Yunus 1:1-17

  • Yunus Yahovadan qochib ketmoqchi bo‘ldi (1-3)

  • Yahova dengizda kuchli shamol qo‘zg‘atdi (4-6)

  • Bo‘ron ko‘tarilishiga Yunus sababchi bo‘lgan (7-13)

  • Yunusni dengizga uloqtirib yuborishdi (14-16)

  • Yunusni katta baliq yutib yubordi (17)

1  Amitay o‘g‘li Yunusga*+ Yahova:  «O‘rningdan turgin-da, buyuk Nineviya*+ shahriga borib, unga qarshi Mening hukmimni e’lon qil. Chunki ularning yovuzligi diqqatimni o‘ziga tortdi»,— deb aytdi.  Ammo Yunus o‘rnidan turib, Yahovadan Tarshish shahriga qochib ketmoqchi bo‘ldi. U Yaffa shahriga keldi-da, Tarshishga ketayotgan kemani izlab topdi. Yunus yo‘l haqini to‘lab, kemaga chiqdi va Yahovadan qochib, kemadagilar bilan Tarshish tomonga yo‘l oldi.  Shunda Yahova dengizda kuchli shamol qo‘zg‘atdi. Dengizda shu qadar qattiq bo‘ron ko‘tarildiki, kema parchalanib ketguday bo‘ldi.  Kemachilar qo‘rqqanidan har biri o‘z xudosiga yolvorib, yordam so‘ray boshladi. Ular kemani yengillashtirish uchun, kemadagi yukni dengizga uloqtirishga kirishishdi+. Yunus esa kemaning quyi qismiga* tushdi-da, yotib qattiq uxlab qoldi.  Ammo kema boshqaruvchisi kelib, unga: «Nega uxlab yotibsiz? O‘rningizdan turib, xudoyingizga yolvormaysizmi?! Balki haq Tangri bizni eslar va nobud bo‘lmasmiz»+,— dedi.  So‘ng ular bir-biriga: «Kelinglar, qur’a tashlab+, bu falokat kimning dastidan boshimizga tushganini bilib olaylik»,— deyishdi. Ular qur’a tashlashdi va qur’a Yunusga tushdi+.  Ular Yunusdan: «Bizga ayting-chi, nima uchun bu falokat boshimizga tushdi? Kasbingiz nima? Qaerdan kelyapsiz? Qaysi yurtdansiz? Qaysi xalqdansiz?» — deb surishtira boshlashdi.  Yunus javoban: «Men ibroniyman. Dengiz-u yerni yaratgan samoviy Tangri Yahovaga topinaman»,— dedi. 10  Buni eshitib, odamlar battar qo‘rqib ketishdi va undan: «Nima ish qilib qo‘ygansiz o‘zi?» — deb so‘rashdi. (Yunus Yahovadan qochib ketayotganini ular bilar edi. Sababi, uning o‘zi ularga bu haqda gapirib bergandi.) 11  Dengiz yanada qattiq to‘lqinlangani bois, ular Yunusdan: «Dengiz tinchlanishi uchun siz bilan nima qilsak ekan?» — deb so‘rashdi. 12  Yunus: «Meni dengizga uloqtirib yuboringlar. Shunda dengiz tinchlanadi, chunki bu dahshatli bo‘ron men tufayli ko‘tarilgan»,— dedi. 13  Odamlar quruqlikka yaqin borishga qancha urinishmasin, buni uddalay olishmadi, chunki bo‘ron tobora kuchayib borayotgan edi. 14  Oxir-oqibat, ular Yahovaga: «Ey Yahova, o‘tinamiz, bu kishining dastidan halok bo‘lmaylik! Ey Yahova, begunoh kishining o‘limi* uchun bizni javobgarlikka tortmagin! Axir buning hammasi Sening irodang bo‘yicha yuz beryapti-ku!» — deb yolvorishdi. 15  Keyin ular Yunusni ko‘tarib, dengizga uloqtirib yuborishdi. Shunda dengiz tinchlana boshladi. 16  Buni ko‘rgan kemadagilar Yahovadan qattiq qo‘rqib ketishdi+. Ular Yahovaga qurbonliklar keltirib, Unga xizmat qilishga qasam ichishdi. 17  Yahova esa, Yunusni yutib yuborsin deb, katta baliqni yubordi. Shunday qilib, Yunus uch kecha-yu uch kunduzni baliqning qornida o‘tkazdi+.

Izohlar

Ma’nosi «kaptar».
Yoki «Naynavo».
Yoki «kema palubasiga».
So‘zma-so‘z «qoni».