Chekish gunohmi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas Kitobda chekish a yoki tamaki mahsulotlaridan foydalanish to‘g‘risida hech narsa aytilmagan. Lekin unda keltirilgan prinsiplardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, Xudo sog‘liqqa zarar yetkazadigan nopok odatlarni ma’qullamaydi va chekishni gunoh deb biladi.
Hayotni qadrlash. «Alloh... hammaga hayot, nafas... berib kelmoqda». (Havoriylar 17:24, 25) Hayot Xudoning hadyasi ekan, chekish kabi umrimizni qisqartiradigan har qanday ishni qilmasligimiz kerak. Dunyo bo‘ylab hayotdan barvaqt ko‘z yumishning asosiy sabablaridan biri chekishdir.
Yaqiningizni seving. «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving». (Matto 22:39) Odamlarning oldida chekish sevgidan dalolat bermaydi. Chekuvchilarning yonida doimiy ravishda turib tutunidan nafas oladigan kishilar xuddi ular kabi jiddiy kasalliklarga yo‘liqish xavfi bor.
Muqaddas bo‘lish. «Tanalaringizni tirik, muqaddas, Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlanglar». (Rimliklarga 12:1) «Kelinglar, tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklab, Xudodan qo‘rqib, muqaddasligimizni kamolotga yetkazaylik». (2 Korinfliklarga 7:1) Chekish g‘ayritabiiy bo‘lib, muqaddas — toza va pok bo‘lishga xalaqit beradi. Sababi, tamaki chekayotgan kishi bila turib tanasini zaharli moddalar bilan bulg‘aydi.
Marixuana yoki boshqa giyohvand moddalardan ko‘ngilxushlik qilish niyatida foydalanish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?
Muqaddas Kitobda marixuana, shuningdek, nasha deb ataladigan yoki unga o‘xshash giyohvand moddalarining nomi keltirilmagan. Ammo Kalomda, o‘rganib qolish mumkin bo‘lgan bunday mahsulotlardan ko‘ngilxushlik uchun foydalanish noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadigan prinsiplar keltirilgan. Qolaversa, yuqoridagi prinsiplardan tashqari, quyidagi prinsiplar haqida ham o‘ylab ko‘ring.
Ongimizni nazorat qilishimiz kerak. «Tangringiz Yahovani... butun ongingiz bilan seving». (Matto 22:37, 38) «Har narsada hushyorlikni saqlanglar». (1 Butrus 1:13) Giyohvand moddalarini iste’mol qiladigan odam ongini to‘la ravishda nazorat qilolmaydi va ko‘plar ularga o‘rganib qoladi. Bunday odam mustahkamlaydigan narsalar emas, balki faqat giyohvand moddalarini olish va ularni iste’mol qilish haqida o‘ylaydi. (Filippiliklarga 4:8)
Davlat qonunlariga bo‘ysunish. «Hukumat-u hokimiyatlarga... bo‘ysunish». (Titusga 3:1) Ko‘pgina mamlakatlarda giyohvand moddalarining ba’zi turlaridan foydalanish qat’iyan man etilgan. Xudoni mamnun qilishni istasak, hukmron hokimiyatga bo‘ysunishimiz kerak. (Rimliklarga 13:1)
a Bu yerda chekish so‘zi ostida sigareta, sigara, trubka va chilimdan foydalanib atayin tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish nazarda tutilgan. Lekin muhokama qilinadigan prinsiplar tamakini chaynashga, hidlashga, tarkibida nikotin moddasi bor elektron sigaretalarni va shunga o‘xshash mahsulotlarni chekishga ham tegishli.