Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM | BOLALAR TARBIYASI

Ajralish farzandlarga qanday ta’sir qiladi?

Ajralish farzandlarga qanday ta’sir qiladi?

Bir-biri bilan til topa olmagan ba’zi juftliklar: «Bolalarimiz doim talashib-tortishishimizni eshitib katta bo‘lganidan ko‘ra, ajralib, bo‘lak yashaganimiz yaxshiroq bo‘ladi»,— deb o‘zlarini yupatishadi. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, nima desa bo‘ladi?

 Ajralish bolaga qanday ta’sir qiladi?

Tadqiqotlarga ko‘ra, ajralish bolaga juda yomon ta’sir qiladi. Ajrashganlarning bolalari quyidagi muammolarga duch kelishi mumkin:

  • g‘azablanadi, asabiylashadi va tushkunlikka tushadi

  • o‘zgalar bilan til topisha olmaydi

  • maktabda yomon o‘qiydi yoki umuman o‘qishni tashlab qo‘yadi

  • kasalliklarga ko‘p chalinadi

Bundan tashqari, ko‘p bolalar ota-onasi ajrashganida o‘zlarini ayblashadi. Ular «men sababchiman» yoki «ularni to‘xtata olmadim», deb siqilishadi.

Ajralishning oqibatlari bolalarga hatto ulg‘ayganida ham ta’sir qilishi mumkin. Ular o‘zini arzimas, deb hisoblashadi yoki boshqalarga ishonishmaydi. O‘zlari ham nikohida muammolarga yo‘liqqanda, ajrashib ketish ehtimoli ko‘proq.

Xulosa. Garchi ba’zilarning fikricha, ajralish bolalari uchun yaxshiroq bo‘lsa ham, izlanishlarga ko‘ra bu noto‘g‘ri fikr. Penelopa Lich ismli psixolog: «Ajralish bola uchun jarohat»,— deb yozdi *.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4)

 Ajralsam, bolam baxtli bo‘ladimi?

Ayrimlarning fikricha, ha. Lekin ota-ona va bolaning ehtiyojlari odatda farq qilishini unutmang. Ajralishni xohlagan inson aslida hayotini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi. Bola esa odatda hayoti o‘zgarishini umuman istamaydi, ota-onasi bilan birga yashashni xohlaydi.

Ota-onasi ajralib ketgan minglab bolalar orasida so‘rovnoma o‘tkazgan bir kitobning mualliflari shunday deb yozishdi: «Bitta narsa aniq: bolalar baxtliroq bo‘ldik, deb aytishmadi. Aksincha, ular: “Ota-onam ajrashgan kuni bolaligim tugadi”,— deb ochiq aytishdi». Kitobda yozilishicha, bunday bolalar uchun dunyo xavf-xatarlarga to‘la bir joyday tuyuladi, chunki ularning eng yaqin odamlari o‘z munosabatlarini saqlay olishmadi. («The Unexpected Legacy of Divorce»)

Xulosa. Ota-onasi ajralgan bolalar o‘zini baxtiyor his etishi amrimahol.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Ezilgan ruh esa suyaklarni quritadi». (Hikmatlar 17:22)

 Bolani alohida yashab tarbiyalashning qanday qiyinchiligi bor?

Ajralgan ba’zi juftliklar o‘zlarini xuddi to‘laqonli bir oiladek tutishadi. Ular oldingiday bir xil tarzda ota-onaning vazifalarini uddalaymiz, deb o‘ylashadi. Biroq alohida yashab bolani birga tarbiyalash juda mushkul. Izlanishlarga binoan, ajralgan juftliklar ko‘pincha:

  • bolalari bilan kam vaqt o‘tkazishadi

  • ta’lim-tarbiya me’yorlariga turlicha qarashadi

  • o‘zini aybdor his qilgani yoki charchagani tufayli bolaga xohlaganini qilishga ruxsat berishadi

Bola shuningdek, ota-onasiga quloq solmay qo‘yishi mumkin. Buning ustiga, ota-onasi noto‘g‘ri yo‘l tutyapti deydi, masalan, ular birga yashaymiz degan va’dasida tura olishmadi. Bola: «Nega ularni quloq solishim kerak?» — deb o‘ylaydi.

Xulosa. Ajralgan juftliklar alohida yashab turib bolalarini tarbiyalashga odatda qiynalishadi. Farzandlar uchun esa, bu vaziyat undan ham qiyinroq.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Farzandlaringizning ruhi tushmasligi uchun, ularning g‘ashini keltirmanglar». (Kolosaliklarga 3:21)

 Boshqacha yechim bormi?

Ajralishdan so‘ng yangi hayot boshlash uchun ter to‘kish kerak. Odatda juftliklar birga yashashga qiynalishsa ham ajralishmasa yaxshiroq bo‘lardi. Bir kitobda: «Nikohi yomon bo‘lgani, u hech qachon yaxshi tomonga o‘zgarmasligini anglatmaydi. Vaqt o‘tgan sayin, ajralmagan eng baxtsiz er-xotinlar ham juda baxtiyor bo‘lib ketishadi»,— deb yozilgan. («The Case for Marriage») Umuman olganda, ota-ona birga bo‘lsa, farzandi o‘zini yaxshi his qiladi.

Ammo bu hech qachon ajralmaslik kerakligini anglatmaydi. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobga ko‘ra, er yoki xotin jinsiy axloqsizlikka qo‘l ursa ajralish mumkin. (Matto 19:9) Biroq shuningdek, Muqaddas Kitobda aytilishicha, «zakovatli har bir qadamini o‘ylab bosadi». (Hikmatlar 14:15) Nikohi og‘ir bo‘lgan va ajralish niyatida yurgan er-xotin har bir qarori ustida obdan o‘ylab ko‘rishi lozim. Ular ajralish bolalariga qanday ta’sir qiladi, deb ham fikr yuritib ko‘rishi kerak.

Albatta, bolalarni deb shunchaki qo‘l qovushtirib yashashning o‘zi yetarli emas. Muqaddas Kitobda er va xotin uchun nikohi mustahkam va baxtiyor bo‘lishiga hissa qo‘shadigan fazilatlarni rivojlantirish borasida eng yaxshi maslahatlar yozilgan. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki Muqaddas Kitob Muallifi bo‘lmish Tangri Yahova nikoh asoschisidir. (Matto 19:4–6)

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman». (Ishayo 48:17)

^ 9- x.b. «Bolangizning o‘sib-ulg‘ayishi. Chaqaloqligidan balog‘atigacha» degan kitob. («Your Growing ChildFrom Babyhood Through Adolescence»)