Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | AYUB

«Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!»

«Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!»

U yerda o‘tirardi. Tanasi boshdan oyoq yiringli chipqonlar yoki yaralar bilan qoplangandi. Boshi egik, yelkalari esa bukik; yolg‘iz; hatto atrofida uchib yurgan pashshalarni ham haydashga holi yo‘q edi. U qayg‘urayotganini ko‘rsatish uchun kulga o‘tirgandi va sopol idishning bir parchasi bilan yaralarini qira olardi, xolos. U bor-budidan ayrildi. Ilgari u obro‘li kishi edi, endi esa, boshqalar uni yoqtirmasdi! Do‘st-u birodarlari, qarindoshlari uni tashlab ketdi. Odamlar, hatto bolalar uni mazax qilardi. U Xudosi Yahova unga qarshi chiqdi deb o‘ylardi, ammo u adashgandi. (Ayub 2:8; 19:18, 22)

Bu kishi Ayub edi. Xudo u haqida shunday degan: «Yer yuzida unga teng keladigani yo‘q». (Ayub 1:8) Asrlar o‘tgach ham, Yahova Ayubni odil kishilar qatorida hisoblagan. (Hizqiyo 14:14, 20)

Siz ham qiyinchiliklar-u og‘ir vaziyatlarga duch kelyapsizmi? Ayub bilan bo‘lgan voqealar sizga dalda berishi mumkin. Shuningdek, uning misoli yordamida Xudoning har bir sadoqatli xizmatchisi rivojlantirishi kerak bo‘lgan fazilat — benuqsonlik to‘g‘risida bilib olasiz. Odamlar hatto og‘ir paytda ham Xudoga sadoqatli qolib, Uning irodasini bajarganda, benuqsonlikni namoyon etgan bo‘ladi. Keling, Ayubdan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

Ayub bilmagan narsalar

Ayub hayotdan ko‘z yumganidan bir oz vaqt o‘tgach, sadoqatli Muso payg‘ambar uning hikoyasini bayon qilgan, deb xulosa qilishimiz uchun asos bor. Muso ilohiy ilhom ostida nafaqat Ayub bilan yerda yuz bergan voqealarni, balki osmonda bo‘lib o‘tgan ba’zi xodisalarni ham qalamga olgan.

Hikoyaning boshida Ayub hayotdan zavq olib, baxtli yashagani to‘g‘risida o‘qiymiz. U boy va Uz yurtida — ehtimol, Arabistonning shimolida — obro‘li va hurmat qozongan kishi edi. U muhtoj bo‘lganlarga saxiylik ila yordam berardi va zaif kishilarni qo‘llab-quvvatlab, himoyalardi. Ayub va uning turmush o‘rtog‘i o‘nta farzandning ota-onasi edi. Qolaversa, Ayub ma’naviy inson edi. Uzoq qarindoshlari bo‘lgan Ibrohim, Is’hoq, Yoqub va Yusuf kabi u ham Yahovani mamnun qilishga intilardi. Ular kabi Ayub ham oilasida ruhoniy vazifasini bajarib, farzandlari uchun muntazam ravishda qurbonliklar keltirardi. (Ayub 1:1–5; 31:16–22)

Ammo to‘satdan Ayubning hikoyasi boshqacha tus oldi. Samoda yuz bergan voqealarga nigoh tashlab, ehtimol, Ayub bexabar bo‘lgan narsalar to‘g‘risida bilib olamiz. Yahovaning sadoqatli farishtalari Uning oldida yig‘ilgandi va isyon ko‘targan farishta, ya’ni Shayton ham keldi. Yahova Shayton odil bo‘lgan Ayubni yoqtirmasligini bilardi. Shu bois, Xudo uning diqqatini Ayubning tebranmas benuqsonligiga qaratdi. Shayton qat’iylik bilan quyidagicha dedi: «Ayub bekorga xudotarsmi? Axir uning o‘zini, xonadonini va bor narsasini himoya qilib turgan Sen emasmi?!» Ha, Shayton benuqson kishilardan nafratlanadi. Chunki ular Tangri Yahovaga butun qalbi bilan sodiq qolib, Shayton hech kimni sevmaydigan shaxs ekanini oshkor qiladi. Shayton Ayub Xudoga faqatgina xudbin istaklari tufayli topinyapti deya ta’kidladi. Shaytonning aytishicha, agar Ayub bor-budidan mahrum bo‘lsa, u Yahovaning ko‘z oldida Uni la’natlaydi. (Ayub 1:6–11)

