Yoshua 22:1-34
22 So‘ng Yoshua Ruben va Gad qabilalarini hamda Manashe qabilasining yarmini yig‘ib,
2 ularga shunday dedi: «Yahovaning xizmatchisi Muso nimaiki amr etgan bo‘lsa, hammasini bajardingiz+. Men ham nimaiki buyurgan bo‘lsam, bariga quloq soldingiz+.
3 Sizlar bugungacha, shuncha vaqt mobaynida birodarlaringizni tark etmay+, Tangringiz Yahovaning amriga bo‘ysunib keldingiz+.
4 Mana, Xudoyingiz Yahova va’da qilganiday, birodarlaringizga osoyishtalik ato etdi+. Allohingiz Yahovaning xizmatchisi Muso, egalik qilishingiz uchun Iordanning narigi tomonida* bergan yurtda joylashgan chodirlaringizga qaytinglar+.
5 Asosiysi, Yahovaning xizmatchisi Muso sizlarga bergan amrlarga va Tavrotga astoydil amal qilinglar+. Xudoyingiz Yahovani sevinglar+, Uning barcha yo‘llaridan yuringlar+ va amrlariga rioya qilinglar+. Unga sodiq bo‘lib+, butun qalbingiz va butun joningiz* bilan+ Unga xizmat qilinglar+».
6 Keyin Yoshua ularni duo qilib, jo‘natib yubordi va ular o‘z chodirlariga qaytishdi.
7 Manashe qabilasining yarmiga Muso Bashanda meros bergan edi+. Qabilaning ikkinchi yarmiga Yoshua Iordanning g‘arbida birodarlari qatori yer berdi+. Bundan tashqari, Yoshua ularni chodirlariga jo‘natayotib, duo qildi
8 va quyidagilarni aytdi: «Chodirlaringizga ko‘p boylik, talaygina chorva, kumush-u oltin, mis va temir hamda nihoyatda ko‘p kiyim-kechak bilan qaytinglar+. G‘animlardan tushgan o‘ljadan olib, birodarlaringiz bilan bo‘lishinglar+».
9 So‘ngra Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi qolgan isroilliklarni tark etib, Kan’on yurtidagi Shilo‘dan Gilad yurtiga+, Yahovaning Muso orqali bergan buyrug‘iga binoan, o‘zlari o‘rnashgan yurtga qaytib ketishdi+.
10 Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi Kan’on yurtidagi Iordan viloyatiga yetib kelishganida, Iordan bo‘yida juda katta qurbongoh bunyod etishdi.
11 Bir muncha vaqtdan keyin, qolgan isroilliklarga: «Qaranglar, Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi Kan’on yurtining chegarasida, Iordan viloyatining isroilliklarga qarashli tomonida qurbongoh qurishibdi»,— degan xabar keldi+.
12 Bu xabarni eshitgach, isroilliklarning butun jamoasi ularga qarshi jang qilish uchun Shilo‘da+ yig‘ildi.
13 So‘ng isroilliklar Gilad yurtidagi Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi oldiga Elazarning o‘g‘li ruhoniy Finxazni+ yuborishdi.
14 U bilan birga o‘nta yo‘lboshchi, Isroil qabilalarining har bir xonadonidan* bittadan yo‘lboshchi ham bordi. Ularning har biri minglab isroilliklar orasida xonadon boshliqlari edi+.
15 Ular Gilad yurtidagi Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi oldiga kelib shunday deyishdi:
16 «Yahovaning jamoasi bunday dedi: “Isroilning Tangrisiga nisbatan bevafolik qilganingiz nimasi?+ Nega Yahovaga bo‘ysunmay, o‘zingiz uchun qurbongoh qurib, Yahovaga qarshi chiqdingiz?+
17 Nahotki Piyorda qilgan gunohimiz bizga kamlik qilgan bo‘lsa?! Yahovaning jamoasi boshiga falokat tushganiga qaramay, shu kungacha o‘zimizni bundan poklaganimiz yo‘q+.
18 Sizlar esa yana Yahovaga bo‘ysunmadingiz! Agar bugun Yahovaga qarshi isyon ko‘targan bo‘lsangiz, ertaga U butun Isroil jamoasidan g‘azablanadi+.
19 Bordi-yu, mulk qilib olgan yurtingiz nopok bo‘lsa, Yahova egalik qilgan yurtga+, Yahovaning muqaddas chodiri o‘rnatilgan joyga+, bizning oramizga kelib o‘rnashinglar. Ammo Yahovaga qarshi bosh ko‘tarmanglar, Allohimiz Yahovaning qurbongohidan tashqari boshqa qurbongohni bunyod etib, bizni ham isyonkor qilib qo‘ymanglar+.
20 Zerah o‘g‘li Oxun+ yo‘q qilinadigan* narsalarni olib bevafolik qilganida, Xudoning butun Isroil jamoasiga qahri kelmaganmidi?!+ O‘shanda qilgan gunohi uchun nafaqat o‘zi, balki boshqa odamlar ham o‘lgan edi-ku”+».
