Yahova Musoga amr etgan edi»+,— deb aytishdi. Shunda u Yahova buyurganiday, amakilari orasidan ularga meros berdi+.  Iordanning narigi tomonidagi* Gilad bilan Bashandan tashqari, Manashega yana o‘n ulush yer tegdi+.  Shu tariqa, Manashe qabilasidan bo‘lgan ayollar uning o‘g‘illari qatori meros olishdi. Gilad yeri esa, Manashe avlodlarining qolgan qismiga tegishli bo‘ldi.  Manashening chegarasi Osherdan boshlanib, Shakam+ qarshisidagi Mixmatitgacha+ cho‘ziladi. So‘ng chegara janub tomonga*, En-Tappux aholisi yashaydigan yerga yetadi.  Tappux+ yeri Manashe qabilasiga qarashli bo‘ldi, lekin Manashe qabilasining chegarasida joylashgan Tappux shahri Efrayim avlodlariga tegishli edi.  Keyin chegara Kanax vodiysiga, vodiyning janubiga tushadi. U yerda Manashe shaharlari orasida Efrayim qabilasining shaharlari bor+. Manashe chegarasi vodiyning shimolidan o‘tib, dengizga borib tugaydi+. 10  Janubdagi yerlar Efrayim qabilasiga, shimoldagi yerlar Manashega tegishli bo‘ldi. Dengiz Manashening chegarasi edi+. Manashening hududi shimolda Osher qabilasi hududi, sharqda Issaxor qabilasi hududi bilan chegaradosh edi. 11  Issaxor bilan Osher qabilalarining hududidan Bayt-Shiyon va Yiblayom+ hamda ularga qarashli* shaharchalar, Do‘r+ aholisi va unga qarashli shaharchalar, En-Do‘r+ aholisi va unga qarashli shaharchalar, Tanax+ aholisi va unga qarashli shaharchalar, Maxido‘ aholisi va unga qarashli shaharchalar Manashega berildi. Uchta tepalik ham unga tegishli bo‘ldi. 12  Ammo Manashe avlodlari bu shaharlarni qo‘lga kirita olishmadi. Kan’onliklar o‘jarlik qilib o‘sha yerlarda yashashni davom ettirishdi+. 13  Isroilliklar kuchaygach, kan’onliklarni majburlab o‘zlariga qul qilib olishdi+, biroq ularni butunlay haydab chiqarishmadi+. 14  Yusufning avlodlari Yoshuaning oldiga kelib: «Yahova shu paytgacha bizlarga baraka berayotgani uchun son-sanoqsiz bir xalqqa aylandik+. Nega biz uchun bir marta qur’a tashlab+, yurtning bir qisminigina ulush qilib berdingiz?» — deb aytishdi. 15  Yoshua ularga: «Agar son-sanoqsiz bir xalqqa aylangan bo‘lsangizlar va Efrayimning tog‘li hududi+ sizlarga torlik qilayotgan bo‘lsa, pariziylar+ va rafaimlarning+ yerlariga boringlar-da, o‘rmonni kesib tashlab o‘sha yerda yashanglar»,— deb javob berdi. 16  Yusufning avlodlari bo‘lsa: «Tog‘li hudud bizlarga torlik qiladi. Lekin vodiyda yashaydigan barcha kan’onliklarning — Bayt-Shiyon+ va unga qarashli shaharchalarda hamda Yizril vodiysida+ yashaydiganlarning temir chalg‘ili jang aravalari+ bor»,— deyishdi. 17  Shunda Yoshua Yusufning xonadoniga — Efrayim bilan Manashega mana bunday dedi: «Sizlar son-sanoqsiz va juda kuchli bir xalqsiz. Sizlarga nafaqat bir ulush yer+, 18  balki tog‘li hudud ham beriladi+. O‘rmonni kesib tashlanglar va u yer sizlarning chekka hududingiz bo‘ladi. Kan’onliklar kuchli bo‘lib, ularning temir chalg‘ili jang aravalari bor bo‘lsa ham, ularni quvib chiqarasizlar»+.

Izohlar

Ya’ni sharq tomonidagi.
So‘zma-so‘z «o‘ng tomonga».
Yoki «ularning atrofidagi».