Surunkali kasallikka duch kelganda Muqaddas Kitob yordam bera oladimi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Ha, Xudo kasal bo‘lgan xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qiladi. Xudoning sadoqatli xizmatchisi to‘g‘risida Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Kasal bo‘lganida Yahova uni qo‘llab-quvvatlaydi». (Zabur 41:3) Surunkali kasallikka duch kelgan bo‘lsangiz, quyidagi uchta qadam sizga taskin berishi mumkin:
Sabr bardosh qilish uchun kuch so‘rab, ibodat qiling. «Har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligiga» ega bo‘lishingiz mumkin. U tashvishlaringiz kamayishiga va mustahkam bo‘lishingizga ko‘maklashadi. (Filippiliklarga 4:6, 7)
Ijobiy bo‘ling. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Shod yurak shifobaxsh dori, g‘am-kulfat esa jonning egovidir». (Hikmatlar 17:22, O‘zbekiston Bibliya Jamiyati) Hazilkash bo‘ling. Bu nafaqat qorong‘i kunlaringizni yorug‘ qiladi, balki sog‘ligingizga ham foyda keltiradi.
Kelajakka umid qiling. Mustahkam umid sizga surunkali kasallikka qaramay, suyunishingizga yordam berishi mumkin. (Rimliklarga 12:12) Muqaddas Kitobdagi bashoratga ko‘ra, shunday paytlar keladiki, «hech kim: “Men kasalman”, demaydi». (Ishayo 33:24) O‘shanda Xudo hozirgi ilm-fan davosini topa olmayotgan surunkali kasalliklarni davolaydi. Masalan, Muqaddas Kitobda qariyalar yosharishi va yana sog‘lom bo‘lishi haqida shunday deb yozilgan: «Uning tanasi bolaligidan ham yoshroq bo‘lsin, yoshlik chog‘idagi quvvati yana o‘ziga qaytsin». (Ayub 33:25)
Izoh: Yahovaning Shohidlari Xudo ularga yordam berishini yodda saqlaydi, ammo shu bilan birga, ular surunkali kasalliklarni davolash borasida tibbiyotga murojaat qilishadi. (Mark 2:17) Lekin biz muayyan tibbiy muolajani olg‘a surmaymiz. Aksincha, sog‘lik borasida har bir inson o‘zi qaror chiqarishi kerak, deb hisoblaymiz.