Muqaddas ruh nima?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas ruh Xudoning amaldagi kuchi, faol qudratidir. (Mixo 3:8; Luqo 1:35) U irodasini amalga oshirish uchun kuchini yo‘naltirish orqali ruhini har qanday yerga yuboradi. (Zabur 104:30; 139:7)
Muqaddas Kitobda «ruh» so‘zi ibroniycha ruax, yunoncha pnevma so‘zidan o‘girilgan. Ko‘pincha bu so‘zlar Xudoning faol qudratiga yoki muqaddas ruhiga ishora qiladi. (Ibtido 1:2) Lekin Muqaddas Kitobda ular boshqa ma’nolarda ham qo‘llanilgan.
Nafas. (Xabaqquq 2:19; Vahiy 13:15)
Shamol. (Ibtido 8:1; Yuhanno 3:8)
Tirik mavjudotlarning hayotiy kuchi. (Ayub 34:14, 15)
Insonning ruhiyati yoki nuqtai nazari. (Sahroda 14:24)
Ruhiy shaxs, jumladan, Xudo va farishtalar. (3 Shohlar 22:21; Yuhanno 4:24)
Bu ma’nolarning barchasi inson ko‘zi bilan ko‘rib bo‘lmaydigan, lekin natijasi ko‘rinadigan narsani bildiradi. Shu singari, Xudoning ruhi «shamol kabi ko‘zga ko‘rinmaydi, uni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi va u qudratli». («An Expository Dictionary of New Testament Words, by W. E. Vine»)
Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda Xudoning muqaddas ruhi Uning «qo‘llari» yoki «barmog‘i» sifatida tilga olingan. (Zabur 8:3; 19:1; Luqo 11:20, izoh; Matto 12:28 ni solishtiring.) Usta biror ishni qilish uchun qo‘llari va barmoqlaridan foydalangani kabi, Xudo ham quyidagi ishlarni amalga oshirish uchun muqaddas ruhidan foydalangan:
Koinotni yaratgan. (Zabur 33:6; Ishayo 66:1, 2)
Muqaddas Kitobni bergan. (2 Butrus 1:20, 21)
Qadimgi xizmatchilariga g‘ayrat ila va’z hamda mo‘jizalar qilishga yordam bergan. (Luqo 4:18; Havoriylar 1:8; 1 Korinfliklarga 12:4–11)
Unga quloq solgan odamlarga ajoyib fazilatlarni namoyon etishga ko‘maklashgan. (Galatiyaliklarga 5:22, 23)
Muqaddas ruh shaxs emas
Muqaddas Kitobda Xudoning ruhiga «qo‘llari», «barmoqlari» yoki «nafasi» sifatida ishora qilinganidan u shaxs emasligini ko‘rsa bo‘ladi. (Chiqish 15:8, 10) Ustaning qo‘llari uning ongi va tanasidan mustaqil tarzda harakat qila olmaydi. Shu kabi, muqaddas ruh faqatgina Xudo uni yo‘naltirganida harakatga tushadi. (Luqo 11:13) Qolaversa, Muqaddas Kitobda Xudoning ruhi suv bilan solishtirilgan va imon hamda bilim kabi tushunchalar bilan bog‘liq. Bularning barchasi muqaddas ruh jonli narsa emasligini ko‘rsatyapti. (Ishayo 44:3; Havoriylar 6:5; 2 Korinfliklarga 6:6)
Muqaddas Kitobda Xudoning va O‘g‘lining ismlari keltirilgan, ya’ni Yahova hamda Iso Masih. Biroq muqaddas ruhga ism berilgani haqida hech narsa aytilmagan. (Ishayo 42:8; Luqo 1:31) Masihiy sifatida azob chekkan Stefan mo‘jizaviy tarzda vahiy olganda, osmonda uchta emas, faqatgina ikkita shaxsni ko‘rgan. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Muqaddas ruhga to‘lgan Stefan osmonga qaradi-da, Allohdan porloq nur taralayotganini va Xudoning o‘ng tomonida turgan Isoni ko‘rdi». (Havoriylar 7:55) Muqaddas ruh, ya’ni Xudoning amaldagi kuchi Stefanga bu vahiyni ko‘rishga ko‘maklashgan.
Muqaddas ruh haqidagi noto‘g‘ri fikrlar
Noto‘g‘ri fikr: Bibliya jamiyatining nashridagi 1 Yuhanno 5:7, 8 ga binoan, muqaddas ruh shaxs va uchlikning bir qismi.
Fakt. Bibliya jamiyatining nashrida 1 Yuhanno 5:7, 8 da quyidagi so‘zlar qo‘shimcha qilib keltirilgan: «Osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir». Biroq tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, havoriy Yuhanno bu so‘zlarni yozmagan. Shunday ekan, ular Muqaddas Kitobga tegishli emas. Professor Bryus Metsger quyidagicha yozdi: «Bu so‘zlar o‘ylab topilgan va aslida ular Yangi ahdda bo‘lmasligi kerak». («A Textual Commentary on the Greek New Testament»)
Noto‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitob muqaddas ruhni jonli shaxs qilib ko‘rsatyapti va bu u shaxs ekanligini isbotlaydi.
Fakt: Muqaddas Yozuvlarda ba’zida muqaddas ruh jonli qilib ko‘rsatilgan. Masalan, Iso muqaddas ruh «yordamchi» sifatida dalil keltirishi, yo‘l ko‘rsatishi, gapirishi, eshitishi, xabar berishi va ulug‘lashini aytgan. (Yuhanno 16:7–15) Lekin bu u shaxs ekanini isbotlamaydi. Muqaddas Kitobda shuningdek, donolik, o‘lim va gunoh jonli qilib ko‘rsatilgan. (Hikmatlar 1:20; Rimliklarga 5:17, 21) Masalan, donolikning «ishlari» borligi, gunoh esa aldashi, o‘ldirishi va ta’magirlik qilishi haqida aytilgan. (Matto 11:19; Rimliklarga 7:8, 11)
Noto‘g‘ri fikr: muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mish u shaxs ekanini ko‘rsatyapti.
Fakt: ba’zida kuch yoki huquqqa ega ekanini bildirish uchun Muqaddas Kitobda «nom» so‘zi qo‘llanilgan. (Qonunlar 18:5, 19–22; Ester 8:10) Bu o‘zbek tilidagi «qonun nomi bilan» yoki «qonun nomidan» kabi iboralarga o‘xshash. Biroq ular qonun shaxs ekanini anglatmaydi. (Matto 28:19)
Noto‘g‘ri fikr: Isoning havoriylari va boshqa ilk shogirdlar muqaddas ruh shaxs ekaniga ishonishgan.
Fakt: bu borada na Muqaddas Kitobda, na tarixda yozilgan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Muqaddas ruh alohida shaxs ekani haqidagi tushuncha mil. 381-yili Konstantinopol kengashida vujudga kelgan». («Ensyslopædia Britannisa») Bu oxirgi havoriy o‘lganidan 250-yildan oshiq vaqt o‘tganidan so‘ng sodir bo‘lgan.