Yuhanno 2:1-25
2 Uchinchi kuni Jalilaning Kanax shahrida nikoh to‘yi bo‘layotgan edi. Isoning onasi ham o‘sha yerda edi.
2 Shuningdek, Iso va uning shogirdlari bu to‘yga taklif etilgan edilar.
3 Sharob tugaganida, Isoning onasi unga: «Ularda sharob qolmabdi»,— dedi.
4 Iso unga javoban: «Nima qilishimni xohlaysiz?* Vaqt-soatim hali kelgani yo‘q»,— dedi.
5 Shunda onasi u yerda xizmat qilayotganlarga: «U sizlarga nima desa, shuni bajaringlar»,— deb aytdi.
6 O‘sha yerda yahudiylarning poklanish qoidasiga ko‘ra, suv uchun toshdan yasalgan oltita xum turgan edi+. Ularning har biriga ikki yoki uch o‘lchov* suyuqlik sig‘ardi.
7 Iso ularga: «Xumlarga suv quyinglar»,— degan edi, ular xumlarni limmo-lim to‘ldirishdi.
8 Keyin ularga bunday dedi: «Endi oz-moz suzib, to‘yboshiga olib boringlar». Xizmatchilar shunday qilishdi.
9 To‘yboshi sharobga aylantirilgan suvni tatib ko‘rdi. U sharob qayerdan olinganini bilmasdi, buni faqat suv to‘ldirgan xizmatchilar bilardi. Shunda to‘yboshi kuyovni chaqirib,
10 shunday dedi: «Har kim avval yaxshi sharobni qo‘yadi, mehmonlar mast bo‘lgandan so‘ng, yomonrog‘ini beradi. Siz esa yaxshi sharobni shu paytgacha saqlab qo‘yibsiz-a!»
11 Bu Isoning ilk mo‘jizasi bo‘lib, uni Jalilaning Kanax shahrida sodir etdi. Shu tariqa u o‘z ulug‘vorligini namoyon etdi+ va shogirdlari unga ishonishdi.
12 Bundan so‘ng Iso onasi, ukalari+ va shogirdlari bilan Kafarnahumga yo‘l olishdi+, lekin u yerda ko‘p qolishmadi.
13 Yahudiylarning Fisih bayrami*+ yaqinlashayotgani uchun Iso Quddusga jo‘nadi.
14 Ma’badga kirganda ho‘kiz, qo‘y va kaptarlarni+ sotayotgan hamda pul almashtirib o‘tirgan odamlarni ko‘rdi.
15 Iso arqonlardan qamchi yasab, qo‘ylari va ho‘kizlari bilan birga ularning hammasini ma’baddan haydadi. U pul almashtirayotganlarning tangalarini sochib, peshtaxtalarini ag‘darib yubordi+.
16 Kaptar sotayotganlarga esa bunday dedi: «Bularni yo‘qotinglar bu yerdan! Otamning uyini chayqov bozoriga aylantirmanglar!»+
17 Shunda shogirdlari, «Sening uyingga bo‘lgan rashkim ichimni kemiradi»+, deb yozilgan so‘zlarni eslashdi.
18 Yahudiylar bo‘lsa undan so‘radilar: «Bunday yo‘l tutishga haqqing borligini qanday alomat bilan isbotlaysan?»+
19 Iso ularga javoban: «Bu ma’badni buzinglar va men uch kun ichida uni tiklayman»+,— dedi.
20 Bunga yahudiylar: «Bu ma’bad 46 yil davomida qurilgan. Sen uni uch kunda tiklamoqchimisan?» — deb aytishdi.
21 Ammo ma’bad haqida gapirayotib, u o‘z tanasini nazarda tutgan edi+.
22 Iso tirilganda, shogirdlari u aynan shu haqda gapirganini eslashdi+ va Muqaddas Yozuvlarga hamda Isoning so‘zlariga ishonishdi.
23 Iso Quddusda Fisih bayramida bo‘lganida, ko‘p odamlar mo‘jizalarini ko‘rib unga* ishonishdi.
24 Iso esa ularni yaxshi bilgani uchun, ularga to‘liq ishonmasdi.
25 Shuningdek, unga biror odam haqida guvohlik berishning hojati yo‘q edi, boisi u har bir kishining qalbini ko‘ra olardi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «Ey ayol, siz bilan menga nima?» Bu e’tirozni anglatuvchi idioma. «Ayol» deb murojaat qilish hurmatsizlikni bildirmagan.
^ Ehtimol, «bat» 22 litrga teng suyuqlik o‘lchovi. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ So‘zma-so‘z «ismiga».