Ayub bular haqda bilmasdi, lekin Yahova unga ajoyib imkon berdi — u Shayton nohaq ekanini isbotlashi mumkin edi. Alloh Shayton Ayubni bor-budidan ayrishiga yo‘l qo‘ydi. Faqat uning o‘ziga tegishi mumkin emasdi. Shayton shu zahoti qabihliklarini boshladi. Bir kunning o‘zida Ayub og‘ir qiyinchiliklarga duch keldi. U kutilmaganda chorvasidan — avval, ho‘kiz-u eshaklari, so‘ng qo‘ylari va oxiri tuyalaridan ayrildi. Achinarlisi, ularni boqib yurgan xizmatkorlar o‘ldirilgandi. Ayubga xabar keltirgan xizmatkor bu «Xudoning olovi» tufayli yuz berganini aytdi. Balki bu chaqmoq bo‘lgandir. Ayub bo‘lib o‘tganlarni, ya’ni barcha odamlar halok bo‘lganini va endi u juda nochor ekanini oxirigacha tushunishga ulgurmasidanoq, bundan ham yomon voqea yuz berdi. Uning barcha farzandlari katta o‘g‘lining uyida yig‘ilganida, nogahon kuchli shamol esib, uyiga urildi. Uy qulab, ularning barchasi nobud bo‘ldi. (Ayub 1:12–19)

Ayub nimalarni his qilganini oxirigacha tushunish qiyin yoki hatto imkonsiz bo‘lishi mumkin. U kiyimini yirtdi, sochini qirqib, yerga muk tushdi. Ayub bergan ham Xudo, olgan ham Xudo degan xulosaga keldi. Darhaqiqat, Shayton ustasi faranglik ila barcha qiyinchiliklarni Xudodan bo‘lganday qilib uyushtirdi. Shayton Ayub Xudoni la’natlaydi deb aytgandi, lekin u bunday qilmadi. Aksincha, Ayub: «Yahovaning ismiga hamdu sanolar bo‘lsin!» — dedi. (Ayub 1:20–22)

Ayub Shayton uni Xudoning oldida ayblayotganidan bexabar edi

«U Seni la’natlaydi»

G‘azabga mingan Shayton qilmishlarini davom ettirdi. Farishtalar yig‘ilganda, u yana Yahovaning oldiga keldi. Tangri Yahova Ayub Shaytonning hujumlariga qaramay, benuqson qolayotgani uchun uni yana bir bor maqtadi. Shayton esa, qarshilik ko‘rsatib: «Odam o‘z hayotini saqlab qolish uchun birovning hayotini ham ayamaydi! Inson o‘z jonini saqlash uchun bor narsasini beradi»,— dedi. Shayton shunga amin edi-ki, bordi-yu, Ayub og‘ir kasal bo‘lib qolsa, Xudoni la’natlaydi. Yahova Ayubga butkul ishonib, Shayton uning sog‘ligiga zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ydi. Biroq Shayton Ayubning jonini ola olmasdi. (Ayub 2:1–6)

Ko‘p o‘tmay Shayton yuqorida tasvirlangan ahvolga tushib qoldi. Uning xotini qanday ayanchli ahvolda bo‘lganini bir tasavvur qiling. O‘nta farzandini yo‘qotganidan qayg‘uga botgan ayol dahshatli tarzda azob chekayotgan turmush o‘rtog‘ining holatini ko‘rishga majbur edi, qo‘lidan esa hech narsa kelmasdi! U og‘riqdan quyidagicha baqirdi: «Haliyam benuqsonligingizga mahkam yopishib o‘tiribsizmi?! Undan ko‘ra Xudoni la’natlab, o‘lib qo‘ya qolganingiz yaxshiroq emasmi?!» Bu Ayub bilgan va sevgan ayolning so‘zlariga o‘xshamasdi. U xotini aqlsiz ayollardek gapiryapti degan fikrga bordi. Lekin Xudoni la’natlamadi. U nojo‘ya so‘z aytib gunoh qilmadi. (Ayub 2:7–10)

