Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM | NIKOH

Elektron qurilmalardan o‘z o‘rnida foydalanish

Elektron qurilmalardan o‘z o‘rnida foydalanish

Elektron qurilmalardan foydalanish nikohni mustahkamlashi yoki unga putur yetkazishi mumkin. Sizning nikohingizda elektron qurilmalarning o‘rni qanday?

 Nimani bilishingiz kerak?

  • Elektron qurilmalardan oqilona foydalanish nikohni mustahkamlashi mumkin. Masalan, ba’zi turmush o‘rtoqlar boshqa-boshqa joyda bo‘lishgan paytlari bir-biri bilan gaplashish uchun elektron qurilmalardan foydalanishadi.

    «Qisqagina “Sizni sevaman” yoki “Sizni sog‘indim” deb xabar yuborish turmush o‘rtoqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishi mumkin». (Jonatan)

  • Elektron qurilmalardan oqilona foydalanmaslik nikohga putur yetkazishi mumkin. Masalan, ayrim turmush o‘rtoqlar elektron qurilmalaridan boshini ko‘tarmaydi, bu esa ular bir-biriga ajratishi mumkin bo‘lgan vaqt va e’tiborni o‘g‘irlaydi.

    «Telefondan foydalanmagan paytlarim erim men bilan suhbatlashishga moyilroq bo‘lganini bir necha marotaba payqadim». (Yulissa)

  • Ayrimlarning aytishicha, ular bir paytning o‘zida turmush o‘rtog‘i bilan mazmunli suhbat qurishni va elektron qurilmalaridan foydalanishni eplashadi. Jamiyatshunos Sherri Tyorklning so‘zlariga ko‘ra, bu «afsonadir». Chunki garchi odamlar bir paytning o‘zida bir nechta ishni bajarishni yaxshi deb bilishsa-da, bu doim ham unday emas. Yuqorida so‘zlari keltirilgan jamiyatshunosning aytishicha, aslida, «qilayotgan ishlarimizdan tashqari yana qo‘shimcha vazifa olishimiz ishning samaradorligini pasaytiradi». *

    «Agar erim bir paytning o‘zida bir nechta ish bilan band bo‘lmasa, u bilan suhbatlashish imkoni tug‘iladi. U bir nechta ish bilan ovora bo‘lganida esa, mening bor-yo‘qligimni unutib qo‘yadi». (Sara)

Xulosa. Elektron qurilmalardan qay yo‘sin foydalanayotganingiz turmushingizni mustahkamlashi yoki unga putur yetkazishi mumkin.

 Nima qila olasiz?

Siz uchun nima eng muhim ekanini aniqlang. Xudoning Kalomida: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar»,— deb aytilgan. (Filippiliklarga 1:10) O‘zingizdan so‘rang: «Elektron qurilmalar turmush o‘rtog‘im va men bir-birimizga ajratishimiz kerak bo‘lgan vaqt hamda e’tiborni o‘g‘irlamayaptimi?»

«Erkak va ayol restoranda ovqatlanib o‘tirgan paytda telefonlariga yopishib qolganini ko‘rish achinarli hol. Biz elektron qurilmalarning quli bo‘lib qolishni va eng muhim narsani, ya’ni bir-birimizga qanday munosabat qilishni unutib qo‘yishni istamaymiz». (Metyu)

Cheklovlar o‘rnating. Muqaddas Yozuvlarda shunday aytilgan: «Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar. Har fursatdan unumli foydalaninglar». (Efesliklarga 5:15, 16) O‘zingizdan so‘rang: «Hamma xabarlarga ular kelishi bilan javob qaytarmasdan, uncha shoshilinch bo‘lmagan xabarlarni o‘qishga va ularga javob berishga keyinroq vaqt ajrata olamanmi?»

«Telefonimni ovozsiz rejimga o‘tkazib, xabarlarga qulayroq paytda javob qaytarish menga ancha asqatyapti. Kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, SMS yoki elektron xatlar kamdan-kam hollarda o‘ta shoshilinch va tezkor javob qaytarishni talab qiladi». (Jonatan)

Ishga taalluqli ishlarni imkon boricha ishxonada bajaring. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har bir narsaning o‘z vaqti bor». (Voiz 3:1) O‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Smartfonim orqali ishga taalluqli ishlarni uyda bajarayotganim oilaviy munosabatlarimga ta’sir qilyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, bu nimadan ko‘rinyapti? Bu borada turmush o‘rtog‘imning fikri qanaqa?»

«Elektron qurilmalar tufayli har yerda va hamma vaqt ishlash imkoniyatiga egamiz. Xotinim bilan birga vaqt o‘tkazayotganimizda, telefonimni tinimsiz tekshirmaslik va ishga aloqador masalalarni hal qilmaslik uchun ko‘p harakat qilishimga to‘g‘ri keladi». (Metyu)

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan elektron qurilmalardan qanday foydalanishni muhokama qiling. Xudoning Kalomida: «Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin»,— deb yozilgan. (1 Korinfliklarga 10:24) Turmush o‘rtog‘ingiz bilan har biringiz elektron qurilmalardan qanday foydalanayotganingiz va, agar zarur bo‘lsa, o‘zgarishlar qilish kerakligi haqida gaplashib oling. Buni ushbu maqolada keltirilgan muhokama rejasini ko‘rib chiqishdan boshlasangiz bo‘ladi.

«Agar ikkimizdan birimiz telefon yoki planshetdan haddan ortiq ko‘p foydalanayotganimizni sezsak, erim va men bir-birimizga nisbatan rostgo‘y bo‘lib, bu haqda gaplashib olamiz. Bu masala muammo tug‘dirishini ikkovimiz ham tan olganimiz uchun, bir-birimizning nuqtai nazarimizga e’tiborli bo‘lishga harakat qilamiz». (Daniel)

Xulosa. Elektron qurilmalar xo‘jayiningiz emas, xizmatkoringiz ekaniga amin bo‘ling.

^ 6- x.b. «Reslaiming Sonversation—The Power of Talk in a Digital Age» nomli kitobdan olingan.