Keksa ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?
Muqaddas Kitob asosida javob
Voyaga yetgan farzandlar keksa ota-otanalariga g‘amxo‘rlik qilinayotganiga ishonch hosil qilish kabi muhim mas’uliyatga ega. Muqaddas Kitobda voyaga yetgan farzandlar quyidagilarni qilishi kerakligi aytilgan: «Avval uylarida xudojo‘y bo‘lishni o‘rganib, ota-onalariga... nisbatan burchlarini bajarishsin, chunki bu Xudoga ma’quldir». (1 Timo‘tiyga 5:4) Voyaga yetgan farzandlar keksa ota-onalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganiga amin bo‘lsa-da, ular Muqaddas Kitobdagi: «Ota-onangizni hurmat qiling»,— degan amrga ham bo‘ysunishadi. (Efesliklarga 6:2, 3)
Xudoning Kalomida keksaygan ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilish borasida o‘zgacha yo‘l-yo‘riqlar keltirilmagan. Biroq u yerda keksaygan ota-onasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan imonli erkag-u ayollarning misollari yozilgan. Qolaversa, Muqaddas Kitobda keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga qo‘l keladigan amaliy maslahatlar bor.
Qay yo‘sin qadimda ba’zilar keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan?
Ular vaziyatlaridan kelib chiqib, buni turli yo‘llar orqali qilishgan.
Yusuf yoshi o‘tib borayotgan otasi Yoqubdan uzoqda yashagan. Imkon tug‘ilganida, Yusuf otasi Yoqubni o‘ziga yaqinroq joyga ko‘chirgan. So‘ng esa u Yoqubni uy-joy, oziq-ovqat bilan ta’minlab, uni himoya qilgan. (Ibtido 45:9–11; 47:11, 12)
Rut qaynanasining ona yurtiga ko‘chib borgan va unga g‘amxo‘rlik qilish uchun qattiq mehnat qilgan. (Rut 1:16; 2:2, 17, 18, 23)
Iso o‘limidan sal avval, hoynahoy, o‘shanda beva bo‘lgan onasi Maryamga g‘amxo‘rlik qilishni bir kishiga tayinlagan. (Yuhanno 19:26, 27) a
Muqaddas Kitobda keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga qo‘l keladigan qanday amaliy maslahatlar bor?
Keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiladiganlar ba’zida jismonan va hissan charchaydi. Bunday vaziyatda Muqaddas Kitobdagi prinsiplar ularga yordam bera oladi.
Ota-onangizni hurmat qiling.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ota-onangizni hurmat qilinglar». (Chiqish 20:12)
Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizning imkoniyatlari yo‘l qo‘yguncha ularga erkinlik berish orqali hurmat ko‘rsating. Vaziyat yo‘l qo‘yguncha qanday g‘amxo‘rlik qilish borasida ota-onangiz qaror chiqarishiga yo‘l qo‘ying. Shu bilan birga, sharoitingizdan kelib chiqib ularni qo‘llab-quvvatlash orqali hurmat ko‘rsating.
Tushunadigan va kechirimli bo‘ling.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Fahm-farosatli jahlini tiya oladi, xatolarni kechirish insonni bezaydi». (Hikmatlar 19:11)
Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangiz qo‘pol gapirsa yoki g‘amxo‘rligingizni qadrlamayotganday tuyulsa, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Ular kabi imkoniyatlarim chegaralangan va ruhim tushgan bo‘lsa, o‘zimni qanday his qilgan bo‘lardim?» Tushunishga va kechirimli bo‘lishga harakat qilsangiz, bu sizga qiyin vaziyatni yanada chigallashtirmaslikka yordam berar.
Boshqalar bilan maslahatlashing.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Maslahat bo‘lmagan joyda rejalar barbod bo‘ladi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi». (Hikmatlar 15:22)
Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan sog‘liq muammolarini qanday hal qilish borasida izlanish o‘tkazing. Siz yashaydigan hududda ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashadigan qanday imkoniyatlar borligini aniqlang. Keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiladiganlar bilan suhbatlashing. Aka-uka yoki opa-singillaringiz bo‘lsa, ota-onangizning ehtiyojlari, ularga qanday yordam ko‘rsatish va mas’uliyatlarni qanday bo‘lishib olishni birgalikda muhokama qiling.
Imkoniyatlaringiz chegaralanganini tan oling.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «O‘z haddini biladiganlarga esa donolik xosdir». (Hikmatlar 11:2, izoh)
Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Imkoniyatlaringiz chegaralanganini tan oling. Masalan, har bir insonning vaqti va kuchi chegaralangan. Imkoniyatlar chegaralanganini bilish ota-onangiz uchun nimalar qila olishingizga real qarashingizga ta’sir qiladi. Keksa ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilish sizga og‘irlik qilayotganini sezsangiz, boshqa oila a’zolaringizdan yoki mutaxassislardan yordam so‘rash haqida o‘ylab ko‘ring.
Sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Hech bir kishi o‘z tanasidan nafratlanmaydi, aksincha, uni oziqlantirib, ardoqlaydi». (Efesliklarga 5:29)
Bu prinsipni qay yo‘sin qo‘llasa bo‘ladi? Ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatiga ega bo‘lsangiz ham, o‘z ehtiyojlaringizga va agar turmush qurgan bo‘lsangiz, oilangizga g‘amxo‘rlik qilishingiz lozim. Yaxshi ovqatlanishingiz kerak. Yetarlicha dam olishingiz va uxlashingiz darkor. (Voiz 4:6) Imkon tug‘ilganda oz-moz dam olish uchun tanaffus qilib turish yaxshi bo‘lardi. Bunday yo‘l tutib, hissan, aqlan hamda jismonan yaxshilanib, ota-onangizga g‘amxo‘rlik qila olasiz.
Xudoning Kalomida keksa ota-onalarga faqat uyda g‘amxo‘rlik qilish kerak, deb aytilganmi?
Muqaddas Kitobda bu haqda aniq yo‘l-yo‘riq keltirilmagan. Ba’zi farzandlar ota-onasiga imkon qadar uyida g‘amxo‘rlik qilishni tanlashadi. Lekin qaysidir paytda ular ota-onasiga qariyalar uyida sifatliroq yordam beriladi, deb xulosa qilar. Oila a’zolar birga yig‘ilib, har biri uchun qaysi qaror eng ma’qul bo‘lishini muhokama qilishi mumkin. (Galatiyaliklarga 6:4, 5)
a Bu voqea borasida bir ilohiyotshunos shunday dedi: «Ehtimol, Yusuf [Maryamning eri] bundan ancha oldin vafot etgan. Iso esa Maryamga g‘amxo‘rlik qilgan. Endi Iso hayotdan ko‘z yumar ekan, uning onasi bilan nima bo‘ladi? [...] Bu bilan Iso farzandlarga keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish kerakligini o‘rgatgan». («The NIV Matthew Henry Commentary in One Volume», 428-, 429-sahifalar)