YOSHLARNING SAVOLLARI
Qay yo‘sin tashvishlar bilan kurasha olaman?
Sizni nima tashvishga soladi?
Quyidagi fikrlar sizning ham tuyg‘ularingizni aks ettiradimi?
«Men doim shunday, deb o‘ylab qolaman: “Mabodo... yuz bersa-chi?” “Mabodo avtohalokatga uchrasak-chi?” “Mabodo samolyotimiz qulab tushsa-chi?” Mulohazakor kishi ortiqcha tashvishlanmaydigan narsalar borasida hadeb xavotirlanaveraman». (Charlz)
«Men nuqul tashvishlanaman. O‘zimni g‘ildirak ichida yugurayotgan olmaxonday his qilaman. Tinim bilmay o‘z ustimda ishlasam-da, hech narsaga erisholmayapman». (Anna)
«Odamlar: “Sen haliyam maktabda o‘qiysan, qanday maza”,— deb aytishganida, xayolimdan “Maktab hissan qanchalik charchatishini bilganlarida edi!” degan fikr o‘tadi». (Deniel)
«Har doim o‘zimni bosim ostida bo‘lganday his qilaman. Yuz berishi kerak bo‘lgan voqea yoki qilishim kerak bo‘lgan keyingi ish to‘g‘risida xavotirlanaveraman». (Laura)
Fakt. Biz Muqaddas Kitobda «nihoyatda og‘ir vaqtlar» deb atalgan davrda yashayapmiz. (2 Timo‘tiyga 3:1) Shu bois, tashvishlar kattalar bilan bir qatorda, yoshlarga ham ta’sir qiladi.
Tashvishlanish doim ham yomonmi?
Yo‘q. Zero, Muqaddas Kitobda inson sevimli kishilarini mamnun qilish haqida qayg‘urishi o‘rinli ekani to‘g‘risida aytilgan. (1 Korinfliklarga 7:32–34; 2 Korinfliklarga 11:28)
Shuni ham tan olish kerakki, tashvishlanish odamni harakatga undaydigan kuchli turtki bo‘lishi mumkin. Aytaylik, kelasi hafta maktabingizda nazorat ishi bor. Tashvishlanish sizni hafta davomida o‘qishga undashi, bu esa yaxshi baho olishingizga ko‘maklashishi mumkin.
Me’yorida xavotirlanish sizni xavfdan ogohlantirishi mumkin. «Noto‘g‘ri ish qilayotganingizni anglaganingizda, xavotirlanarsiz. Bu tufayli vijdoningizni toza saqlash uchun o‘zgarishlar qilishingiz kerakligini tushunasiz»,— deydi Serena ismli o‘smir qiz. (Yoqub 5:14ni solishtiring.)
Fakt. Tashvishlanish sizni to‘g‘ri yo‘l tutishga undasagina, bu sizga foyda keltirishi mumkin.
Ammo xavotirlar dastidan salbiy fikrlarga berilib, labirintga kirib qolganday bo‘lsangiz-chi?
Misol. «Qiyin vaziyat bilan to‘qnashganimda, u qanday oqibatlarga olib kelishini o‘ylab tashvishlanaman,— deb bo‘lishdi 19 yashar Richard.— Vaziyatni xayolimdan qayta-qayta o‘tkazib vahimaga tushaman».
Muqaddas Kitobda: «Xotirjam yurak tanaga hayot baxsh etadi»,— deb yozilgan. (Hikmatlar 14:30) Tashvishlanish esa ko‘pgina sog‘liq muammolariga, jumladan, bosh og‘rig‘i yo aylanishi, oshqozon faoliyatining buzilishi va yurak urishining tezlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tashvishlanish sizga foyda emas, zarar keltirayotgan bo‘lsa-chi, nima qila olasiz?
Nima qila olasiz?
