Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Nuqtai nazar har xil bo‘lganda

Nuqtai nazar har xil bo‘lganda

Turmush o‘rtoqlar har xil qiziqishlar, odatlar va fe’l-atvorga ega ekani oilaviy hayotda qiyinchiliklar tug‘dirishi ehtimoldan yiroq emas. Ammo ba’zi masalalar undan-da ko‘proq kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Misol uchun:

  • Qarindoshlarga qancha vaqt ajratish

  • Pulni to‘g‘ri sarflash

  • Bola ko‘rish-ko‘rmaslik

Jufti halolingizning nuqtai nazari boshqacha bo‘lsa, nima qila olasiz?

 Nimani bilishingiz kerak?

Odamlar bir-biriga mos kelishi ular bir xil ekanini anglatmaydi. Hatto bir-biriga uzukka ko‘z qo‘yganday mos tushgan er-u xotinlar qaysidir masalaga, garchi u juda jiddiy bo‘lsa ham, boshqacha qarashlari mumkin.

«Men qarindosh-urug‘chilik rishtalari kuchli bo‘lgan oilada o‘sganman. Dam olish kunlari bobo-buvilarim, tog‘a-amakilarim, amma-xolalarim va amakivachchalarim bilan birga vaqt o‘tkazardik. Erimning oilasida esa unday bo‘lmagan. Shunga oila a’zolarimiz bilan qancha vaqt o‘tkazish yoki uzoqda yashaydigan qarindoshlar bilan suhbatlashishga qancha vaqt sarflash kerakligi borasida nuqtai nazarimiz har xil». (Tamara)

«Rafiqam va men pulni qanday sarflash lozimligiga har xil qaraymiz. Bu tufayli turmushimizning ilk oylari rafiqam bilan onda-sonda tortishib turardik. Murosaga kelish uchun bir necha marta suhbatlashishga to‘g‘ri kelgandi». (Tiler)

Ikkita inson bitta manzaraga har xil qarashi mumkin. Shunga o‘xshab, juftlik ham bitta masalaga har xil nuqtai nazarda bo‘lishi mumkin

Ayrim muammolar shunchaki murosa bilan hal bo‘lmaydi. Masalan, er yoki xotinning qarindoshi kasal bo‘lib, parvarishga muhtoj bo‘lib qolsa-chi? Yoki turmush o‘rtoqlardan biri farzand ko‘rishni xohlasa, boshqasi esa xohlamasa-chi? *

«Xotinim bilan bolali bo‘lish borasida bir necha marta suhbatlashgandik. Ammo u bu haqda o‘ylagani sari nuqtai nazarimiz farq qilib boryapti. Murosaga kelish qiyin bo‘lyapti». (Aleks)

Er-xotinning nuqtai nazari har xil bo‘lgani turmushni barbod qilishini anglatmaydi. Ba’zi olimlarning fikricha, agar turmush o‘rtoqlar jiddiy masalada bir to‘xtamga kelishmasa, xohlagan narsalariga erishish uchun nima kerak bo‘lsa, hatto ajrashishgacha borsa ham, shuni qilish kerak. Ammo muammoni shu tarzda yechsangiz, jufti halolingizga nima bo‘lgan taqdirda ham bog‘lanib qolish haqidagi Xudo oldida bergan va’dangizni unutib, ko‘proq his-tuyg‘ularingizga e’tibor qaratgan bo‘lasiz.

 Nima qila olasiz?

Nikoh ahdiga sodiq qolishga qat’iy qaror qiling. Agar shunday yo‘l tutsangiz, muammolaringizni yechishga raqiblar kabi emas, bir jamoa sifatida yondasha olasiz.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin». (Matto 19:6)

Harajatlarni hisoblab oling. Aytaylik, turmush o‘rtoqlardan biri farzand ko‘rishni istayapti, ikkinchisi esa yo‘q. Bu uchun quyidagi bir nechta omilni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi:

  • Nikohingiz qanchalik mustahkam

    Nikohingiz farzandni katta qilishdek qo‘shimcha stressni boshdan o‘tkazishga tayyormi?

  • Ota-onalik mas’uliyati

    Farzandni katta qilish oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana bilan ta’minlashdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi.

  • Moddiy ahvolingiz

    Ish, oila va boshqa vazifalarni bir maromda olib borishga qiynalmaysizmi?

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Orangizdan kimdir imorat qurmoqchi bo‘lsa,.. avvaliga o‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab olmaydimi?» (Luqo 14:28)

Masalani atroflicha ko‘rib chiqing. Ehtimol, nuqtai nazaringiz farq qilgan ayrim masalalarda bir to‘xtamga kelishga muvaffaq bo‘larsiz. Misol uchun, agar bola ko‘rish masalasini olsak, bunga qarshi bo‘lgan er yoki xotin o‘ziga shunday savollar berishi mumkin:

  • «Men farzand ko‘rishni xohlamayman, deb aytganimda, umuman xohlamayotganimni nazarda tutyapmanmi yoki hozirchami

  • «Men yaxshi ota yoki ona bo‘la olishimdan shubhalanayotganim uchun bunga rozi bo‘lmayapmanmi?»

  • «Turmush o‘rtog‘im menga ahamiyat bermay qoladi, deb qo‘rqyapmanmi?»

Boshqa tomondan, bolali bo‘lishni istayotgan er yoki xotin o‘ziga shunday savollar berishi mumkin:

  • «Ota-onalik vazifalarini bajarishga tayyormizmi?»

  • «Farzandni katta qilish bilan bog‘liq harajatlarni qoplay olamizmi?»

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yuqoridan tushgan donolik... mulohazalidir». (Yoqub 3:17)

Turmush o‘rtog‘ingizning nuqtai nazariga ijobiy qarashga harakat qiling. Ikkita inson bitta manzaraga har xil qarashi mumkin. Shunga o‘xshab, juftlik ham bitta masalaga, misol uchun, pulni qanday sarflash kerakligiga nisbatan har xil nuqtai nazarda bo‘lishi mumkin. Agar fikrlaringiz farq qilgan qandaydir masalani hal qilmoqchi bo‘lsangiz, avval fikrlaringiz to‘g‘ri kelgan tomonlarini muhokama qilishdan boshlang.

  • Umumiy maqsadingiz qanday?

  • Har bir nuqtai nazarning qanday afzal tomonlari bor?

  • Nikohingizni saqlab qolish uchun sizlardan bittangiz yoki ikkalangiz fikringizni o‘zgartirib, yon bera olasizmi?

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin». (1 Korinfliklarga 10:24)

^ 9- x.b. Jiddiy masalalar turmush qurishdan oldin muhokama qilinishi darkor. Lekin kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelishi yoki turmush o‘rtoqlardan birining his-tuyg‘ulari vaqt o‘tib o‘zgarishi mumkin. (Voiz 9:11)