Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Farzand bilan spirtli ichimliklar haqida gaplashish

Farzand bilan spirtli ichimliklar haqida gaplashish

«Qizimiz bilan spirtli ichimliklar to‘g‘risida ilk bor suhbatlashganimizda, u olti yoshda edi. U kutganimizdan ko‘proq ma’lumotga ega ekanini ko‘rib hayron qolganmiz». (Aleksandr)

 Nimani bilishingiz kerak?

Bolalar bilan spirtli ichimliklar haqida gaplashish muhimdir. Farzandingiz o‘smirlik yoshiga yetishini kutmang. Rossiyadagi Hamid shunday deb bo‘lishdi: «O‘g‘limiz bilan spirtli ichimliklarni me’yorida ichish kerakligi borasida u hali bolaligida gaplashmaganimizdan afsuslanaman. Bu qanchalik muhim ekanini o‘z tajribamda ko‘rdim. O‘g‘lim 13 yoshligida muntazam ravishda spirtli ichimliklarni iste’mol qilishini bilib qoldim».

Nega bunga jiddiy qarashingiz kerak?

  • Sinfdoshlar, reklama va televidenie farzandingizning ichkilik borasidagi nuqtai nazariga ta’sir qilishi mumkin.

  • Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining (AQSH) tadqiqotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda spirtli ichimliklarni qonunda belgilangan yoshga yetmay turib iste’mol qiladiganlar 11 foizni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarga spirtli ichimliklarning xavfi to‘g‘risida farzandlariga bolaligidanoq tushuntirishni tavsiya qilayotgani bejiz emas. Xo‘sh, buni qay yo‘sin uddalasa bo‘ladi?

 Nima qila olasiz?

Bolangiz qanday savollar berishi haqida o‘ylab ko‘ring. Yosh bolalar qiziquvchan bo‘ladi, o‘smirlar esa, yanada qiziquvchandir. Shu bois, ularning savollariga qanday javob berish haqida o‘ylab ko‘rsangiz, yaxshi bo‘lardi. Masalan:

  • Bolangiz spirtli ichimlikning ta’mi qanday ekani haqida so‘rasa, sharobning ta’mi nordon meva sharbatinikiga o‘xshaydi, pivo esa, sal achchiqroq deb aytsangiz bo‘ladi.

  • Farzandingiz spirtli ichimlikni tatib ko‘rishni istasa, bu ichimlikning ta’mi bolalar uchun juda o‘tkirlik qilishini aytishingiz mumkin. U qanday ta’sir qilishini ayting. Spirtli ichimlik bo‘shashtiradi, ammo uni haddan ortiq iste’mol qilsa bosh aylanishi, kishi o‘zini noo‘rin tutishi va keyin afsuslanishiga olib keladigan gaplar aytishi mumkinligini tushuntiring. (Hikmatlar 23:29–35)

O‘zingiz ham ma’lumotga ega bo‘ling. Muqaddas Kitobda: «Zakovatli odam bilimiga muvofiq yo‘l tutadi»,— deyilgan. (Hikmatlar 13:16) Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va mamlakatingizdagi bunga tegishli qonunlar-u cheklovlar to‘g‘risida bilib oling. Shunda farzandingizga yordam berish uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lasiz.

Bu mavzuda suhbatlashishda tashabbus ko‘rsating. Britaniyadan bo‘lgan Mark ismli ota quyidagi fikrlar bilan bo‘lishdi: «Yoshlar spirtli ichimliklar haqida gaplashishga tortinishi mumkin. Sakkiz yoshli o‘g‘limdan spirtli ichimliklarni ichish borasida u qanday fikrda ekanini so‘radim. U o‘z fikrlarini bemalol ayta olishi uchun qulay muhit yaratdim».

Spirtli ichimliklar borasida bir necha bor suhbat qursangiz, bu unga yaxshiroq ta’sir qiladi. Spirtli ichimliklar haqida gaplashganingizda, bolangizning yoshiga qarab, boshqa hayotiy masalalar, jumladan, yo‘l xavfsizligi va jinsiy munosabatlar borasida suhbatlashing.

O‘zingiz o‘rnak ko‘rsating. Bolalar shimgich kabidir, ya’ni ular atrofidagi hamma narsani o‘ziga shimib oladi. Izlanishlar shuni ko‘rsatyaptiki, ota-onalar farzandlariga ko‘proq ta’sir qiladi. Bu shuni anglatadiki, tinchlanish yoki stressni kamaytirish uchun asosan spirtli ichimliklarni iste’mol qilsangiz, farzandingiz spirtli ichimliklar tashvishlarni yengishga yordam beradi degan xulosaga keladi. Shuning uchun yaxshi o‘rnak ko‘rsating. O‘zingiz spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilayotganingizga amin bo‘ling.

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilishda farzandingiz sizdan o‘rnak oladi