O‘zingizdan: «Xavotirim o‘rinlimi?» — deb so‘rang. «Mas’uliyatlaringiz borasida tashvishlanish bir narsa, haddan ortiq xavotirlanish esa boshqa narsa. Bu menga tashvishlanish tebranadigan kresloga o‘xshaydi, degan fikrni eslatadi. Unda harakat qilasiz-u, lekin hech qayerga siljimaysiz». (Ketrin)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Sizlardan kim tashvishlanib, o‘z umrini bir lahzaga bo‘lsa-da, uzaytira oladi?» (Matto 6:27)
Bu nimani anglatadi? Tashvishlanib muammoning yechimini topmasangiz, bu qo‘shimcha muammo tug‘dirishi yoki tashvishlanishning o‘zi siz uchun muammoga aylanishi mumkin.
Ertangi kun uchun tashvishlanmang. «Bir o‘ylab ko‘ring: siz tashvishlanayotgan narsa ertaga, bir oy, bir yil yoki besh yildan keyin ahamiyatga ega bo‘ladimi?». (Entoni)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Zinhor ertangi kun uchun tashvishlanmanglar, chunki ertangi kunning o‘z tashvishlari bo‘ladi. Har bir kunning o‘ziga yarasha muammolari bor». (Matto 6:34)
Bu nimani anglatadi? Ertangi muammolar haqida tashvishlanish befoyda. Chunki ulardan ba’zilari hatto yuz bermasligi mumkin.
Vaziyatni o‘zgartira olmas ekansiz, unga moslashing. «Siz qila oladigan eng yaxshi narsa — duch kelishingiz mumkin bo‘lgan vaziyatlarga tayyor turish. Ammo shuni tan olingki, ba’zi vaziyatlarni nazorat qila olmaysiz». (Robert)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Doim ham yutuq tez yugurganga,.. muvaffaqiyat esa bilimliga nasib etavermas ekan. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi». (Voiz 9:11)
Bu nimani anglatadi? Ba’zan vaziyatingizni o‘zgartira olmaysiz, biroq unga nisbatan nuqtai nazaringizni o‘zgartira olasiz.
Muammoingizga boshqa tomondan qarang. «Vaziyatni to‘liq tushunishga harakat qilishim hamda mayda tafsilotlarga e’tibor bermasligim kerakligini angladim. Nima muhimroq ekanini aniqlashim va kuchimni o‘sha narsalarga sarflashim kerak». (Aleksis)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)
Bu nimani anglatadi? Tashvishlariga kengroq qaray oladigan odamlar ularga berilib ketishmaydi.
Biror kishi bilan bo‘lishing. «Oltinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarim, uyga maktabdan ertangi kun haqida rosa tashvishlanib, qo‘rqib kelardim. Ota-onam bilan kechinmalarimni bo‘lishganimda ular meni diqqat ila tinglashardi. Yaxshiyamki, ular yonimda edi. Ularga ishonib, bemalol suhbatlasha olardim. Bu menga kelasi kunni qarshi olishimga yordam berardi». (Marilin)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «G‘am-tashvish odamning qalbini ezadi, yaxshi so‘z esa ko‘nglini ko‘taradi». (Hikmatlar 12:25)
Bu nimani anglatadi? Ota-onangiz yoki do‘stingiz qay yo‘sin tashvishlaringizni kamaytirish haqida amaliy maslahatlar berishi mumkin.
Ibodat qiling. «O‘zimni eshita olishim uchun ovoz chiqarib ibodat qilaman va bu menga yordam beradi. Bu tufayli meni tashvishlantirayotgan narsalarni ichimda saqlamasdan, ovoz chiqarib ayta olaman. Shuningdek, bu Yahova tashvishlarimdan ustunroq ekanini tushunishimga ko‘maklashadi». (Laura)
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Barcha g‘am-tashvishlaringizni [Xudoga] tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi». (1 Butrus 5:7)
Bu nimani anglatadi? Ibodat shunchaki tinchlantiruvchi vosita emas, balki quyidagi va’dani bergan Yahova bilan jonli muloqotdir: «Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch ato etaman, yordam beraman». (Ishayo 41:10)