Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Spirtli ichimliklar haqida nimani bilishim kerak?

Spirtli ichimliklar haqida nimani bilishim kerak?

 Agar qonun yo‘l qo‘ysa, Muqaddas Kitob spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilishni man qilmaydi. Ammo Xudoning Kalomida ichkilikbozlik man qilingan. (Zabur 104:15; 1 Korinfliklarga 6:10)

 Xo‘sh, ota-onangiz ichishga ruxsat bermasa-yu, siz esa bunday bosimga duch kelsangiz, qanday yo‘l tutasiz?

 Oqibatini o‘ylang

 Ehtimol, ba’zi tengdoshlaringiz spirtli ichkiliksiz maza qilish qiyin, deb o‘ylar. Ammo ichkilikdan keyin nima bo‘ladi?

  •  Yuridik muammolar. Qaerda yashashingizga qarab, noqonuniy bo‘la turib, spirtli ichimliklarni iste’mol qilsangiz, jarimaga tortilishingiz, jinoyatda ayblanishingiz, haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishingiz, jamoat xizmatlariga jalb qilinishingiz yoki hatto muayyan vaqtga qamoqqa tushishingiz mumkin. (Rimliklarga 13:3)

  •  Obro‘yingizga dog‘ tushadi. Spirtli ichimlik mast qiladi. Uning ta’siri ostida biron nima aytishingiz yoki nimadir qilishingiz va keyinchalik afsuslanishingiz mumkin. (Hikmatlar 23:31–33) Hozir ijtimoiy tarmoqlar asri ekan, harakatlaringiz obro‘yingizga uzoq vaqtga dog‘ tushirishi hech gap emas.

  •  Zaif qiladi. Spirtli ichimliklar tufayli osongina mojaroga yoki jinsiy axloqsizlikka aralashib qolishingiz mumkin. Buning ustiga, ichkilikning ta’siri ostida boshqalar burningizdan ip o‘tkazib olishi mumkin. Bu esa, boshqa xavfli vaziyatga yoki qonunbuzarlikka sabab bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

  •  O‘rganib qolasiz. Ba’zi izlanishlarga ko‘ra, spirtli ichimlik iste’mol qilishni qancha erta boshlasangiz, unga o‘rganib qolish ehtimoli shuncha yuqori. Stressni yengish, yolg‘izlikdan qutulish va kayfiyatni ko‘tarish uchun ichkilik ichib o‘rganib qolasiz va bundan qutulish qiyinroq bo‘lib boraveradi.

  •  O‘lim. O‘tgan yili ichkilik ichib mashina haydash tufayli Qo‘shma Shtatlarda har 52 daqiqada bitta odam hayotdan ko‘z yumdi. Besh yil ichida har yili 21 yoshda bo‘lgan 1500dan ziyod odam spirtli ichimliklar ichgani dastidan avtohalokatga uchradi. Siz hali spirtli ichimlik ichmagan bo‘lsangiz-da, uni iste’mol qilib kelayotgan odamning taklifini qabul qilib, o‘zingizni xavf ostiga qo‘yasiz.

 Qaror qiling

 Qanday yo‘l tutishni oldindan aniqlab olsangiz, ichkilikni noo‘rin iste’mol qilishning xavfli va qimmatga tushadigan oqibatlaridan qocha olasiz.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi». (Hikmatlar 22:3) Transport haydashdan yoki butun diqqatni talab qiladigan boshqa har qanday ishga kirishishdan oldin spirtli ichimliklarni iste’mol qilish donolikdan bo‘lmaydi.

 Qaror: «Qonunan hamda vaziyat o‘rinli bo‘lmaguncha, spirtli ichimliklarni iste’mol qilmayman».

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Kimga qul sifatida itoat etsangiz, o‘shaning qulisiz». (Rimliklarga 6:16) Tengdoshlaringiz ichgani uchungina siz ham bunday yo‘l tutsangiz, boshqalar sizni boshqarishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz. Zerikkaningiz yoki stressga duch kelganingiz tufayli spirtli ichimliklarni qabul qilsangiz, muammolaringizni hal qilishga yordam beradigan qobiliyatlarni rivojlantira olmaysiz.

 Qaror: «Tengdoshlarim ichishga majburlashiga yo‘l qo‘ymayman».

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Sharobga ruju qo‘yganlarga... qo‘shilma». (Hikmatlar 23:20) Yomon muloqot qaroringizni susaytirishi mumkin. Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qiladiganlar bilan do‘stlashib, o‘zingizni xavf ostiga qo‘yasiz.

 Qaror: «Ichkilikni suiiste’mol qiladiganlar bilan yaqin muloqot qilmayman».