Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

XAYR-EHSONLAR QAY YO‘SIN SARFLANADI?

Barcha uchun eng muhim bo‘lgan kitobni ishlab chiqarish

Barcha uchun eng muhim bo‘lgan kitobni ishlab chiqarish

2021-YIL 1-YANVAR

«Buni 19-yildan beri kutayotgandim!» Qiziq, birodarimiz nimani kutayotgan edi? «Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar»ni ona tilida, ya’ni bengali tilida chiqishini kutayotgan edi. Ko‘plar «Yangi dunyo tarjimasi»ni ona tilida olganida, shunga o‘xshash fikrlarni bildiradi. Xo‘sh, Muqaddas Kitobni tarjima qilish va ishlab chiqarish nimani o‘z ichiga olishi bilan qiziqib ko‘rganmisiz?

Avvalambor, Yetakchi kengashning Muharririyat qo‘mitasi yo‘l-yo‘rig‘i ostida tarjima guruhi tayinlanadi. Qiziq, Muqaddas Kitobni tarjima qilishga qancha vaqt ketadi? Uorvikda (Nyu-York) tarjima guruhlariga yordam berish bo‘limida xizmat qilayotgan Nikolas Aladis shunday deb tushuntirdi: «Tarjima qilish jarayoni turli omillar bilan bog‘liq. Masalan, bu loyihada nechta tarjimon qatnashishi, o‘sha til qanchalik murakkabligi, o‘quvchilar Muqaddas Kitob yozilgan davrdagi hayotni qanchalik yaxshi tushunishi va o‘sha til har xil hududlarda qanchalik farq qilishini inobatga olinadi. O‘rtacha hisoblaganda, Yunoncha yozuvlarni bir yoki uch, butun Muqaddas Kitobni esa, umuman olganda, to‘rt yoki undan ham ko‘proq yil mobaynida tarjima qilish mumkin. Imo-ishora tillariga tarjima qilish uchun ko‘proq vaqt ketadi».

Muqaddas Kitobni o‘girish tarjima guruhini yaratish bilan chegaralanib qolmaydi. Kelib chiqishi turlicha va gohida har xil mamlakatlardan bo‘lgan o‘quvchilar tarjima bilan tanishib chiqadi va buni bepul qiladi. Ularning fikr-mulohazalari yordamida tarjimonlar Muqaddas Kitobni aniq, tushunarli va ma’noli qilib o‘gira oladi. Darvoqe, Muqaddas Kitobni tarjima qiluvchilarga ta’lim beradigan Janubiy Afrikadagi birodar quyidagicha dedi: «Tarjimonlar Yahova hamda Uning Kalomini o‘qiydiganlar oldida ulkan mas’uliyatni his qiladi».

Tarjima tugagach, Muqaddas Kitoblarni chop etib, muqovalash kerak bo‘ladi. Buning uchun kamida o‘nta narsa kerak. Masalan, qog‘oz, siyoh, muqova uchun gazlama, yelim, astar, kumush rangli kukun, xatcho‘p, tasma, muqovalash uchun ip va yupqa varaqlar. 2019-yili faqatgina bu narsalar uchun 20 million AQSH dollaridan ko‘proq pul sarflandi. O‘sha yili Muqaddas Kitobni chiqarib, boshqa mamlakatlarga yuborish uchun uning ustida mehnat qilganlar 300 000 dan ko‘proq soat sarflashdi.

Nega bular uchun shuncha ko‘p vaqt va mablag‘ sarflaymiz? Xalqaro chop etish bo‘limidagi birodarimiz Joul Blu quyidagicha dedi: «Muqaddas Kitob biz ishlab chiqaradigan eng muhim adabiyotdir. Shuning uchun, uning ko‘rinishi biz xizmat qilayotgan Xudoni sharaflashini va e’lon qilayotgan xushxabarni yanada go‘zallashtirishini xohlaymiz».

«Yangi dunyo tarjimasi»ni nafaqat hammabop nashrda, balki o‘zgacha ehtiyojlari bor o‘quvchilar uchun ham ishlab chiqaramiz. Misol uchun, Brayl shriftidagi «Yangi dunyo tarjimasi» o‘nta tilda mavjud. Bu shriftdagi nusxaning bittasini ishlab chiqarish uchun sakkiz soat ketishi mumkin. Uning hamma jildlarini joylashtirmoqchi bo‘lsak, uzunligi taxminan 2,5 metr bo‘lgan polka kerak bo‘ladi. Qolaversa, qamoqdagi mahbuslar uchun ham Muqaddas Kitobning maxsus nashrini tayyorlaymiz. Sababi, u yerda faqat muqovasi qog‘oz bo‘lgan kitoblar ruxsat etilgan.

«Yangi dunyo tarjimasi» uni o‘qiydigan odamlarning hayotiga ta’sir qilmoqda. Masalan, Tombedagi (Kongo Demokratik Respublikasi) kiluba tilida gaplashadigan jamoatga e’tibor qarataylik. Tombe poytaxtdan 1 700 dan oshiq kilometr uzoqlikda joylashgan. U yerdagi birgina imondoshimizda Muqaddas Kitob bor bo‘lgan, u ham eski kiluba tilida edi. Birodarlar uni bir-biriga berib, jamoatdagi topshiriqlariga tayyorlanardi. Lekin 2018-yil avgustdan beri jamoatdagi barcha zamonaviy kiluba tilidagi «Yangi dunyo tarjimasi»ning to‘liq nusxasidan foydalanyapti.

Nemis tilida gapiradigan bir opamiz uning tilida «Yangi dunyo tarjimasi»ning qayta ko‘rib chiqilgan nashri haqida shunday dedi: «Men endi Muqaddas Kitobni o‘qishim kerak, deb aytmayman. Aksincha, uni o‘qishga qachon ko‘proq vaqt ajrata olaman, deyman». Qamoqda o‘tirgan bir kishi quyidagicha dedi: «Menga “Yangi dunyo tarjimasi”ni berishgandi va u hayotimni o‘zgartiryapti. Uni o‘qiyotganimdan beri Xudoning Kalomini juda yaxshi tushuna olyapman. Men Yahovaning Shohidlarini hamda qay yo‘sin ulardan biri bo‘lishim mumkinligi borasida ko‘proq bilishni istayman».

«Yangi dunyo tarjimasi»ning barcha o‘quvchilari uning ishlab chiqarilishiga hissa qo‘shayotgan xayr-ehsonlar uchun minnatdor. Umumjahon faoliyatimiz uchun xayr-ehsonlar donate.pr418.com saytidagi usullar yordamida qilinyapti. Saxiyligingiz uchun minnatdormiz.

«Muqaddas Kitob biz ishlab chiqaradigan eng muhim adabiyotdir»