Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak? 2-qism. Tiklanish

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak? 2-qism. Tiklanish

 Aybdorlik hissi bilan kurashish

 Jinsiy zo‘rlash qurboniga aylangan ko‘pgina insonlar bo‘lib o‘tgan voqea tufayli qattiq uyatni his qilishadi. Ular bu uchun hatto o‘zlarini ayblashadi. Hozir 19 yoshda bo‘lgan Karenning misolini olaylik. U 6–13 yoshgacha jinsiy tahqirlanishni boshdan kechirgan. U shunday deydi: «Men uchun eng qiyini aybdorlik hissi bilan kurashishdir. “Bunday tahqirlanishga qanday qilib shuncha vaqt davomida chidab keldim?” — deb o‘ylayman».

 Agar siz ham shunday tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, quyidagilarni ko‘rib chiqing:

  •   Bolalar jinsiy aloqaga na jismonan, na hissan tayyor bo‘lishadi. Ular jinsiy aloqa nimaligini tushunmagani uchun ongli ravishda bunga rozilik bildira olmaydi. Demak, jinsiy tahqirlanishga duch kelgan bolaning bunda hech qanday aybi yo‘q.

  •   Bolalar kattalarga ishongani va sodda bo‘lgani uchun buzuq insonlarning hiyla-nayrangini farqlay olmaydi. Bu esa ularni himoyasiz qilib qo‘yadi. Bir kitobda: «Bolalarning nomusiga tegadigan kishilar juda ayyor bo‘ladi va bolalar ularning hiyla-nayrangini ajrata olmaydi»,— deb aytilgan. («The Right to Innosense»)

  •   Bola zo‘rlanganda jinsiy maylni his qilishi mumkin. Agar sizda ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, shuni bilingki, bu sizga o‘zgacha tarzda teginishganiga nisbatan organizmingizning tabiiy reaksiyasi. Ammo bu jinsiy aloqaga ongli ravishda rozilik bildirganingizni yoki bunda o‘zingiz aybdor ekaningizni anglatmaydi.

 Maslahat. Sizning nomusingizga tegishganida necha yoshda bo‘lgan bo‘lsangiz, mana shu yoshdagi bolani ko‘z oldingizga keltiring. O‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Bu bolaning nomusiga tegishsa, uni ayblash adolatdan bo‘larmidi?»

 Karen uchta bolaga enagalik qilganida, bu savol ustida mulohaza yuritgan. Bu bolalardan biri qariyb olti yoshda edi. Karenning nomusiga tegishganida u ham mana shu yoshda edi. Karen shunday deydi: «Bola bu yoshda qanchalik himoyasiz ekanini va men ham o‘shanda himoyasiz bo‘lganimni tushunib yetdim».

 Fakt. Sizning nomusingizga tekkani uchun faqat zo‘rlovchi javobgar. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Yovuz kishi o‘z yovuzligiga ko‘ra hukm qilinadi». (Hizqiyo 18:20)

 Ishonchli kishi bilan gaplashishning foydasi

 Bo‘lib o‘tganlar haqida ishonchli katta kishi bilan gaplashib olish dardingizga malham bo‘la oladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Chin do‘st hamma vaqt sevadi, og‘ir damda birodariga tayanch bo‘ladi». (Hikmatlar 17:17)

 Sodir bo‘lganlar haqida hech kimga gapirib bermasangiz, ehtimol, o‘zingizni xavfsizroq his qilarsiz. Balki nazaringizda sukut saqlash yana zarar yetkazilishidan asraydigan devorday ko‘rinishi mumkin. O‘ylab ko‘ring: sukut devori sizni zarar yetkazilishidan himoya qilar, ammo sizga yordam ko‘rsatilishiga ham to‘sqinlik qilishi mumkin.