21 Shunda Ruben bilan Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi, minglab isroilliklarning boshliqlariga+ javoban quyidagilarni aytishdi:
22 «Xudolar Xudosi Yahovadir!* Xudolar Xudosi Yahovadir!+ Uning O‘zi ham, Isroil xalqi ham buni biladi. Agar biz bosh ko‘tarib, Yahovaga xiyonat qilgan bo‘lsak, bugun U bizni ayab o‘tirmasin.
23 Bordi-yu, biz Yahovaga bo‘ysunmay, kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarini keltiramiz deya, o‘zimiz uchun qurbongoh qurgan bo‘lsak, Yahova bizni jazolasin+.
24 Biz bitta narsadan xavotirlanib qurbongoh qurdik. Kelajakda o‘g‘illaringiz bizning o‘g‘illarimizga: “Isroilning Tangrisi Yahovada nima ishingiz bor?
25 Yahova sizlar — Ruben bilan Gad qabilalari va bizning o‘rtamizda Iordanni chegara qilib qo‘ydi. Yahovaga tegishli hech bir narsaga aralasha olmaysizlar”,— deyishi mumkin. Shunda o‘g‘illaringiz bizning o‘g‘illarimizga Yahovaga topinishga to‘sqinlik qilishadi.
26 Shu bois: “Kelinglar, qurbongoh quraylik. Bu qurbongohda kuydiriladigan qurbonliklar yoki boshqa qurbonliklar keltirilmaydi.
27 Kelajakda sizlar bilan bizning o‘rtamizda guvoh bo‘lishi+, biz ham Yahovaga kuydiriladigan qurbonliklar, tinchlik qurbonliklari va boshqa qurbonliklarni keltirib+, Unga xizmat qilishimiz, shuningdek, sizlarning avlodlaringiz bizning avlodlarimizga: “Yahovaga tegishli hech bir narsaga aralasha olmaysizlar”,— deb aytmasligi uchun qurbongoh quraylik”,— dedik.
28 O‘shanda: “Agar ular kelajakda bizga va avlodlarimizga shunday deydigan bo‘lishsa, biz: “Ota-bobolarimiz Yahovaning qurbongohiga o‘xshatib qurgan qurbongohga qaranglar. Bu qurbongoh kuydiriladigan qurbonliklar yoki boshqa qurbonliklar keltirish uchun emas, balki sizlar va bizning o‘rtamizda guvoh bo‘lishi uchun qurilgan”,— deb aytamiz”,— dedik.
29 Tangrimiz Yahovaning muqaddas chodiri oldida turgan qurbongohdan+ bo‘lak boshqa qurbongohni qurib, kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va boshqa qurbonliklarni keltirib, Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishni, Yahovaga bo‘ysunmaslikni xayolimizga ham keltirmaganmiz!+»
30 Ruhoniy Finxaz va u bilan birga bo‘lgan jamoa yo‘lboshchilari va minglab isroilliklarning boshliqlari Ruben, Gad hamda Manashe avlodlari aytgan so‘zlarni eshitib, mamnun bo‘lishdi+.
31 So‘ng ruhoniy Elazarning o‘g‘li Finxaz Ruben, Gad hamda Manashe avlodlariga quyidagilarni aytdi: «Bugun Yahova bizning oramizda ekanini bilib oldik. Chunki sizlar Yahovaga nisbatan bevafolik qilmadingiz. Endi Yahova bizni jazolamaydi».
32 Keyin ruhoniy Elazarning o‘g‘li Finxaz va yo‘lboshchilar Ruben bilan Gad qabilalari yashagan Gilad yurtidan Kan’on yurtiga qaytib kelib, hammasini isroilliklarga aytib berishdi.
33 Isroilliklar bu xabardan mamnun bo‘lib, Xudoni ulug‘lashdi. Ruben bilan Gad qabilalariga qarshi urush ochish, ular yashagan yurtni xarob qilish haqida esa boshqa og‘iz ochishmadi.
34 Ruben bilan Gad qabilalari qurbongohga nom berishdi*, chunki: «Qurbongoh hammamiz uchun Yahovaning haq Xudo ekaniga guvohdir»,— deyishdi.
Izohlar
^ Ya’ni sharq tomonida.
^ So‘zma-so‘z «ota xonadonidan», ya’ni ota tomondagi oila nazarda tutilgan.
^ So‘zma-so‘z «yo‘q qilishga bag‘ishlangan». Ibroniycha ushbu ibora nomunosib tarzda foydalanishdan saqlash va ko‘pincha tamomila yo‘q qilish uchun ajratib qo‘yish degan ma’noga ega.
^ Yoki «Ilohiy Zot, Tangri Yahova».
^ Ehtimol, unga «Guvoh» deb nom berishgan.