Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Men maksimalistmanmi?

Men maksimalistmanmi?

 Agar

  •   har bir imtihon uchun eng a’lo bahodan kamini olishni istamasangiz;

  •   muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qo‘rqib, yangi qiyinchiliklardan qochsangiz;

  •   barcha tanqidlarni sizga nisbatan kamsitish sifatida qabul qilsangiz;

 ... yuqoridagi savolga «ha» deb javob berarsiz. Xo‘sh, bu savol aslida muhimmi?

 Maksimalist bo‘lishning nimasi yomon?

 Qo‘lingizdan kelganini qilishga intilishning yomon joyi yo‘q. Bir kitobda aytilishicha, «biron nimani a’lo darajada bajarish uchun to‘g‘ri niyatlar ila intilish va imkonsiz narsaga erishishga harakat qilish o‘rtasida katta farq bor. Maksimalist bo‘lish og‘ir yuk kabidir. Shuni tan olish kerakki, hech kim mukammal emas». («Perfestionism — What’s Bad About Being Too Good?»)

 Muqaddas Kitobda bu fikr tasdiqlangan. Voiz 7:20da: «Yer yuzida doimo yaxshilik qilib, hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir»,— deb aytilgan. Nomukammal ekansiz, ba’zida biron nima siz kutganday a’lo darajada chiqmasligi mumkin.

 Siz uchun buni tan olish qiyinmi? Agar shunday bo‘lsa, maksimalist bo‘lish sizga salbiy ta’sir qilishi mumkinligining to‘rtta jihatini ko‘rib chiqing.

  1.    O‘zingizga bo‘lgan nuqtai nazaringiz. Maksimalist inson o‘zi uchun yuksak talablar qo‘yadi. Bu esa ko‘ngil tushishiga olib keladi. «Ochig‘ini aytganda, hamma ishimiz ham a’lo darajada chiqmaydi. Bunday vaziyatlarda o‘zimizga past baho beraversak, o‘zimizga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Bu esa tushkunlikka tushirishi mumkin». (Alisiya)

  2.    Maslahatga bo‘lgan nuqtai nazaringiz. Maksimalist kishilar ularga berilgan o‘rinli tanqidni kamsitish sifatida qabul qilishga moyil. «Xatolarimni aytishganda, o‘zimni yomon his etaman. Maksimalist bo‘lish imkoniyatlaringiz chegaralanganini tan olishingizga va yordamni qabul qilishingizga to‘sqinlik qiladi»,— deb bo‘lishdi 24 yoshli Jeremi.

  3.    Boshqalarga bo‘lgan nuqtai nazaringiz. Maksimalistlar ko‘pincha boshqalarga tanqidiy nuqtai nazarda bo‘ladi va buning sababini tushunish oson. Yoshi 18da bo‘lgan Anna quyidagicha dedi: «Maksimalist bo‘lsangiz, buni boshqalardan ham talab qilasiz. Odamlar siz qo‘ygan talablarga mos kelmaganda, doim ko‘nglingiz tushaveradi».

  4.    Boshqalarning sizga bo‘lgan nuqtai nazari. Boshqalar uchun noo‘rin yuqori talablar belgilaganingizda, odamlar o‘zini sizdan olib qochsa, hayron qolmang! «Maksimalist odamning yuqori talablari bo‘yicha yashash odamni charchatadi. Kim ham bundaylar orasida bo‘lishni istaydi?!» — deb aytdi 29 yoshli Bet.

 Sizga nima yordam bera oladi?

 Muqaddas Kitobda: «Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin»,— deyilgan. (Filippiliklarga 4:5) Mulohazakor odamlar o‘zidan va boshqalardan biron nima kutganda, muvozanatli bo‘lishadi.

 «Shundoq ham ko‘p bosimga duch kelamiz. Maksimalist bo‘lib, ortiqcha bosim o‘tkazishning nima keragi bor?! Bu juda qiyin!» (Nayla)

 Muqaddas Kitobda: «O‘z haddingni bilib Xudoga hamroh bo‘l!» — deyilgan. (Mixo 6:8, izoh) O‘z haddini biladigan odamlar imkoniyatlari chegaralanganini tushunadi. Ular ortiqcha yuk olmaydi; biron vazifani bajarish uchun keragidan ortiq vaqt sarflashmaydi.

 «Mas’uliyatli vazifalarimni yaxshi bajarishni istasam, kuchimdan ortig‘ini olmayman. Men faqat shunchasini eplay olaman». (Xayli)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Qo‘lingdan qanday ish kelsa, uni jon-jahding bilan bajar». (Voiz 9:10) Maksimalist bo‘lmaslik erinchoq bo‘lish degani emas; tirishqoq bo‘lish kerak, ammo yuqorida aytib o‘tilgan mulohazakorlik va o‘z haddini bilish kabi fazilatlarni ham rivojlantirish zarur.

 «Ishimni iloji boricha sifatli bajarishga harakat qilaman. Bilaman, uni mukammal darajada qila olmayman, lekin borimni berib, harakat qilganimdan xursand bo‘laman». (Joshua)