Sukut devori sizni zarar yetkazilishidan himoya qilar, ammo sizga yordam ko‘rsatilishiga ham to‘sqinlik qilishi mumkin

 Janet ismli qiz jinsiy tahqirlangani haqida aytib berganida o‘zini ancha yengil his qilgan. U shunday deydi: «Juda yosh bo‘lganimda men yaxshi tanigan va ishongan kishi nomusimga tekkan va buni yillar davomida sir saqlaganman. Ammo bir safar bo‘lib o‘tganlar haqida onamga gapirib berganimda, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi».

 Ortga qarab Janet nima sababdan ba’zilar bu haqda aytib berishdan o‘zini tiyayotganini tushunadi. U shunday deb bo‘lishdi: «Nomusga tegish mavzusida gaplashish insonga noqulay. Ammo o‘zimdan bilamanki, bu dard bilan yashash ham oson emas. Bu haqda qancha erta gapirib berganimda shuncha yaxshi bo‘lardi».

 «Shifo berishning» vaqti keldi

 Nomusga tegish o‘zingiz haqda noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Misol uchun, o‘zingizni yaralangan, keraksiz yo bo‘lmasa, faqat boshqalarning jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun yashayotganday his qilishingiz mumkin. Endi bu yolg‘onlardan xalos bo‘lishning, dardingizga «shifo berishning» vaqti keldi. (Voiz 3:3) Bunda sizga nima yordam bera oladi?

 Muqaddas Kitobni tadqiq qilish. Muqaddas Kitobda Xudoning fikrlari yozilgan bo‘lib, ular «mustahkam qal’alarni», jumladan, sizning qadr-qimmatingiz haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarni qulatishga qodir. (2 Korinfliklarga 10:4, 5) Misol uchun, quyidagi oyatlarni o‘qib mulohaza yuriting: Ishayo 41:10; Yeremiyo 31:3; Malaki 3:16, 17; Luqo 12:6, 7; 1 Yuhanno 3:19, 20.

 Ibodat. O‘zingizni keraksiz his qilsangiz yoki aybdorlik hissi sizni qiynayotgan bo‘lsa, ibodat qilib g‘am-tashvishingizni Yahovaga tashlang. (Zabur 55:22) Siz yolg‘iz emassiz!

 Jamoat oqsoqollari. Bu masihiylar imondoshlari uchun «shamoldan himoyalaydigan joyday, jaladan saqlaydigan panaday» bo‘lish uchun ta’lim olishgan. (Ishayo 32:2) Ular o‘zingiz haqda muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishingizga va yashashni davom ettirishingizga yordam berishadi.

 Yaxshi do‘stlar. O‘rnakli masihiylarning hayot tarzini kuzatib boring. Ular bir-biri bilan qanday muomala qilganiga e’tibor bering. Vaqt o‘tgach hamma insonlar ham mavqeini suiiste’mol qilib sevgan kishilariga zo‘ravonlik qilmasligini tushunib yetasiz.

 Tanya ismli qiz ushbu muhim saboqni o‘zlashtirdi. Kichikligida uni bir nechta erkak zo‘rlagan. U shunday deb bo‘lishdi: «Men yaqin deb bilgan erkaklar meni tahqirlashgan». Lekin vaqt o‘tib, Tanya samimiy sevgini namoyon etadigan erkaklar ham borligini tushunib yetdi. Tanya qanday qilib bunday xulosaga keldi?

 Tanya Xudoning prinsiplari bo‘yicha yashayotgan er-xotinni kuzatib, fikrlash tarzini o‘zgartirdi. U shunday dedi: «Bu oila boshining xatti-harakatini kuzatib, hamma erkaklar zo‘ravon emasligini anglab yetdim. U xotinini himoya qilardi va bu Xudoning azaliy niyatiga muvofiq edi» a. (Efesliklarga 5:28, 29)

a Agar siz surunkali depressiya, ishtaha va uyquning buzilishi, o‘ziga jarohat yetkazish, giyohvand moddalarni qabul qilish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yoki o‘z joningizga qasd qilish haqida o‘ylash kabi muammolar bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, malakali shifokorga murojaat qilsangiz yaxshi bo‘lardi.