Asosiy materiallarga o‘tish

Yashashdan to‘yganimda — o‘lishni xohlaganimda, Muqaddas Kitob yordam bera oladimi?

Yashashdan to‘yganimda — o‘lishni xohlaganimda, Muqaddas Kitob yordam bera oladimi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Ha! Muqaddas Kitob «ruhi tushkunlarga tasalli beruvchi Alloh»ning Kalomidir. (2 Korinfliklarga 7:6) Garchi Muqaddas Kitob ruhiy sog‘ligimizga tegishli qo‘llanma bo‘lmasa-da, ko‘plarga o‘z joniga qasd qilish haqidagi fiklarni yengishga ko‘maklashgan. U yerdagi amaliy maslahatlar sizga ham yordam berishi mumkin.

 Muqaddas Kitobda qanday amaliy maslahatlar bor?

  • Tuyg‘ularingizni ichingizda saqlamang.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Chin do‘st hamma vaqt sevadi, og‘ir damda birodariga tayanch bo‘ladi». (Hikmatlar 17:17)

     Ma’nosi. Ruhimiz tushgan paytlarda yordamga muhtoj bo‘lamiz.

     Agar tuyg‘ularingizni ichingizda saqlab yursangiz, ular sizni chulg‘ab oladi. Ammo ularni kimdir bilan baham ko‘rsangiz, o‘zingizni yengilroq his etib, vaziyatga ijobiyroq yondashasiz.

     Maslahat. Bugunning o‘zida kimdir, ehtimol, oila a’zoingiz yoki ishongan do‘stingiz bilan gaplashing a. Hissiyotlaringizni yozib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.

  • Tibbiy yordam oling.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». (Matto 9:12)

     Ma’nosi. Kasal bo‘lsak, shifokorga murojaat qilishimiz lozim.

     O‘z joniga qasd qilish fikri ruhiy yoki hissiy kasallikning belgisi bo‘lishi mumkin. Jismoniy kasallik singari, bunday kasallikning ham uyatli joyi yo‘q. Ruhiy va hissiy kasalliklarni davolash mumkin.

     Maslahat. Iloji boricha tezroq tajribali shifokorga murojaat qiling.

  • Unutmang, Alloh g‘amxo‘rdir.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Beshta chumchuq ikki tangaga sotilmaydimi? Biroq Alloh ulardan bittasini ham unutmagan... Qo‘rqmanglar, sizlar ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz». (Luqo 12:6, 7)

     Ma’nosi. Xudo uchun qadrlisiz.

     O‘zingizni yolg‘iz his etishingiz mumkin, lekin Xudo azoblaringizdan xabardor. U hatto yashashdan to‘ygan bo‘lsangiz ham sizga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Zabur 51:17 da: «Ey Xudo, singan va ezilgan yurakdan Sen voz kechmaysan»,— deb yozilgan. Xudo sizni yaxshi ko‘rgani uchun, yashashingizni istaydi.

     Maslahat. Tangri sizni yaxshi ko‘rishini ko‘rsatadigan oyatlar ustida izlanish o‘tkazing. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil iyun sonidagi 3–5- sahifalaridagi «Yahova “sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi”» nomli maqolaga hamda «Yahova Taologa yaqinlashing» (rus) kitobining 24-bobiga qarang.

  • Ibodat qiling.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga [Xudoga] tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi». (1 Butrus 5:7)

     Ma’nosi. Xudo tashvishlaringizning hammasini Unga ochiqchasiga va rostgo‘ylik ila aytishingizni xohlaydi.

     Alloh sizga ichki xotirjamlik hamda muammoni yengishingiz uchun kuch ato etishi mumkin. (Filippiliklarga 4:6, 7, 13) Shu bilan birga, Unga sidqidildan murojaat qilganlarga U tayanch bo‘ladi. (Zabur 55:22)

     Maslahat. Bugunning o‘zida Xudoga ibodat qiling. Xudoning Yahova ismini tilga olib, tuyg‘ularingizni to‘kib-soling. (Zabur 83:18) Bardosh qilishingiz uchun yordam so‘rang.

  • Muqaddas Kitobdagi umid borasida mulohaza yuriting.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Bu umid hayotimiz uchun langardek ishonchli va mustahkamdir». (Ibroniylarga 6:19, izoh)

     Ma’nosi. Xuddi bo‘ronda chayqaladigan kema singari, hissiyotlaringiz junbushga kelishi va buning aksi bo‘lishi hech gap emas. Biroq Muqaddas Kitobdagi umid yordamida tuyg‘ularingizni nazorat qilish osonroq bo‘ladi.

     Umid puch xayollar emas, u azob-uqubatlarni bartaraf qilish borasidagi Xudoning va’dasiga asoslanadi. (Vahiy 21:4)

     Maslahat. «Xudodan kelgan xushxabar» nomli risoladagi 5- darsni o‘qib, Muqaddas Kitobdagi umid haqida ko‘proq bilib oling.

  • Sizga zavq keltiradigan biron nima qiling.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Shod yurak shifobaxsh malhamdaydir». (Hikmatlar 17:22)

     Ma’nosi. Bizga zavq keltiradigan biron ish bilan shug‘ullansak, ruhiy yoki hissiy sog‘ligimizni yaxshilashimiz mumkin.

