Yoshua 7:1-26

  • Isroil Ayda mag‘lub bo‘ladi (1-5)

  • Yoshua ibodat qiladi (6-9)

  • Isroil gunoh dastidan yengiladi (10-15)

  • Oxun fosh etilib, toshbo‘ron qilinadi (16-26)

7  Isroil o‘g‘illari yo‘q qilinadigan* narsalar masalasida sodiqlikni saqlashmadi. Yahudo qabilasidan Zerahning oilasiga tegishli Zabdining nevarasi, Karmining o‘g‘li Oxun+ yo‘q qilinadigan narsalardan ayrimlarini oldi+. Shu bois, Yahovaning Isroil o‘g‘illariga g‘azabi alanga oldi+.  So‘ng Yoshua Yerixodan Ay shahriga+ odamlarni yubordi. Bu shahar Bayt-Obun yaqinida, Baytilning+ sharqida joylashgan. Yoshua ularga: «Borib yurtni ko‘zdan kechirib kelinglar»,— deb aytdi. O‘sha odamlar borib Ayni ko‘zdan kechirishdi.  Ular Yoshuaning oldiga qaytib kelgach, unga shunday deyishdi: «Askarlarning hammasini yuborishga hojat yo‘q. Ay shahrini ikki yoki uch mingta odam bilan mag‘lub qilsa bo‘ladi. U yerning xalqi oz ekan. Askarlarning hammasini ovora qilib u yerga jo‘natmagan ma’qul».  Shunda 3 000 tacha askar u yerga jo‘nadi, ammo ular Ay shahrining odamlariga yengilib, qochishdi+.  Ayliklar 36 kishini o‘ldirishdi. Ular shahar darvozasining tashqarisidan pastga tushguncha, Shebarimga* qadar Isroil o‘g‘illarini ta’qib qilib, yo‘l bo‘yi ularni o‘ldirib borishdi. Isroil xalqining jasorati so‘nib, qo‘rqib qoldi.  Yoshua bilan Isroil oqsoqollari kiyimlarini yirtishdi va kechqurungacha Yahovaning ahd sandig‘i oldida yuztuban yiqilib, boshlariga tuproq sochishdi.  Yoshua quyidagilarni aytdi: «Evoh, Oliy Hukmdor Yahova, butun xalqni amoriylar qo‘liga topshirib, yo‘q qilish uchun Iordandan o‘tkazganmiding?! Iordanning narigi tomonida* qolsak bo‘lmasmidi?!  Ey Yahova, kechir meni. Isroil xalqi dushmanlarining oldida orqaga chekingan bo‘lsa, men yana nima deb aytay?  Kan’onliklar va bu yurtda yashovchilarning bari buni eshitib, bizni o‘rab olsa va nomimizni yer yuzidan yo‘q qilib yuborsa, buyuk ismingni qanday himoya qilasan?»+ 10  Yahova Yoshuaga shunday javob berdi: «O‘rningdan tur! Nega yuztuban yotibsan? 11  Isroil xalqi gunoh qildi. Rioya qilinglar, deya amr etgan ahdimni ular buzishdi+. Ular yo‘q qilinadigan narsalarning ba’zilarini olishdi+, ularni o‘g‘irlab+, o‘zlarining narsalari orasiga yashirib qo‘yishdi+. 12  Shu sababli, Isroil o‘g‘illari dushmanlariga qarshi tura olishmaydi. Ularning o‘zi yo‘q qilinadigan narsaday bo‘lib qolgani uchun, dushmanlaridan qochishadi. Orangizdagi yo‘q qilinadigan narsalardan xalos bo‘lmaguningizcha, Men sizlar bilan bo‘lmayman+. 13  O‘rningdan tur-da, xalqni pokla*+. Ularga shunday deb ayt: “Ertaga o‘zingizni poklanglar, chunki Isroilning Xudosi Yahova shunday demoqda: “Ey, Isroil xalqi, orangizda yo‘q qilinadigan narsa bor. Uni orangizdan yo‘q qilmaguningizcha, dushmanlaringizga qarshi tura olmaysizlar. 