Bu g‘amgin voqea shaxsan sizga ham tegishli ekanini bilarmidingiz? Shayton yolg‘on ayblovini faqatgina Ayub emas, balki barcha odamlar borasida aytgan. U: «Odam o‘z hayotini saqlab qolish uchun birovning hayotini ham ayamaydi!» — deb ta’kidlagan. Boshqacha qilib aytganda, Shayton benuqsonlikni saqlash qo‘limizdan kelmaydi, deb ta’kidlayapti! U siz Xudoni umuman sevmasligingizni va hayotingizni saqlab qolish uchun Xudodan yuz o‘girishingizni ta’kidlayapti. Ha, Shayton sizni xudbin deb atayapti! U yolg‘onchi ekanini isbotlaysizmi? Barchamizda bunday imkoniyat bor. (Hikmatlar 27:11) Endi esa, Ayub yana qanday qiyinchilikka duch kelganini ko‘raylik.

Soxta yupatuvchilar

Muqaddas Kitobda Ayubning do‘stlari yoki tanishlari deb atalgan uchta kishi uning boshiga tushgan kulfatlar haqida eshitib, tasalli berish uchun oldiga keladi. Ular Ayubni uzoqdan ko‘rib, tanimaydi. U qattiq og‘riqni his qilayotgandi, tanasi yaraga to‘lib ketgandi va ko‘rinishi ham oldingiday emasdi. Elifaz, Bildad va Zo‘far ismli uchta kishi o‘zini go‘yoki Ayubning og‘rig‘ini his etayotganday ko‘rsatdi. Ular o‘kirib yig‘lashdi va boshlariga tuproq sepishdi. Keyin esa, Ayub bilan birga o‘tirib, hech nima deyishmadi. Bir hafta davomida tunu kun ular o‘sha yerda o‘tirib bir og‘iz so‘z ham aytishmadi. Ular sukut saqlaganini tasalli deb bo‘lmaydi. Chunki ular Ayubga shaxsiy qiziqish ko‘rsatmadi va uning vaziyati haqida biron nima bilishga harakat qilmadi. Ular faqat ko‘ziga ko‘ringan narsani — Ayub qattiq azob chekayotganini bilardi, xolos. (Ayub 2:11–13; 30:30)

Oxiri Ayubning o‘zi gapirdi. U qanchalar qayg‘urayotganini ko‘rsatish uchun dunyoga kelgan kunini la’natladi. U nega o‘zini shunchalar yomon his qilayotganining asosiy sabablaridan birini oshkor etdi. Ayub barcha muammolarining sababchisi Xudo deb o‘yladi! (Ayub 3:1, 2, 23) Lekin u Xudoga bo‘lgan imonini yo‘qotmagandi, u faqat tasalliga muhtoj edi. Lekin uchta do‘sti gapira boshlaganda, Ayub ular jim o‘tirgani yaxshiroq bo‘lganini tushundi. (Ayub 13:5)

Ehtimol, Elifaz bu uchta do‘stning eng keksasi va Ayubdan ham yoshi ancha katta bo‘lgan. U gap boshladi. Ko‘p o‘tmay esa, qolgan ikkitasi ham qo‘shildi. Bir qarashda, ular ham Elifaz kabi ahmoqona so‘zlarni gapirishdi. Ular aytgan ba’zi gaplar zararsiz va ma’naviy fikrlardek ko‘ringandir. Bu uchta kishi o‘zini ma’naviy insondek ko‘rsatib, Xudo buyuk ekanini-yu yovuzlarni jazolab, yaxshilarga baraka berishi haqida tinmay gapirishdi. Lekin ular Ayubga nisbatan shafqatsiz ekani boshidanoq ayon edi. Elifaz o‘zicha, Xudo yaxshi va U yovuzlarni jazolasa, demak, Ayub ham jazolanishi kerak degan xulosaga keldi. Xo‘sh, u haqmidi? Ayub biron yomon ish qilib qo‘yganmidi? (Ayub 4:1, 7, 8; 5:3–6)

