Yoshua 2:1-24
2 Nun o‘g‘li Yoshua Shitimdan+ yashirincha ikki kishini ayg‘oqchi qilib yuborib, ularga: «Boringlar-da, yurtni, ayniqsa Yerixo shahrini ko‘zdan kechirib kelinglar»,— deb aytdi. O‘sha kishilar yo‘lga chiqib, Rahoba+ ismli bir fohisha ayolning uyiga borishdi va o‘sha yerda qolishdi.
2 Yerixo shohiga: «Bugun kechasi Isroil xalqidan bo‘lgan kishilar yurtimizga ayg‘oqchilik qilgani kelishibdi»,— degan xabar yetkazildi.
3 Shunda Yerixo shohi Rahobaga: «Uyingga kelgan kishilarni tashqariga chiqar. Ular yurtimizga ayg‘oqchilik qilish uchun kelgan»,— deb ayttirib yubordi.
4 Biroq Rahoba bu ikki kishini yashirib qo‘ygan edi. So‘rab kelganlarga esa shunday dedi: «Chindan ham, o‘sha kishilar menikiga kelishgan edi, lekin ular qayerdan kelishganini bilmagan edim.
5 Kech tushib, shahar darvozasi yopilay deganda, ular chiqib ketishdi. Ammo qayerga ketishganini bilmayman. Agar orqalaridan tezda yugurib borsangizlar, ularni tutib olasizlar».
6 (Rahoba esa ularni tomga, yoyib qo‘yilgan zig‘ir poyalar tagiga yashirib qo‘ygan edi.)
7 Shoh yuborgan kishilar, ularning orqasidan Iordanning kechuvi tomonga qarab yugurib ketishdi+. Ular shahardan chiqishlari bilanoq, shahar darvozalari yopildi.
8 Ikkita ayg‘oqchi uxlagani yotishdan avval, Rahoba ularning oldiga tomga chiqib,
9 quyidagilarni aytdi: «Yahova bu yurtni sizlarga berishini bilaman+. Barchamizni qo‘rquv bosgan+, butun yurt aholisi tushkunlikda+.
10 Chunki sizlar Misrdan chiqqaningizda, Yahova oldingizda Qizil dengiz suvlarini qanday quritganini+ va sizlar Iordanning narigi tomonida* amoriylarning ikkita shohi O‘g+ bilan Sixo‘nni+ butunlay yo‘q qilganingizni eshitdik.
11 Bularni eshitganimizda, ruhimiz tushib, sizlardan qo‘rqqanimizdan jasoratimiz so‘ndi. Allohingiz Yahova yer-u osmondagi yagona Xudo ekanini tushundik+.
12 Iltimos, men sizlarga mehr-sadoqat namoyon etganimday, sizlar ham otamning xonadoniga mehr-sadoqat ko‘rsatishga Yahovaning ismi bilan qasam ichib, ishonchli biron belgi beringlar.
13 Ota-onam, aka-ukalarim-u opa-singillarim va ularning oila a’zolari hayotini saqlab qolinglar. Jonimizni o‘limdan qutqaringlar»+.
14 Shunda ular Rahobaga: «O‘z jonimizni o‘rtaga qo‘yib, sizga va’da beramiz. Agar nima maqsadda kelganimizni hech kimga aytmasangiz, Yahova bizga bu yurtni berganda, sizga aytgan so‘zimizda turamiz*»,— deyishdi.
15 Rahobaning uyi shahar devori tepasida joylashgani uchun, u derazadan arqon tushirib, ularni ketkazib yubordi+.
16 Rahoba ularga: «Ta’qib etayotgan kishilar sizlarni topib olmasligi uchun, tog‘li hududga borib, o‘sha yerda uch kun yashirinib turinglar. Ular ortiga qaytgach, o‘z yo‘lingizda ketaverasizlar»,— deb aytdi.
17 Ular Rahobaga shunday deyishdi: «Sizni ishontirib aytamizki, bizga ichirgan qasamingizni buzmaymiz va aybdor bo‘lib qolmaymiz+.
18 Faqat bu yurtga kelganimizda, mana shu qirmizi arqonni derazangizga bog‘lab qo‘ying. Uyingizga ota-onangiz, aka-ukalaringiz va otangizning butun xonadonini yig‘ing+.
19 Biron kim uyingizdan ostona hatlab tashqariga chiqsa, qoni to‘kilishida biz emas, o‘zi aybdor bo‘ladi. Bordi-yu, uyda siz bilan birga bo‘lganlardan birontasiga zarar yetkazilsa, uning qoni to‘kilishida biz aybdor bo‘lamiz.
20 Lekin nima maqsadda kelganimizni birovga aytib qo‘ysangiz+, bizga ichirgan qasamingiz buziladi va biz aybdor bo‘lmaymiz».
21 Rahoba javoban: «Mayli, sizlar aytgandek bo‘lsin»,— dedi.
Shundan keyin ayg‘oqchilarni jo‘natib yubordi va ular qaytib ketishdi. Rahoba derazasiga qirmizi arqonni bog‘lab qo‘ydi.
22 Ayg‘oqchilar u yerni tark etib, tog‘li hududga borishdi va ularni ta’qib qilayotganlar ortiga qaytmaguncha, o‘sha yerda uch kun qolishdi. Ta’qib qilayotganlar ularni barcha yo‘llarda izlashdi, lekin topa olishmadi.
23 Ayg‘oqchilar esa tog‘li hududdan pastga tushishdi-da, daryodan o‘tib, Nun o‘g‘li Yoshuaning oldiga kelishdi va bo‘lib o‘tgan voqealarning barini unga so‘zlab berishdi.
24 So‘ng, ular Yoshuaga: «Yahova butun yurtni qo‘limizga bergan+. Shuning uchun o‘sha yurt aholisi bizdan qo‘rqib, tushkunlikka tushib qolibdi»+,— deyishdi.