     Maslahat. Sizga yoqadigan biron ish qiling. Masalan, kayfiyatni ko‘taruvchi musiqa tinglang, daldali biron nima o‘qing yoki mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Qolaversa, boshqalarga yordam berish uchun nimadir, hatto kichik bir ish qilsangiz ham baxtliroq bo‘lasiz. (Havoriylar 20:35)

  •   Jismoniy sog‘ligingizga g‘amxo‘rlik qiling.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Jismoniy mashq... foyda keltiradi». (1 Timo‘tiyga 4:8)

     Ma’nosi. Jismoniy mashqlar qilish, yetarlicha uxlash va sog‘lom ovqatlanish foydalidir.

     Maslahat. Tez yurishga harakat qiling. Bunga kamida 15 daqiqa vaqtingizni ajrating.

  • Unutmangki, ham tuyg‘ular, ham bu dunyodagi barcha narsa o‘zgaruvchan.

     Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Ertaga sizlar bilan nima bo‘lishini bilmaysizlar-ku». (Yoqub 4:14)

     Ma’nosi. Tushkunlikka tushuradigan muammo, hatto yechimi yo‘qday tuyuladigan qiyinchilik vaqtincha bo‘lishi mumkin.

     Bugungi kunda vaziyatingiz murakkab bo‘lishidan qat’i nazar, ertaga o‘zgarishi hech gap emas. Uni hal qilish yo‘llarini qidiring. (2 Korinfliklarga 4:8) Ehtimol, og‘ir vaziyat vaqt o‘tgach o‘zgarib ketar, ammo o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

     Maslahat. Muqaddas Kitobda qiyinchiliklar dastidan o‘lmoqchi bo‘lgan insonlar haqidagi voqealarni o‘qib, vaziyati qay yo‘sin asta-sekin o‘zgarganiga diqqat qarating. Ko‘pincha, ular muammo qanday hal bo‘lishini hatto xayoliga keltirmagan edi. Ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

 Yashashdan to‘ygan kishilar haqida Xudoning Kalomida aytilganmi?

 Ha. Yashashdan to‘ygan ba’zi kishilar haqida Muqaddas Kitobda yozilgan. Alloh ularni koyimagan, aksincha, ularga yordam bergan. U siz uchun ham shunday qila oladi.

Ilyos

  •   U kim bo‘lgan? Ilyos jasoratli payg‘ambar edi. Lekin u tushkunlikka qarshi emlanmagan edi. Yoqub 5:17 da: «Ilyos payg‘ambar ham biz kabi inson edi»,— deb yozilgan.

  •   Nega u o‘lishni xohlagan? Bir safar u o‘zini yolg‘iz va keraksizday his etib, qo‘rquvga berilgandi. Shu bois u: «Ey Yahova, jonimni ola qol»,— deb iltijo qilgandi. (3 Shohlar 19:4)

  •   Unga nima yordam bergan? Ilyos Allohga o‘z tuyg‘ularini oshkor etgan. Xudo unga qay yo‘sin dalda bergan? U Ilyosga g‘amxo‘rlik qilib, qudratini namoyon etgan. Shuningdek, u hali ham qadrli ekaniga ishontirib, unga mehribon va qobiliyatli yordamchini bergan.

  •   Ilyos haqida o‘qing: 3 Shohlar 19:2–18

Ayub

  •   U kim bo‘lgan? Ayub boy kishi bo‘lib, katta oilasi bilan haq Xudoga sadoqat ila topinardi.

  •   Nega u o‘lishni xohlagan? Uning hayotida kutilmaganda yomon voqealar yuz berdi. Mol-mulkidan ayrildi. Barcha farzandi halok bo‘ldi. O‘zi esa dahshatli kasallikka yo‘liqdi. Natijada, barcha muammolariga o‘zi sababchi deb beshafqatlarcha ayblandi. Ayub: «Hayotimdan nafratlanaman, umrim davom etishini istamayman»,— deb aytdi. (Ayub 7:16)

  •   Unga nima yordam bergan? Ayub Xudoga ibodat qildi va boshqalar bilan gaplashdi. (Ayub 10:1–3) Mehr-shafqatli do‘sti Elixu unga dalda berib, vaziyatiga boshqacha tarzda qarashga ko‘maklashdi. Eng muhimi, u Allohning maslahati-yu yordamini qabul qildi.

  •   Ayub haqida o‘qing: Ayub 1:1–3, 13–22; 2:7; 3:1–13; 36:1–7; 38:1–3; 42:1, 2, 10–13

Muso

  •   U kim bo‘lgan? Muso Isroil xalqining yo‘lboshchisi va sodiq payg‘ambar edi.

  •   Nega u o‘lishni xohlagan? Muso jiddiy mas’uliyatga ega edi, doim tanqidga duch kelardi va o‘zini charchagan his qilardi. Shuning uchun Xudoga: «Meni o‘ldirib qo‘yaqol»,— deya yolvorgan edi. (Sahroda 11:11, 15)

  •   Unga nima yordam bergan? Muso o‘zini qanday his etganini Xudoga aytib bergan. Alloh Musoga mas’uliyatli vazifasini yengilroq qilib, tashvishini kamaytirishga ko‘maklashgan.

  •   Muso haqida o‘qing: Sahroda 11:4–6, 10–17

a Agar o‘z joningizga qasd qilish xayollari haddan tashqari qamrab olayotgan bo‘lsa va ishonadigan do‘stingiz bo‘lmasa, ishonch telefoniga murojaat qilsangiz bo‘ladi.