Yoshua 6:1-27

  • Yerixo devori qulaydi (1-21)

  • Rahoba va oilasi qutqariladi (22-27)

6  Yerixoliklar Isroil o‘g‘illaridan qo‘rqib, shahar darvozalarini mahkam yopib qo‘yishdi. Hech kim undan chiqa olmasdi va hech kim unga kira olmasdi+.  Yahova Yoshuaga shunday dedi: «Men Yerixoni, uning shohini va qudratli jangchilarini sening qo‘lingga topshirdim+.  Askarlarning barchasi shahar atrofini bir marta aylanib chiqsin. Olti kun davomida shunday qilinsin.  Ahd sandig‘ining oldida yettita ruhoniy borsin, har birining qo‘lida burg‘u* bo‘lsin. Biroq yettinchi kun shahar atrofini yetti marta aylanib chiqinglar va ruhoniylar burg‘ularni chalishsin+.  Burg‘ular uzoq chalinganda — burg‘u ovozini eshitishingiz bilanoq — barcha askarlar baland jangovar ovozda baqirishsin. Shunda shahar devorlari yer bilan yakson bo‘ladi+. Har bir askar shaharga to‘g‘ri bostirib kirsin».  Nun o‘g‘li Yoshua ruhoniylarni yig‘ib: «Ahd sandig‘ini olinglar. Yahovaning ahd sandig‘i oldida yettita ruhoniy borsin. Har birining qo‘lida burg‘u bo‘lsin»+,— deb aytdi.  Keyin esa askarlarga: «Borib shahar atrofini aylanib chiqinglar. Qurollangan qo‘shin+ esa Yahovaning ahd sandig‘i oldida borsin»,— dedi.  Yoshua askarlarga aytganiday, yettita ruhoniy Yahovaning oldida burg‘u chalib bordi. Yahovaning ahd sandig‘ini ko‘targanlar esa ularning orqasidan ketayotgan edi.  Burg‘ularni chalib ketayotgan ruhoniylarning old tomonida qurollangan qo‘shin bor edi. Ahd sandig‘ining ortida esa, uni qo‘riqlayotgan askarlar ketayotgan edi. Burg‘ular esa tinmasdan chalinayotgandi. 10  Yoshua askarlarga shunday buyruq berdi: «Baqirmanglar ham, ovoz ham chiqarmanglar. Men: “Baqiringlar!” — deydigan kun kelmaguncha, og‘zingizdan bitta ham so‘z chiqmasin. Men sizlarga aytgandan keyingina baqirasizlar». 11  Yoshua Yahovaning ahd sandig‘ini bir marta shahar atrofida aylantirdi. So‘ng ular qarorgohga qaytib kelishdi va tunni o‘sha yerda o‘tkazishdi. 12  Keyingi kun ertalab Yoshua barvaqt turdi va ruhoniylar Yahovaning ahd sandig‘ini ko‘tarishdi+. 13  Yettita ruhoniy esa Yahovaning ahd sandig‘i oldida tinmay burg‘u chalib bordi. Ruhoniylarning old tomonida qurollangan qo‘shin ketayotgan edi. Yahovaning ahd sandig‘ining ortidan esa, uni qo‘riqlayotgan askarlar ergashib kelayotgandi. Burg‘ular tinmasdan chalinayotgan edi. 14  Ikkinchi kun ham ular bir marta shahar atrofini aylanishdi va qarorgohga qaytib kelishdi. Olti kun davomida ular shunday qilishdi+. 15  Yettinchi kuni ular saharda, kun yorishishi bilanoq turib, o‘sha tartibda shahar atrofini yetti marta aylanib chiqishdi. Faqat o‘sha kuni ular shahar atrofini yetti marta aylanib chiqishdi+. 16  Yettinchi marta aylanayotganda, ruhoniylar burg‘ularni chalishdi va Yoshua askarlarga quyidagilarni aytdi: «Baqiringlar+, chunki Yahova shaharni qo‘lingizga topshirdi! 17  Shahar va undagi bor narsalar yo‘q qilinsin*+. Shahardagi hamma narsa Yahovaga tegishlidir. Faqat fohisha Rahobani+ va uyda u bilan bo‘lganlarning hammasini tirik qoldiringlar, chunki u biz jo‘natgan ayg‘oqchilarni yashirgan edi+. 18  Yo‘q qilinadigan+ biror narsani tusab qolib, uni o‘zingizga olmaslik uchun+, bu narsalardan uzoqroq yuringlar. Tag‘in Isroil qarorgohiga kulfat keltirib, uni yo‘q qilib yubormanglar+. 19  Kumush va oltinning, shuningdek, mis va temir buyumlarning barchasi Yahovaning nazarida muqaddasdir+. Ular Yahovaning xazinasiga topshirilsin»+. 20  Burg‘ular chalinganda askarlar baqirishdi+. Ular burg‘u ovozini eshitishi bilanoq, baland jangovar ovozda baqirishdi. Shunda shahar devorlari yer bilan yakson bo‘ldi+. So‘ng askarlar shaharga to‘g‘ri bostirib kirib, shaharni bosib olishdi. 21  Ular butun shaharni, erkag-u ayolni, yoshu qarini qilichdan o‘tkazishdi. Buqa, qo‘y va eshaklarni esa qirib tashlashdi+. 22  Yoshua yurtga ayg‘oqchilik qilgani kelgan ikki kishiga shunday dedi: «O‘sha fohisha ayolning uyiga boringlar-da, unga ichgan qasamingizga binoan, uning o‘zini va uyidagilarning hammasini olib chiqinglar»+. 23  Ayg‘oqchilar borib Rahobani va u bilan birga uning ota-onasini, aka-ukalarini va uyidagilarning hammasini olib chiqishdi. Ular Rahobaning butun oilasini Isroil qarorgohining tashqarisiga, xavfsiz joyga olib kelishdi+. 24  Keyin ular shaharni va undagi bor narsalarni yondirib yuborishdi. Ammo kumush va oltinni, shuningdek, mis va temir buyumlarni Yahovaning uyidagi xazinaga topshirishdi+. 25  Faqat fohisha Rahobani, uning ota xonadoni va uyidagilarning hammasini Yoshua tirik qoldirdi+. Yerixoni ko‘rib kelish uchun Yoshua yuborgan odamlarni Rahoba yashirgan edi+. Shuning uchun bu ayol shu kungacha Isroilda yashab kelmoqda+. 26  Shunda Yoshua quyidagi qasam so‘zlarini e’lon qildi*: «Ushbu Yerixo shahrini qayta qurmoqchi bo‘lgan kishi Yahovaning oldida la’nati bo‘lsin. Shaharning poydevorini solganda, u to‘ng‘ich farzandini yo‘qotsin. Shahar eshiklarini o‘rnatganda esa kenja farzandidan ayrilsin»+. 27  Yahova Yoshua bilan edi+ va uning dovrug‘i butun yer yuzi bo‘ylab tarqaldi+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qo‘chqorning shoxi».
So‘zma-so‘z «yo‘q qilishga bag‘ishlansin». Ibroniycha ushbu ibora nomunosib tarzda foydalanishdan saqlash va ko‘pincha tamomila yo‘q qilish uchun ajratib qo‘yish degan ma’noga ega.
Boshqa variant «xalqqa qasam ichirdi».