Muqaddas bo‘lish nimani anglatadi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas bo‘lish nopoklikdan ajralib turishni bildiradi. «Muqaddas» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z «ajratilgan» degan ma’noni bildiradi. Demak, muqaddas narsa odatda foydalaniladigan narsadan ajratib qo‘yiladi yoki toza va pok bo‘lgani uchun alohida tutiladi.
Muqaddas bo‘lishda hech kim Xudoga teng kela olmaydi. Muqaddas Kitobda: «Yahova a kabi muqaddas hech kim yo‘q»,— deb yozilgan. (1 Shohlar 2:2) Shu bois, nima muqaddas ekanini aniqlash borasida faqat U me’yorlar o‘rnatishga haqli.
«Muqaddas» so‘zi Xudo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq har qanday narsa, ayniqsa, topinishda foydalanish uchun alohida ajratib qo‘yilgan narsa haqida gap ketganda ishlatiladi. Misol uchun, Muqaddas Kitobda quyidagilar haqida aytilgan.
Muqaddas joylar. Muso yonayotgan butaning yaqinida turganida Xudo unga: «Sen turgan joy muqaddasdir»,— deb aytgan. (Chiqish 3:2-5)
Muqaddas tadbirlar. Isroilliklar «muqaddas yig‘in» deb nomlangan muntazam o‘tkazilgan diniy marosimlarda Yahovaga topingan. (Levilar 23:37)
Muqaddas buyumlar. Quddusda qadimgi ma’badda Xudoga topinish maqsadida foydalanilgan buyumlar «muqaddas anjomlar» deb nomlangan. (3 Shohlar 8:4) Bunday muqaddas narsalarni juda qadrlashgan, ammo ularga sig‘inishmagan b.
Nomukammal inson muqaddas bo‘la oladimi?
Ha. Xudo masihiylarga quyidagicha buyurgan: «Muqaddas bo‘linglar, chunki men muqaddasman». (1 Butrus 1:16) Albatta, gunohkor odam Xudoning muqaddas bo‘lish borasidagi talablariga mukammal darajada mos kela olmaydi. Lekin Xudoning adolatli qonunlariga itoat qilayotgan odamlar muqaddas bo‘lishi va «Xudoga ma’qul kelishi» mumkin. (Rimliklarga 12:1) Muqaddas bo‘lishga jon kuydirayotgan odam buni so‘zlari-yu ishlari bilan ko‘rsatadi. U Xudoning Kalomidagi muqaddas bo‘ling, jinsiy axloqsizlikdan qoching hamda «butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘ling» degan so‘zlarga amal qiladi. (1 Salonikaliklarga 4:3; 1 Butrus 1:15)
Inson Xudoning nazarida muqaddas bo‘lmay qolishi mumkinmi?
Ha. Agar inson Xudoning me’yorlariga amal qilmasa, Xudo uni muqaddas deb hisoblamaydi. Masalan, Kalomdagi Ibroniylarga yo‘llangan maktub «muqaddas birodarlar»ga atalgan bo‘lsa-da, ularni «barhayot Xudodan uzoqlashib, qalbi yovuz va imonsiz bo‘lib qolishdan» ogohlantiradigan so‘zlar yozilgan. (Ibroniylarga 3:1, 12)
Muqaddas bo‘lish borasida noto‘g‘ri fikrlar
Noto‘g‘ri fikr. Tarki dunyo qilib muqaddas bo‘lish mumkin.
To‘g‘ri fikr. Muqaddas Kitobda aytilganiday, «badanga ozor berish» yoki tarki dunyo qilish Xudo uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. (Kolosaliklarga 2:23) Aksincha, Tangri yaxshi narsalardan zavq olib yashashimizni istaydi. «Har kim yeb-ichib, o‘z mehnatining rohatini ko‘rishi kerak ekan. Bu — Xudoning in’omidir». (Voiz 3:13)
Noto‘g‘ri fikr. Oila qurmaslik kishini yanada muqaddas qiladi.
To‘g‘ri fikr. Masihiy oila qurmaslikni tanlashi mumkin bo‘lsa-da, bu uni Xudoning nazarida o‘z-o‘zidan muqaddas qilmaydi. Oila qurmagan kishi chalg‘imay xizmat qila oladi. (1 Korinfliklarga 7:32–34) Ammo Allohning Kalomidan shuni bilib olyapmizki, turmush qurganlar ham muqaddas bo‘lishi mumkin. Qolaversa, Isoning kamida bitta havoriysi — Butrus — oilali bo‘lgan. (Matto 8:14; 1 Korinfliklarga 9:5)
a Yahova Xudoning ismi. Muqaddas Kitobda bu ism «muqaddas» ekanini ko‘rsatadigan yuzlab oyatlar bor.
b Muqaddas Kitobda diniy buyumlarga sig‘inish taqiqlanadi. (1 Korinfliklarga 10:14)