Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

XAYR-EHSONLAR QAY YO‘SIN SARFLANADI?

Xayr-ehsonlar boshqalarning yetishmovchiligini to‘ldiryapti

Xayr-ehsonlar boshqalarning yetishmovchiligini to‘ldiryapti

2020-YIL 1-OKTABR

Yahovaning Shohidlari 200dan ziyod mamlakatda diniy faoliyatni olib boradi va gumanitar yordamni taqdim etadi. Biroq ulardan taxminan 35 tasidagina xarajatlar mahalliy xayr-ehsonlar evaziga qoplanadi. Qiziq, xarajatlarini qoplash uchun xayr-ehsonlari yetarlicha bo‘lmagan mamlakatlar haqida nima desa bo‘ladi?

Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi butun dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining ma’naviy ehtiyojlarini hamda faoliyatini tahlil qiladi. Xayr-ehsonlar diqqat ila taqsimlanadi va byudjetga muvofiq ishlatiladi. Mahalliy faoliyatni yuritish uchun filialga ko‘proq xayr-ehson tushsa, ortib qolgani yetarlicha mablag‘i bo‘lmagan boshqa mamlakatlarga yuboriladi. Bu tadbir muvozanatni saqlash orqali bir-biriga yordam bergan ilk masihiylarning o‘rnagi asosida uyushtirilgan. (2 Korinfliklarga 8:14) Ular mo‘l-ko‘l bo‘lgan narsalarini yetishmovchiligi bo‘lgan boshqa masihiylar bilan bo‘lishishgan.

Birodarlar boshqa filiallardan xayr-ehsonlarni olganida o‘zlarini qanday his etmoqda? Misol uchun, Tanzaniyaning yarmidan ko‘proq aholisi kuniga ikki dollardan kamrog‘iga yashaydi. Shu kabi xayr-ehsonlar evaziga «Mafinga» jamoati foydalanadigan Yig‘ilish zali ta’mirlandi. Bu jamoatdagilar quyidagicha yozdi: «Yig‘ilish zali ta’mirlanganidan beri jamoatlarga keladiganlarning soni anchaga oshdi! Tashkilotimiz va umumjahon birodarligimiz ko‘rsatayotgan saxiyligi uchun juda minnatdormiz. Ularning yordami tufayli topinish uchun shunday ajoyib joydan foydalanishimiz mumkin».

COVID-19 pandemiyasi tufayli Shri Lankada yashovchi ba’zi imondoshlarimiz oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Imara Fernando va uning o‘g‘ilchasi Enosh ular orasidadir. Biroq boshqa mamlakatlardan yuborilgan xayr-ehsonlar evaziga ularga kerakli yordam ko‘rsatildi. Qo‘lda yasalgan otkritkaga ular quyidagicha yozdi: «Shunday qiyin paytlarda ko‘rsatilgan sevgi uchun imondoshlarimizdan minnatdormiz. Bunday oilaning a’zolari ekanimizdan juda baxtiyormiz. Oxirgi kunlarda yashayotgan barcha imondoshlarimizga yordam berishini so‘rab Yahovaga doim ibodat qilamiz».

Imara va Enosh Fernando

Qaerda yashashidan qat’i nazar, birodar-u opa-singillarimiz o‘zida borini boshqalar bilan bo‘lishishga intiladi. Masalan, Enosh yordamga muhtoj oilalarga ko‘maklashish uchun xayr-ehson qutichasini yasadi. Gvadelupa Alvares ham shunday saxiylikni namoyon etdi. U Meksikaning bir qismida yashaydi. U yerda ba’zilarga eng kam ish haqqi to‘lanadi yoki muntazam ravishda maosh to‘lanmaydi. Lekin u qo‘lidan kelgancha xayr-ehson qiladi. U shunday yozdi: «Yahovaning himmati va mehr-sadoqati uchun minnatdorman. Xayr-ehsonlarim boshqalarnikiga qo‘shilib, muhtojlikda bo‘lgan imondoshlarimizga yordam berishini bilaman».

Ehtiyoj bor joylarga mablag‘ yuboradigan filiallar bunday qilishdan xursand. Braziliyaning Filial qo‘mitasida xizmat qiladigan Entoni Karvalo quyidagicha bo‘lishdi: «Mamlakatimizdagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa mamlakatlarning moddiy yordamiga ko‘p yillar davomida muhtoj edik. Bu yordam tufayli ajoyib o‘sishni kuzatdik. Endi esa moddiy ahvolimiz o‘zgarib, boshqalarga yordam berish sharafiga egamiz. Imondoshlarimiz va’zgo‘ylik ishiga butun dunyo miqyosida qarab, Isoning fidoyi shogirdlari sifatida qanday hissa qo‘sha olayotganini ko‘ryapti».

Yahovaning Shohidlari yordamga muhtoj birodar-u opa-singillarini qo‘llab-quvvatlashining eng yaxshi yo‘li qanday? Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa mamlakatlardagi filiallarga emas, umumjahon ishga xayr-ehson qilish orqali amalga oshirsa bo‘ladi. Buni jamoatdagi umumjahon faoliyat uchun deb nomlangan xayr-ehson qutisi yoki donate.pr418.com sayti orqali qilish mumkin. Bu kabi xayr-ehsonlarning barchasi o‘ta qadrlanadi.