Muqaddas Kitobda dinozavrlar haqida nima deyilgan?
Muqaddas Kitob asosida javob
Xudoning Kalomida dinozavrlar haqida aniq aytilmagan. Ammo Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudo «butun borliqni yaratgan» va shu bois, ijodlari orasida dinozavrlar ham bo‘lgan degan xulosaga kelishimiz mumkin a. (Vahiy 4:11) Garchi Muqaddas Kitobda dinozavrlar alohida tilga olinmagan bo‘lsa-da, ular mansub bo‘lishi mumkin bo‘lgan hayvonlar sinfi haqida aytilgan.
«Dengiz ajdarlari». (Ibtido 1:21, Turkiya 1998)
«O‘rmalab yuruvchi barcha jonzotlar». (Ibtido 1:25)
«Yovvoyi hayvonlar». (Ibtido 1:25)
Dinozavrlar boshqa hayvonlardan paydo bo‘lganmi?
Agar shunday bo‘lganida, paleontologiya yozuvida dinozavrlar asta-sekin paydo bo‘lardi, lekin unda dinozavrlar to‘satdan tilga olina boshlagan. Bu Muqaddas Kitobda aytilganiday, Xudo barcha narsani yaratgani bilan mos kelyapti. Masalan, Zabur 146:6da Xudo «yer-u osmonning, dengiz va undagi bor narsaning Yaratuvchisi» ekani aytilgan.
Dinozavrlar qachon yashagan?
Muqaddas Kitobga binoan, dengiz va yerdagi hayvonlar yaratilishning beshinchi va oltinchi kunida yoki davrida yaratilgan b. (Ibtido 1:20–25, 31) Demak, Muqaddas Kitobda yozilganlar dinozavrlar uzoq vaqt davomida yashagani borasidagi fikrga zid emas.
Begemot va leviatan dinozavr bo‘lganmi?
Yo‘q. Garchi Ayub kitobida bu hayvonlar tilga olingan bo‘lsa-da, ular qanday hayvon bo‘lgani haqida aniq ayta olmaymiz. Odatda, begemot gippopotam va leviatan timsoh deb keltirilgan. Boisi, ular Muqaddas Yozuvlardagi ta’rifga mos keladi. (Ayub 40:15–23; 41:1, izoh, 14–17, 31) Nima bo‘lganda ham, «begemot» va «leviatan» dinozavr emas. Xudo Ayubga bu hayvonlarga diqqat qaratishni aytgan. Ayub esa, dinozavrlar yo‘q bo‘lib ketganidan ancha yillar o‘tib yashagan. (Ayub 40:16; 41:8)
Dinozavrlar bilan nima bo‘lgan?
Muqaddas Kitobda dinozavrlar yo‘q bo‘lib ketgani haqida ma’lumot yo‘q. Lekin unda butun borliq Xudoning irodasi ila yaratilgani ta’kidlangan. Demak, Xudo dinozavrlarni yaratganda qandaydir maqsadni ko‘zlagan. (Vahiy 4:11) Maqsadiga erishganida esa, Xudo dinozavrlar qirilib ketishiga yo‘l qo‘ygan.
a Qazilmalar shuni tasdiqlayaptiki, dinozavrlar yashagan. Qolaversa, qazilmalarga ko‘ra, muayyan vaqt davomida dinozavrlar juda ko‘p tarqalgan bo‘lib, turli hajmda va xilma-xil bo‘lgan.
b Muqaddas Kitobda «kun» so‘zi ming yil davom etadigan vaqtga ishora qilishi mumkin. (Ibtido 1:31; 2:1–4; Ibroniylarga 4:4, 11)