Yuhanno 20:1-31

  • Bo‘sh qabr (1-10)

  • Iso magdalalik Maryamga ko‘rinadi (11-18)

  • Iso shogirdlariga ko‘rinadi (19-23)

  • To‘ma shubhalanadi, lekin keyin ishonadi (24-29)

  • O‘rama bitikning maqsadi (30, 31)

20  Haftaning birinchi kuni*, erta saharda, hali kun yorishmasidan magdalalik Maryam qabrning yoniga keldi+. U qabr og‘zidan tosh ag‘darilganini ko‘rdi+.  U yugurib Simun Butrus va Isoning sevimli shogirdi+ oldiga keldi-da: «Hazratimizni qabrdan olib ketishibdi+. Uni qayerga qo‘yishganini bilmaymiz»,— dedi.  Shunda Butrus bilan o‘sha shogird qabr tomon yo‘l olishdi.  Ikkovi ham yugurdi, lekin o‘sha shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi bo‘lib yetib keldi.  Shogird engashib u yerda yotgan zig‘ir kafanni ko‘rdi+, ammo ichkariga kirmadi.  Uning orqasidan Simun Butrus yetib keldi. U qabrga kirib, zig‘ir kafan yotganini ko‘rdi.  Isoning boshiga o‘ralgan ro‘mol ham o‘sha yerda edi. Ammo u kafan bilan emas, balki alohida o‘ralgan bo‘lib, boshqa joyda yotardi.  Keyin qabrga birinchi bo‘lib yetib kelgan boshqa shogird ichkariga kirdi. U ham ko‘rib, ishonch hosil qildi.  Biroq ular Muqaddas Yozuvlardagi Iso tirilishi haqida+ aytilgan so‘zlarni haligacha tushunmasdilar. 10  So‘ngra shogirdlar uylariga qaytishdi. 11  Maryam bo‘lsa qabrning yonida yig‘lab turardi. U yig‘layotib, qabr ichiga nazar solish uchun egildi. 12  Shu payt oq kiyimda ikkita farishta o‘tirganini ko‘rdi+. Biri Isoning tanasi yotgan joyning bosh tarafida, ikkinchisi oyoq tarafida o‘tirardi. 13  Ular Maryamdan: «Nega yig‘layapsiz?»* — deb so‘rashdi. U javoban: «Hazratimni olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman»,— dedi. 14  Bunday degach, u o‘girilib Iso turganini ko‘rdi. Lekin u Iso ekanini tushunmadi+. 15  Iso undan: «Nega yig‘layapsiz?* Kimni qidiryapsiz?» — deya so‘radi. U bo‘lsa uni bog‘bon deb o‘ylab, bunday dedi: «Taqsir, agar siz uni olib ketgan bo‘lsangiz, uni qayerga qo‘yganingizni ayting. Men uni olib ketaman». 16  Iso unga: «Maryam!» — dedi. U o‘girilib Isoga ibroniy tilida: «Rabbuniy!» — deb aytdi. (Bu so‘z «Ustoz» degani.) 17  Iso unga bunday dedi: «Bo‘ldi, meni ushlashni bas qiling. Chunki men hali Otamning yoniga ko‘tarilganim yo‘q. Siz birodarlarim oldiga borib+, men o‘z Otam+ va sizlarning Otangiz, mening Tangrim+ va sizlarning Tangringiz huzuriga ko‘tarilishimni ayting». 18  Magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga kelib: «Men Hazratimni ko‘rdim!» — degan xabarni yetkazdi va Isoning gaplarini aytdi+. 19  O‘sha kun haftaning birinchi kuni edi. Kechqurun shogirdlar yahudiylardan qo‘rqib eshiklarni qulflab o‘tirgan bo‘lishsa-da, Iso ichkariga kirdi. U shogirdlarning o‘rtasiga turib: «Assalom-u alaykum!»*+ — dedi. 20  Bunday degach, u qo‘llarini va biqinini ularga ko‘rsatdi+. Shogirdlar Hazratini ko‘rib suyunib ketishdi+. 21  Iso ularga yana shunday dedi: «Assalom-u alaykum!+ Otam meni yuborganidek+, men ham sizlarni yuboryapman»+. 22  Bu so‘zlardan keyin, Iso ularga pufladi va dedi: «Muqaddas ruhni qabul qilinglar+. 23  Biror kishining gunohini kechirsangiz, uning gunohi kechiriladi. Bordi-yu kechirmasangiz, uning gunohi kechirilmaydi». 24  Ammo 12 shogirddan biri, Egiz laqabli To‘ma+ Iso kelganida ular bilan birga emas edi. 25  Boshqa shogirdlar unga: «Biz Hazratimizni ko‘rdik!» — deyishganda, u bunday javob berdi: «Qo‘llarida mix izlarini ko‘rmagunimcha, uning mix izlariga barmoqlarimni tekkizmagunimcha, qo‘limni biqiniga qo‘ymagunimcha+ ishonmayman». 26  Sakkiz kundan keyin shogirdlar yana yig‘ilishdi. To‘ma ham ular orasida edi. Eshiklar qulf bo‘lsa-da, Iso ichkariga kirdi va ularning o‘rtasiga turib: «Assalom-u alaykum!»+ — dedi. 27  So‘ng u To‘maga: «Barmog‘ingizni bu yerga qo‘yib, qo‘llarimga qarang. Qo‘lingizni uzatib, biqinimga tekkizing. Boshqa shubhalanmay, imonli bo‘ling»,— deb aytdi. 28  Javoban To‘ma: «Yo Hazratim, yo Xudoyim!» — dedi. 29  Iso unga shunday dedi: «Meni ko‘rganingiz uchun ishondingiz-a? Ko‘rmasdan ishonayotganlar baxtlidir». 30  Iso shogirdlari oldida yana ko‘p mo‘jizalar ko‘rsatdi. Faqat ular bu o‘rama bitikda yozilmagan+. 31  Yozilganlari esa, Xudoning O‘g‘li Iso — Masih ekaniga ishonib, uning ismi tufayli abadiy hayotga ega bo‘lishingiz uchun+ bitilgan.

Izohlar

Bu kun hozir yakshanba deb ataladi. Yahudiylarda esa, bu haftaning birinchi kuni edi.
So‘zma-so‘z «Ey ayol, nega yig‘layapsiz?»
So‘zma-so‘z «Ey ayol, nega yig‘layapsiz?»
So‘zma-so‘z «Sizlarga tinchlik bo‘lsin».