XAYR-EHSONLAR QAY YO‘SIN SARFLANADI?
2020-yilning «Hamisha quvoninglar!» nomli hududiy anjumanining tarjimasi
2020-YIL 10-IYUL
2020-yilning iyul va avgust oylari davomida, ilk bor butun dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari o‘sha-o‘sha hududiy anjuman dasturini bir vaqtning o‘zida tomosha qila olishadi. Buni amalga oshirish uchun, dastur 500 dan oshiq tilga tarjima qilinishi kerak edi. Odatda, buni tashkillashtirish va bitkazish uchun kamida bir yil vaqt kerak bo‘ladi. Lekin koronavirus pandemiyasi dastidan sharoitlar o‘zgargani uchun tarjimonlar 2020-yilning «Hamisha quvoninglar!» nomli hududiy anjumanini bor-yo‘g‘i 4 oyda tugatishi kutilardi.
Yahova Shohidlarining xalqaro bosh idorasidagi Tarjimon guruhlarga yordam berish va xarid qilish bo‘limlari ushbu ulkan loyihani qo‘llab-quvvatlashdi. Tarjimon guruhlarga yordam berish bo‘limi ko‘pgina tarjimonlar guruhlariga vazifasini bajarish uchun, ayniqsa yuqori sifatli mikrofonlar kerakligiga e’tibor berdi. Xarid qilish bo‘limi 1 000 ta mikrofon sotib olib, ularni deyarli 200 ta joyga yubordi.
Pulni tejash maqsadida, xarid qilish bo‘limi ko‘pgina mikrofonlarni ko‘tarasiga sotib olib, omborxonaga qo‘yishdi. So‘ng esa ular butun dunyo bo‘ylab tarjimonlarga jo‘natildi. Mikrofonlar ko‘tarasiga sotib olingani bois, bitta mikrofon narxi eltib berish xarajati bilan o‘rtacha hisobda 170 dollarga (AQSH) to‘g‘ri keldi. Bu tufayli har bir mikrofon donalab sotiladigan narxga qaraganda 20 foiz arzonga tushdi.
Xarid qilish bo‘limi buni 2020-yili aprel va may oylarida amalga oshirdi. O‘sha paytda pandemiya dastidan ko‘p kompaniyalar odatdagiday xizmat ko‘rsata olmayotgan edi. Bunga qaramay, may oyining oxirida aksariyat masofaviy tarjima ofislari va filiallarga kerakli uskunalar yetkazib berildi.
Xarid qilish bo‘limining noziri Jey Suini shunday dedi: «Bu loyiha davomida Baytildagi bo‘limlar ta’minlovchilar bilan yaxshi hamkorlik qilishdi. Bu ishni faqat Tangri Yahovaning ruhi ila qisqa muddat ichida qildik va uskunalarni nafli narxda sotib oldik».
Tarjimon guruhlarga yordam berish bo‘limida xizmat qiladigan Nikolas Aladis quyidagicha fikr bildirdi: «Barcha tarjimonlar izolyatsiyada edi va mikrofonlarni olishganda juda xursand bo‘lishdi. Bitta tarjimonlar guruhining a’zolari tom ma’noda boshqa-boshqa joylarda bo‘lishlariga qaramay uyg‘un tarzda bajarishdi. Natijada, 500 dan ziyod tilga nutq, drama va qo‘shiqlar o‘girildi, so‘ng esa ovozli qilindi».
Butun dunyodagi imondoshlarimiz 2020-yilgi «Hamisha quvoninglar!» nomli hududiy anjumandan zavq olishi uchun, bu ko‘pgina loyihalarning biridir. Sizning donate.pr418.com va boshqa yo‘llar orqali saxiylik ila qilgan xayr-ehsonlaringiz tufayli ushbu zaruriy uskunalarni sotib oldik.