Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Internetda o‘z rasmlarimni joylashtirish haqida nimani bilishim kerak?

Internetda o‘z rasmlarimni joylashtirish haqida nimani bilishim kerak?

 Aytaylik, sayohatdasiz va hamma do‘stlaringizga buni bildirmoqchisiz. Xo‘sh, buni qay yo‘sin qilasiz? Quyidagi usullarga e’tibor bering:

  1.   har biriga otkritka yuborasiz.

  2.   elektron pochta orqali xat yozasiz.

  3.   Internetda o‘z rasmlaringizni joylashtirasiz.

 Ehtimol, bobo va buvingiz faqat A usulidan foydalangandir.

 Ota-onangiz esa B usulini qo‘llagan bo‘lishi mumkin.

 Bugungi kunda, agar ruxsat berilgan bo‘lsa, ko‘p yoshlar V usulini ma’qul deb biladi. Siz ham ular qatoridamisiz? Shunday bo‘lsa, bu maqola yordamida ba’zi tuzoqlardan qocha olasiz.

 Qanday foydasi bor?

 Tezkor. «Qiziqarli sayohatim yoki do‘stlarim bilan o‘tkazgan vaqtim haqida bildirmoqchi bo‘lganimda, rasmlarni darrov Internetda joylashtiraman». (Melani)

 Qulay. «Elektron pochtadan foydalangandan ko‘ra, do‘stlarim Internet orqali joylashtirgan rasmlarini tomosha qilib, ularning hayotida nimalar bo‘layotganini osonlikcha bilib olaman». (Jordan)

 Doim aloqada bo‘lishga qo‘l keladi. «Ba’zi do‘stlarim va qarindoshlarim uzoqda yashaydi. Ular rasmlarini tez-tez almashtirib turishsa, ularni xuddi har kuni ko‘rganday bo‘laman». (Karen)

 Qanday xavfli tomonlari bor?

 O‘zingizni xavf ostiga qo‘ygan bo‘lishingiz mumkin. Agar fotoapparatingiz siz qayerda ekaningizni belgilaydigan xususiyatga ega bo‘lsa, qayerda ekaningiz ma’lum bo‘ladi. Bir saytda shunday yozilgan: «Internetda aynan qayerda joylashganingiz haqidagi rasmlarni yoki shunga o‘xshash ma’lumotni joylashtirsangiz, yomon niyatli insonlar samarali kuzatuv dasturlarini qo‘llab, siz qayerda ekaningizni aniqlashi va bundan foydalanib qolishi mumkin». («Digital Trends»)

 Albatta, ayrim jinoyatchilarni siz uyda emasligingiz ko‘proq qiziqtiradi. O‘sha saytda yozilganiday, uchta o‘g‘ri xonadon egalari uyda bo‘lmaganda, 18ta uyni o‘marib ketibdi. Ular buni qayerdan bilibdi? O‘g‘rilar buni Internet, xususan, kiberkeysing deb nomlanadigan dastur orqali bilishgan. Natijada, ular 100000 AQSH dollardan ziyod qiymatga teng keladigan narsalarni o‘g‘irlab ketishgan.

 Nomunosib narsalarga duch kelib qolishingiz hech gap emas. Ayrimlar hamma narsani ochiq-oydin ko‘rsatishdan tap tortmaydi. 18 yoshli Sara quyidagicha bo‘lishdi: «Siz tanimagan insonlarning sahifalarida kezib yurganingizda, muammo tug‘ilishi mumkin. Bu xuddi notanish shaharda xaritasiz yurishga o‘xshaydi. Yurib-yurib, oxiri adashib qolasiz».

 Vaqtingiz zoe ketadi. «Joylashtirilgan so‘nggi rasmlarni ko‘rganingizda va har biriga keltirilgan sharhni o‘qiganingizda vaqt uchib ketganini sezmay qolasiz. Qani, yangisi qo‘shildimikin deb, doim telefoningizga qarayverasiz»,— dedi 19 yashar Yolanda.

Rasmingizni joylashtirmoqchi bo‘lganingizda, o‘zingizni nazorat qilishingiz kerak

 13 yoshli Samanta bunga qo‘shiladi. U shunday dedi: «O‘sha saytlarda o‘tkazayotgan vaqtimni chegaralashim kerak. Rasmlar joylashtirilgan sahifalarni tomosha qilayotganda, o‘zingizni juda ham nazorat qilishingiz lozim».

 Nima qila olasiz?

  •   Shubhali sahifalardan qochish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Muqaddas Kitobda: «Ko‘z oldimga yaramas narsalarni qo‘ymayman»,— deb aytilgan. (Zabur 101:3)

     «Kirmoqchi bo‘lgan sahifamga keltirilgan sharhni doim ko‘zdan kechiraman, agar u g‘alati bo‘lsa, o‘sha sahifaga kirmayman». (Stiven)

  •   Qadriyatlaringizni nazariga ilmaydigan kishilar bilan aloqa qilmaslikka intiling, chunki ular axloq borasidagi nuqtai nazaringizni buzishi mumkin. Muqaddas Kitobda: «Adashmanglar. Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi»,— deb yozilgan. (1 Korinfliklarga 15:33)

     «Rasmlar hammaga yoqqani uchungina ularni tomosha qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Ko‘pincha, Muqaddas Kitobga zid, uyatsiz va qandaydir shubhali rasmlarga duch kelib qolasiz». (Jessika)

  •   Sahifalarni tomosha qilishga va rasmlaringizni yangilab turishga ketkazayotgan vaqtni cheklang. Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar. Har fursatdan unumli foydalaninglar». (Efesliklarga 5:15, 16)

     «Rasm ishqibozlarining sahifalariga kirmayman. Masalan, bittasi sohilda o‘sha-o‘sha chig‘anoqni 20-marta rasmga tushirib, sahifasiga joylashtirgan. Rostini aytsam, bu hamma rasmlarni tomosha qilish uchun ko‘p vaqt ketadi». (Rebeka)

  •   Joylashtirayotgan rasmlaringiz odamlarda butun dunyoning e’tibori faqat sizda degan taassurot tug‘ilmasin. Muqaddas Kitob yozuvchisi Pavlus: «Har biringizga shunday deyapman: o‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar»,— deb maslahat bergan. (Rimliklarga 12:3) Do‘stlaringiz siz va ishlaringiz tasvirlangan rasmlarga mahliyo bo‘ladi degan fikrga bormang.

     «Ayrimlar son-sanoqsiz selfi suratlarini joylashtiradi. Agar u do‘stim bo‘lsa, uning ko‘rinishi esimda, buni doim eslatib turishning hojati yo‘q!» (Ellison)