Ayub bunday fikrni qabul qilmaganining ajablanarli joyi yo‘q. U buni rad etdi. (Ayub 6:25) Ammo o‘sha uchta do‘sti Ayub qandaydir gunoh qilgan va buni yashirishga urinyapti deb o‘ylardi. Elifaz uni mag‘rur, yovuz deb, Xudodan qo‘rqmaslikda aybladi. (Ayub 15:4, 7–9, 20–24; 22:6–11) Zo‘far bo‘lsa, Ayubga yomon yo‘ldan qaytishni va gunohli ishlarini qoldirishni aytdi. (Ayub 11:2, 3, 14; 20:5, 12, 13) Eng og‘riqli so‘zlarni Bildad aytdi. U Ayubning o‘g‘illari qandaydir gunoh qilgan va ular o‘limga loyiq ekaniga shama qildi. (Ayub 8:4, 13)

Ayubning uchta do‘sti unga tasalli bermadi, og‘rig‘iga og‘riq qo‘shdi, xolos

Benuqsonlik xavf ostida

Yanglish fikrlagan o‘sha uchta kishi yanada katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Ular nafaqat Ayubning benuqsonligini shubha ostiga qo‘ydi, balki bundan Xudoga hech qanday naf yo‘q dedi! Elifaz gapini boshlaganida, ko‘rinmas dahshatli kuchni tasvirladi. U Iblisga xos fikrlarga berilib, salbiy xulosaga keldi: Xudo «hatto O‘z xizmatchilariga ishonmaydi, farishtalaridan ham nuqson topadi». Uning xulosasiga ko‘ra, odamlar aslo Xudoni mamnun qila olmaydi! Keyin esa, Bildad arzimas qurtday bo‘lgan odamning benuqsonligi Allohni qiziqtirmasligini ta’kidladi! (Ayub 4:12–18; 15:15; 22:2, 3; 25:4–6)

Siz ham qattiq azob chekkan kishiga tasalli berganmisiz? Bu oson emas. Ayubning yanglish fikr yuritgan do‘stlaridan asosan nima demaslik borasida saboq olsak bo‘ladi. Bu uchta kishi aqlli va mantiqan to‘g‘ri tuyulgan ko‘p fikrlarni aytdi, biroq ular Ayubga hamdard bo‘lmadi va hatto unga ismi bilan murojaat qilmadi! Ayubning qalbi tilka-pora bo‘lgani ularni qiziqtirmasdi va unga muloyimroq muomalada bo‘lish kerak, deb o‘ylashmagan *. Shunday ekan, g‘amgin insonga tasalli bermoqchi bo‘lsangiz, muloyim, g‘amxo‘r va mehribon bo‘ling. Uni Xudoga tayanishga, Uning inoyatiga, mehr-shafqatiga va adolatli ekaniga ishonishiga ko‘maklashib, imonini mustahkamlashiga yordamlashing. Agar Ayub uchta do‘stining o‘rnida bo‘lganida, shunday qilgan bo‘lardi. (Ayub 16:4, 5) Xo‘sh, Ayub benuqsonlik borasidagi yolg‘on fikrlarga qanday munosabat ko‘rsatdi?

Ayub qat’iy bo‘lib qoldi

Nochor ahvoldagi Ayub bu bahslar boshlanganida allaqachon qattiq tushkunlikda edi. U boshidanoq gohida og‘zidan «ahmoqona so‘zlar» va «bechoraning so‘zlari» chiqayotganini tan oldi. (Ayub 6:3, 26) Buning sababini tushunsa bo‘ladi. Uning so‘zlari qalbidagi og‘riqni aks ettirardi. Shuningdek, u nimalar yuz berayotganini oxirigacha tushunmasdi. U va oilasining boshiga kutilmaganda birin-ketin qiyinchiliklar keldi va hatto ular ilohiy ta’sir ostida bo‘lgandek ko‘rindi. Ayub ularning sababchisi Yahova deb o‘yladi. Lekin Ayub bexabar bo‘lgan muhim voqealar yuz berayotgandi va uning xulosalari noto‘g‘ri fikrlarga asoslangandi.

