Muqaddas Kitobda tabiiy ofatlar haqida nima deyilgan?
Muqaddas Kitob asosida javob
Bugungi kunda yuz berayotgan tabiiy ofatlarda Xudoning aybi yo‘q, ammo U bundan aziyat chekayotgan odamlar haqida qayg‘uradi. Xudoning Shohligi azob chekishimizga sabab bo‘layotgan barcha narsani, jumladan, tabiiy ofatlarni bartaraf qiladi. Hozirda esa, Tangri tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga tasalli bermoqda. (2 Korinfliklarga 1:3)
Tabiiy ofatlar Xudoning jazosi emasligiga qanday amin bo‘la olamiz?
Muqaddas Kitobdan shuni bilamizki, Yahova hukmini bajarish uchun tabiat kuchlaridan foydalangan. Lekin bu hozirgi tabiiy ofatlardan keskin farq qiladi.
Tabiiy ofatlar hech kimni ayamay yo‘q qiladi va zarar keltiradi. Bundan farqli ravishda, Xudo hukmini bajarish uchun tabiiy kuchlardan foydalanganda, faqatgina yovuz insonlarni yo‘q qilgan. Masalan, U qadimgi Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini yo‘q qilganida, xudojo‘y kishi Lut va uning ikkita qizi omon qolishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Ibtido 19:29, 30) Xudo odamlarning qalbini ko‘ra olgan va faqatgina yovuzlarni yo‘q qilgan. (Ibtido 18:23–32; 1 Shohlar 16:7)
Odatda tabiiy ofatlar yuz berishi haqida ozgina bilamiz yoki umuman xabarimiz bo‘lmaydi. Lekin Xudo yovuzlarga qarshi tabiiy kuchlardan foydalanmoqchi bo‘lganida, ularni bu haqida ogohlantirgan. Ogohlantirishlarga quloq solgan kishilarda omon qolish imkoni bo‘lgan. (Ibtido 7:1–5; Matto 24:38, 39)
Tabiiy ofatlar yuz berishida qaysidir darajada insonlar ham aybdor. Qanaqasiga? Masalan, ular tabiatga zarar yetkazmoqda va zilzila, toshqin hamda shiddatli ob-havoga moyil bo‘lgan hududlarda binolar qurmoqda. (Vahiy 11:18) Insonlarning bunday xatolarida Xudo aybdor emas. (Hikmatlar 19:3)
Tabiiy ofatlar oxirzamonda yashayotganimizning belgisimi?
Ha, Muqaddas Kitobdagi bashoratlarga ko‘ra, «zamon oxirlab borayotganda» yoki «oxirzamonda» tabiiy ofatlar yuz berishi kerak. (Matto 24:3; 2 Timo‘tiyga 3:1) Misol uchun, bizning zamonamiz haqida Iso: «Bir joyda, keyin boshqa joyda oziq-ovqat yetishmovchiligi va zilzilalar bo‘ladi»,— deb aytgan. (Matto 24:7) Tez orada Xudo og‘rig‘u azoblarga sabab bo‘layotgan barcha narsani, shu qatorda, tabiiy ofatlarni bartaraf etadi. (Vahiy 21:3, 4)
Tabiiy ofatdan aziyat chekayotganlarga Xudo qanday yordam beryapti?
Xudo aziyat chekayotganlarga Kalomi orqali tasalli beradi. Muqaddas Kitobda Xudo bizga befarq emasligi va azob chekkanimizda, bu Unga ham og‘riq keltirishi haqida yozilgan. (Ishayo 63:9; 1 Butrus 5:6, 7) Unda, shuningdek, kelajakda tabiiy ofatlar boshqa hech ham bo‘lmasligi va’da qilingan. (« Tabiiy ofatdan aziyat chekayotganlarga dalda baxsh etuvchi oyatlar»ga qarang.)
Xudo aziyat chekayotganlarga xizmatchilari orqali yordam beradi. Alloh Isoga taqlid qilayotgan xizmatchilari orqali boshqalarga madad bo‘la oladi. Iso «dili vayronlarga» va «qayg‘u chekayotganlarga» tasalli berishi bashorat qilingan edi. (Ishayo 61:1, 2) Xudoning xizmatchilari ham xuddi shunday yo‘l tutishga jon kuydirmoqda. (Yuhanno 13:15)
Xudo, shuningdek, tabiiy ofatlardan aziyat chekkanlarning jismoniy ehtiyojlarini qondirish uchun xizmatchilari orqali amaliy yordam beradi. (Havoriylar 11:28–30; Galatiyaliklarga 6:10)
Muqaddas Kitob tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘maklasha oladimi?
Ha. Garchi Muqaddas Kitob bizni tabiiy ofatlarga tayyorlash maqsadida yozilmagan bo‘lsa-da, undagi prinsiplar bizga qo‘l kelishi mumkin. Quyidagilarga e’tibor bering:
Yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatga tayyorlaning. Muqaddas Kitobda: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi»,— deyilgan. (Hikmatlar 22:3) Favqulodda vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘ysak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. Masalan, bunga eng zarur narsalar solingan sumkani tayyorlash va biron talafot yuz berganda oila a’zolaringiz bilan qayerda uchrashishga kelishib olish kirishi mumkin.
Hayotingizni mol-mulkdan ustun qo‘ying. Xudoning Kalomida: «Biz dunyoga hech narsa olib kelmadik va undan hech narsa olib keta olmaymiz»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (1 Timo‘tiyga 6:7, 8) Tabiiy ofatda omon qolish uchun uyimizni va mol-mulkimizni tashlab ketishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Hayotimiz har qanday mol-mulkdan ustun ekanini yodda saqlashimiz lozim. (Matto 6:25)