Misrdagi qadimiy bo‘rtma tasvir Muqaddas Kitob bayonotining ishonchliligini tasdiqlaydi
Ieroglif yozuvi bor bo‘lgan va balandligi 8 metrni tashkil etgan ushbu bo‘rtma tasvirni Karnakdagi Amon xudosining ibodatxonasi yonida ko‘rishingiz mumkin. Olimlarning fikricha, bu tasvirda fir’avn Shishax Misrning shimoli-sharqiy tomoniga chegaradosh yurtlarni, jumladan, Yahudo va shimoliy Isroil shohligini bosib olgani aks ettirilgan.
Mazkur tasvirda Amon xudosi 150 dan oshiq asirlarni Shishaxga (yoki Sheshoikka) topshirayotgani ko‘rsatilgan. a Har bir asir zabt etilgan shahar yoki xalqning ramzi bo‘lgan. O‘sha shaharlarning nomlari asirlarning tanasini yopib turgan oval shakllar ichida yozilgan. Ba’zi nomlarning matni haligacha aniq ko‘rinyapti, ayrim nomlari esa Muqaddas Kitob o‘quvchilari uchun juda tanish, masalan, Bayt-Shiyon, Givon, Maxido‘ va Shunam.
Misrning Yahudoga qilgan hujumi Muqaddas Kitobda tilga olingan. (3 Shohlar 14:25, 26) Boz ustiga, unda Shishaxning hujumi haqidagi aniq tafsilotlar ham aytib o‘tilgan. Allohning Kalomida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Shoh Raxabom hukmronligining beshinchi yili, Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. Uning 1 200 ta aravasi, 60 000 nafar otlig‘i bor edi. U bilan Misrdan... behisob qo‘shin keldi. Shishax Yahudoning mustahkam shaharlarini bosib olib, oxiri Quddusga yetib bordi». (2 Solnomalar 12:2–4)
Karnakdagi bo‘rtma tasvir Shishaxning Isroil yurtiga qilgan yurishini tasdiqlaydigan yagona arxeologik dalil emas. Qadimgi Maxido‘ shahrining hududida topilgan tosh yodgorlikning (stelaning) parchasida ham «Sheshoik» ismi uchraydi.
Shishax Yahudoni bosib olgani haqida Muqaddas Kitobda keltirilgan aniq bayonot Muqaddas Kitob yozuvchilarining rostgo‘yligini isbotlaydi. Ular o‘z xalqining g‘alabalari va mag‘lubiyatlari haqida ro‘yirost yozishgan. Vaholanki, qadimgi dunyo yozuvchilarining hammasi ham rostgo‘y bo‘lgan deb aytib bo‘lmaydi.
a Allohning Kalomidagi «Shishax» so‘zi Sheshoik ismning ibroniycha talaffuzidan kelib chiqqan.