14  Ertalab hamma qabilalar to‘plansin. Yahova tanlagan qabila oldinga chiqsin+, o‘sha qabiladan Yahova tanlagan bitta oila oldinga chiqsin. Keyin o‘sha oiladan Yahova tanlagan xonadon ahli bitta-bittadan oldinga chiqsin. 15  Yo‘q qilinadigan narsani olgan kishi va unga tegishli hamma narsa olovda kuydirilsin+, chunki u Yahovaning ahdini buzib+, Isroilda razil ishga qo‘l urgan”». 16  Xullas, Yoshua ertasi kuni barvaqt turib, Isroil xalqining har bir qabilasini Xudoning huzuriga to‘pladi. Xalq ichidan Yahudo qabilasi tanlandi. 17  Yahudo oilalari oldinga chiqqanda, Zerah o‘g‘illarining oilasi tanlandi+. Zerah o‘g‘illarining oilasidan har bir kishi oldinga chiqqanda, Zabdi xonadoni tanlandi. 18  Nihoyat, Zabdi xonadonidan har bir kishi oldinga chiqqanda, Yahudo qabilasidan Zerah oilasiga tegishli Zabdining nevarasi, Karmining o‘g‘li Oxun tanlandi+. 19  Shunda Yoshua Oxunga: «O‘g‘lim, Isroilning Tangrisi Yahovani ulug‘la va Uning oldida aybingga iqror bo‘l. Iltimos, nima qilganingni ayt. Qilmishingni mendan yashirma»,— dedi. 20  Oxun Yoshuaga shunday deb javob qaytardi: «Isroilning Tangrisi Yahovaga qarshi gunoh ish qilganim rost. Men bunday qildim: 21  o‘ljalar ichida Shinardan+ keltirilgan qimmatbaho libosni, 200 shekel* kumushni va og‘irligi 50 shekel keladigan bir bo‘lak oltinni ko‘rganimda, ularni tusab, o‘zimga oldim. Hozir bu narsalar chodirimda yerga ko‘mib qo‘yilgan, pul ham o‘sha narsalarning ostida». 22  Yoshua darhol odamlarni yubordi. Ular Oxunning chodiriga yugurib borib qarashsa, libos aytilgan joyda yashirilgan ekan. Uning ostida pul ham bor ekan. 23  Ular bu narsalarni chodirdan olib chiqib, Yoshuaga hamda barcha Isroil o‘g‘illariga keltirib berishdi va bu narsalar Yahovaning oldiga qo‘yildi. 24  So‘ng Yoshua hamda butun Isroil xalqi Zerahning oilasidan bo‘lgan Oxunni+, shuningdek, kumushni, qimmatbaho libosni, bir bo‘lak oltinni+ va uning o‘g‘il-u qizlarini-yu, buqalari-yu eshaklarini, qo‘y-u echkilarini, chodirini va uning bor narsasini Oxor vodiysiga+ olib borishdi. 25  Yoshua unga: «Nega boshimizga falokat keltirding?+ Bugun Yahova ham boshingga falokat yog‘diradi»,— deb aytdi. Butun Isroil xalqi ularni toshbo‘ron qildi+, so‘ng ularni olovda kuydirdi+. Shu tariqa, ular toshbo‘ron qilindi. 26  Xalq ularning ustida toshlardan bir uyum hosil qildi. Bu uyum hozirgi kunga qadar o‘sha yerda. Shunday qilib, Yahovaning qaynoq g‘azabi bosildi+. O‘sha joyning nomi esa hozirgi kungacha Oxor* vodiysi deb ataladi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «yo‘q qilishga bag‘ishlangan». Ibroniycha ushbu ibora nomunosib tarzda foydalanishdan saqlash va ko‘pincha tamomila yo‘q qilish uchun ajratib qo‘yish degan ma’noga ega.
Ma’nosi «tosh koni».
Ya’ni sharq tomonida.
Yoki «muqaddas qil».
Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Ma’nosi «falokat; quvg‘un».