TASHKILOTIMIZ ARXIVIDAN
Dunyo bo‘ylab odamlarga o‘qishni va yozishni o‘rganishga ko‘maklashish
Braziliyada yashovchi Agostinyu shunday dedi: «Men qishloqda ulg‘aydim. Juda kambag‘al edik. Ishlash va oilamga yordam berish uchun maktabga bormay qo‘ydim». 33 yoshgacha Agostinyu o‘qishni va yozishni bilmas edi. «O‘qishni va yozishni o‘rgangach, o‘zimni hurmat qiladigan bo‘ldim»,— dedi u.
Agostinyu Yahovaning Shohidlari 70-yil davomida o‘qishni va yozishni o‘rgatgan 250 000 dan oshiq insonlarning biri. Nega Yahovaning Shohidlari bunday kurslarni tashkillashtirishgan? Bu odamlarga qanday foyda keltiryapti?
Savodsizlik ta’lim olishga to‘sqinlik qiladi
1935-yilning o‘rtalarida Yahovaning Shohidlari 115 ta mamlakatda va’z qilishardi. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar turli tillarga o‘girilgan Muqaddas Kitob asosidagi nutqlarning yozuvlaridan foydalanishardi. Gohida ular mahalliy tillardagi adabiyotlarni tarqatishardi. Ko‘pchilik Muqaddas Kitobni o‘rganmoqchi bo‘lsa ham, savodsizlik ta’lim olishga to‘sqinlik qilardi.
Xudoning Kalomini o‘qiy olmagani uchun ular u yerda yozilgan prinsiplarga amal qilishga qiynalishardi. (Yoshua 1:8; Zabur 1:2, 3) Ular boshqa qiyinchiliklarga ham duch kelishgan. Masalan, o‘qishni bilmagan ota-ona uchun farzandlariga Muqaddas Kitobda yozilganlarni o‘rgatish mushkulroq edi. (Qonunlar 6:6, 7) Yangi va’zgo‘ylar esa boshqalarga Muqaddas Kitobdagi oyatlarni o‘qib bera olmasdi.
Savodxonlik kurslari
1940 va 1950-yillari Yahova Shohidlarining faoliyatiga yetakchilik qilgan Neytan Norr va Milton Xenshel turli mamlakatlarga tashrif buyurib, u yerda va’zgo‘ylik ishini tashkillashtirishga yordam berishgan. Savodsizlik keng tarqalgan mamlakatlarda ular mahalliy filiallarni jamoatlarda savodxonlik kurslarini uyushtirishga undashgan.
Filiallar jamoatlarga bu kurslar borasida ko‘rsatmalar yuborishardi. Ba’zi mamlakatlarda hukumat tomonidan savodsizlik bilan kurashish dasturlari kiritilgan edi. Masalan, Braziliyadagi filial hukumat tomonidan o‘quv asboblari va o‘qish uchun kerakli boshqa narsalarni olib, jamoatlarga jo‘natgan edi. Boshqa mamlakatlarda Yahovaning Shohidlari bunday yordamni taqdim etish uchun o‘z dasturini o‘ylab chiqarishgan.
Savodxonlik kurslariga hamma, ya’ni erkag-u ayollar, yosh-u qariyalar borishi mumkin edi. Bu kurslarning maqsadi, bitta jamoatning o‘zida bir nechta tilda gapiradigan odamlar bo‘lsa ham, ularning bariga ona tilida o‘qishni o‘rgatish edi.
Foydali dastur
Bu dastur odamlarga qanday foyda keltiryapti? Meksikadagi Yahovaning Shohidi shunday dedi: «Hozir, Muqaddas Kitobda yozilganlarning ma’nosini yaxshiroq tushunayotganim bois, bu qalbimga ta’sir qilyapti. O‘qishni o‘rganib, qo‘shnilarim bilan ham bemalolroq gaplasha olyapman. Shuningdek, Muqaddas Kitobdagi xabarni ko‘proq odamlarga yetkaza olyapman».
Bu dastur Muqaddas Kitobni yaxshiroq tushunishga hissa qo‘shayotganidan tashqari, boshqa tomondan ham foydali. Burundiyalik Isaak shunday dedi: «O‘qish va yozishga o‘rganganim qurilish sohasida qobiliyatli bo‘lishimga yordam berdi. Hozir, katta qurilishlarda ishboshqaruvchi bo‘lib ishlayman».
Perudan bo‘lgan Xesusa savodxonlik kurslariga qatnashni boshlaganda 49 yoshda edi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Uy bekasi bo‘lganim uchun do‘kondagi narsalarning narx-navo va nomlarini bilishim kerak edi. O‘tmishda, bu men uchun juda qiyin edi. Bu kurslar borligidan minnatdorman, oilam uchun bozor-o‘char qilganimda, ancha o‘zimga ishonaman».
Yahovaning Shohidlari ko‘p yillardan beri bu sohada yuritayotgan faoliyati uchun turli mamlakatlardagi hukumat a’zolaridan maqtov so‘zlarini eshitishyapti. Hozirgi kunda ham Yahovaning Shohidlari yildan-yilga yaxshilanib borayotgan dastur va asboblarni qo‘llab, savodxonlik kurslarini o‘tkazishyapti. Ular shuningdek, odamlarga o‘qishni o‘rgatish yoki yetarlicha bilimi bo‘lmaganlarga yordam berish uchun 720 ta tilda taxminan 224 million risolani ishlab chiqarib, nashr etishgan *.
^ 16- x.b. Misol uchun, «O‘qish va yozish bilan shug‘ullaning» risolasi 123 va «Xudoga quloq soling» risolasi 610 tilda bor.