YOSHLARNING SAVOLLARI
O‘qishni tashlaymikan?
«Maktabni rosa yomon ko‘raman!» Agar siz ham shunday fikrda bo‘lsangiz, o‘qishni tashlash vasvasasi tug‘ilayotgandir. Bu maqolada bir nechta yaxshi maslahatlar keltirilgan.
Nega ayrimlar o‘qimay qo‘yadi?
Quyida ba’zi mutaxassislarning fikrlari keltirilgan:
O‘qish jarayoni qiyin. «Baholar uchun kurashishdan charchadim».
Qiziqish yo‘q. «O‘qishning foydasi yo‘q».
Moddiy qiyinchilik. «Oila a’zolarimga yordam berish uchun ishlashim kerak».
Oqibatlari qanday?
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Zakovatli har bir qadamini o‘ylab bosadi». (Hikmatlar 14:15) Xo‘sh, qanday xulosa qilish mumkin? Agar o‘qishni tashlamoqchi bo‘lsangiz, oqibatlari haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring.
O‘zingizdan so‘rang:
«O‘qishni tashlasam, kelajakda yaxshi ish topa olamanmi?»
«Oilani boqish va bo‘lajak ish haqida o‘ylab ko‘ring. Ko‘p ish beruvchilar maktabni bitirganmisiz, deb so‘rashadi». (Juliya)
«O‘qishni tashlasam, bo‘lajak qiyinchiliklarni yenga olamanmi?»
«Maktab hayotga tayyorlaydi. Kelajakda siz uchratadigan odamlar, duch keladigan vasvasalar va ishingiz xuddi maktabdagiday bo‘ladi». (Deniel)
«O‘qishni tashlasam, kerakli qobiliyatlarga ega bo‘lamanmi?»
«Maktabdagi o‘qish hozir sizga keraksizday tuyular. Biroq yoshingiz 23 da bo‘lganda pulni sarflash masalasida: “Yaxshiyam, matematika darslaridan qochib yurmagan ekanman”,— deb o‘ylaysiz». (Anna)
Yaxshiroq fikr
Yordam so‘rang. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Maslahatchi ko‘p bo‘lsa rivoj topadi». (Hikmatlar 11:14) Baholaringiz kundan-kunga yomonlashib ketayotgan bo‘lsa, ota-ona, ustoz, repetitor yoki boshqa ishongan insoningizdan yaxshilanish borasida maslahat so‘rang.
«Ustozingiz bilan gaplashib ko‘ring. Ba’zida u sizdan ayb topishga urinayotganday tuyulishi mumkin. Biroq yordam so‘rab murojaat qilsangiz, u sizga jon deb yordam berish ehtimoli bor». (Edvard)
Kengroq fikrlang. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ishning oxiri boshlanishidan afzalroq». (Voiz 7:8) Maktabni bitirgach, nafaqat o‘rgangan fan bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lasiz, balki hayot uchun zaruriy fazilat-u qobiliyatlaringiz bo‘ladi.
«To‘g‘ri, ulg‘ayganingizda insho yozishga yoki imtihon topshirishga hojat qolmas, lekin maktabdagi stressni yenga olish qobiliyatingiz, keyinchalik duch keladigan muammolarni hal qila olishingizga ta’sir qiladi». (Vera)
Boshqa yechimlari haqida o‘ylang. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Shoshqaloqlar esa kambag‘allikka yuz tutadi». (Hikmatlar 21:5) O‘qishni tashlash yagona yechim deb o‘ylamang. Masalan, uyda ta’lim olish yoki masofada turib o‘qish mumkin.
«Maktab qunt bilan ishlashni, muammolarni hal qilishni va boshqalar bilan hamkorlik qilishni o‘rgatadi. Foydasini butun umr his qilasiz. Maktabni bitirish urinishlari arziydi». (Benjamin)
Xulosa. Maktabni bitiring. O‘shanda, kelajakda mas’uliyat nimaligini yaxshi tushunasiz.