Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yer yassimi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Yo‘q, Muqaddas Kitobda yer yassi ekani to‘g‘risida aytilmagan a. Muqaddas Kitob ilmiy kitob bo‘lmasa-da, u yerda yozilganlar ilmiy dalillarga zid emas. Muqaddas Kitobda yozilganlar «hozir va toabad — hamisha mustahkam turadi». (Zabur 111:8)
Muqaddas Kitobda «yerning to‘rt burchagi» deyilganda nima nazarda tutilgan?
Muqaddas Kitobdagi «yerning to‘rt burchagi» va «yerning chetlari» iboralarini go‘yoki yer to‘rtburchak yoki uning oxiri borday tom ma’noda tushunish kerak emas. (Ishayo 11:12; Ayub 37:3) Aksincha, mazkur iboralar butun yer sathiga ishora qilish uchun ramziy ma’noda qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, Muqaddas Kitobda «sharq-u g‘arbdan, shimol-u janubdan» so‘zlari xuddi shunday ma’noda ishlatilgan. (Luqo 13:29)
Ibroniychadan «burchagi» yoki «chetlari» deb tarjima qilingan so‘zlar «qanotlar» so‘ziga asoslangan ramziy ibora bo‘lishi mumkin. Bir manbaga binoan, «qush palaponini bekitish uchun qanotidan foydalangani kabi, chetlari degan ma’noni beradigan ibroniycha so‘z ham yoyilib turgan har qanday narsaning chetlarini tasvirlash uchun qo‘llanilgan». O‘sha manbada aytilishicha, Ayub 37:3 va Ishayo 11:12 dagi «ibora sohillarni, chegaralarni yoki yer sathining chetlarini bildiradi» b.
Iblis Isoni vasvasa qilgani borasida nima desa bo‘ladi?
Isoni vasvasa qilish uchun «Iblis uni nihoyatda baland toqqa olib chiqdi va dunyoning barcha shohliklarini hamda ularning ulug‘vorligini ko‘rsatdi». (Matto 4:8) Ba’zilarning ta’kidlashicha, Muqaddas Kitobdan yuqorida keltirilgan oyatlarga ko‘ra, yer yassi va uning qaysidir joyidan butun dunyoni ko‘rish mumkin. Lekin bu yerda keltirilgan «nihoyatda baland tog‘» iborasi bu tom ma’nodagi joy emasligini ko‘rsatyapti. Bunday xulosa nega o‘rinli ekani borasida o‘ylab ko‘ring.
Dunyoning barcha shohliklari ko‘rinadigan tog‘ning o‘zi yo‘q.
Iblis Isoga nafaqat barcha shohliklarni, balki «ularning ulug‘vorligini» ham ko‘rsatdi. Bunday tafsilotlarni uzoq masofadan ko‘rishning imkoni yo‘q. Shu bois, ehtimol, Iblis vahiyga o‘xshash qandaydir ko‘rinish yordamida ularni Isoga ko‘rsatgan. Buni odam proektor va ekrandan foydalanib, kimgadir yer yuzining turli joylarini ko‘rsatgani bilan solishtirsa bo‘ladi.
Luqo 4:5 da Iblis Isoga «bir lahzada dunyoning barcha shohliklarini ko‘rsatdi» deyilgan. Ammo inson uchun buni ko‘rish imkonsizdir. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Iblis tom ma’noda ko‘rish mumkin bo‘lgan narsa orqali emas, balki boshqacha usul bilan Isoni vasvasa qilgan.
a Muqaddas Kitobda: «Alloh yer shari uzra maskan qurgan»,— deb aytilgan. (Ishayo 40:22) Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu yerda «shar» deb o‘girilgan so‘z doira degan ma’noni anglatishi mumkin. Ammo hamma olimlar ham bu fikrga qo‘shilmaydi. Qanday bo‘lmasin, Muqaddas Kitobda yer yassi ekanini tasdiqlaydigan hech qanday fikr yo‘q.
b «The International Standard Bible Ensyslopedia», qayta ko‘rib chiqilgan nashr, 2- jild, 4- sah.