Lekin Ayubning imoni kuchli edi. Bo‘lib o‘tgan uzoq bahsda u nimalar deganida uning imoni ayon bo‘lyapti. Ayub aytgan ajoyib fikrlar haqiqat va hozir bizga tasalli beradi. U Xudoning ajoyib ijodlari to‘g‘risida gapirganda, Uni ulug‘lagan. Agar Xudo buni ochib bermaganida, u bularni bilmagan bo‘lardi. Masalan, u Yahova «yerni... bo‘shliqqa osib qo‘ygani» to‘g‘risida aytgan. Olimlar buni asrlar mobaynida bilmagan *. (Ayub 26:7) Bundan tashqari, Ayub kelajak borasida qanday umidga ega ekani to‘g‘risida aytgan. Kuchli imonga ega bo‘lgan boshqa kishilar ham shunday umidga ega edi. Ayub ishonardiki, agar o‘lsa, Xudo uni eslaydi va sog‘inadi hamda yana hayotga qaytaradi. (Ayub 14:13–15; Ibroniylarga 11:17–19, 35)

Qiziq, benuqsonlik masalasi bo‘yicha nima desa bo‘ladi? Elifaz va uning ikkita do‘sti insonning benuqsonligi Xudoni qiziqtirmasligini ta’kidladi. Ayub bu yolg‘on fikrga ishondimi? Aslo! Aksincha, u benuqsonlik Xudo uchun ahamiyatli ekaniga amin edi. U qat’iylik ila quyidagicha dedi: «Alloh... benuqson ekanimni bilib oladi». (Ayub 31:6) Shuningdek, Ayub shuni ko‘ra oldiki, soxta yupatuvchilarining kalta o‘ylangan fikrlari uning benuqsonligini sinadi, xolos. Bu esa, Ayubni davomli nutq aytishga undadi va uning so‘zlari shunchalik ta’sirli bo‘lganidan uchta do‘sti nima deyishni ham bilmay qoldi.

Benuqsonlik uning kundalik hayoti bilan bog‘liq ekanini Ayub tushungan. Shu bois, u har bir ishida qay yo‘sin benuqson qolganini tushuntirgan. Misol uchun, u butparastlikning har qanday turidan qochgan; boshqalarga mehr va hurmat ko‘rsatgan; nikohini qadrlab, axloqan pok bo‘lgan va eng asosiysi faqatgina haq Tangri Yahovaga sodiq qolgan. Shunday yo‘l tutib, u: «Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!» — deb bemalol ayta olgan. (Ayub 27:5; 31:1, 2, 9–11, 16–18, 26–28)

Ayub benuqsonligidan voz kechmadi

Ayubning imoniga taqlid qiling

Benuqsonlikka Ayub kabi nuqtai nazardamisiz? Bu so‘zni aytish oson, lekin Ayub benuqsonlikni amalda ko‘rsatish muhim ekanini tushungan. Hatto qiyin paytlarda ham, har kuni Xudoga itoatli qolib va Uning irodasini bajarib, Unga butunlayin va chin qalbdan sadoqatli ekanimizni ko‘rsatamiz. Bu hayot tarzimizga aylansa, asrlar avval bo‘lganidek, Ayub kabi Yahovani quvontirib, Uning dushmani Shaytonning umidlarini puchga chiqaramiz. Bu Ayubning imoniga taqlid qilishning eng a’lo yo‘lidir!

Ammo bu Ayubning hikoyasi tugadi degani emas. Ayub muhim bir narsani unutgandi va faqatgina o‘zining odilligiga diqqat qaratib, Xudoning tarafini egallamadi. U nuqtai nazarini o‘zgartirishi va ma’naviy yordam olishi zarur edi. Lekin u hanuzgacha qattiq og‘riq his etib, qayg‘uga botgandi va chinakam tasalliga muhtoj edi. Imonli va benuqson kishi uchun Yahova nima qiladi? Bu turkumdagi boshqa bir maqolada mazkur savollarga javob topamiz.

^ 17- x.b. Balki Elifaz u va do‘stlari Ayubga baland ovozda gapirmagani tufayli muloyim bo‘ldik deb o‘ylagandir. (Ayub 15:11) Ammo hatto muloyim ohangda aytilgan so‘zlar ham qattiq yaralashi mumkin.

^ 19- x.b. Taxminan 3 000-yil o‘tgandan keyingina olimlar yer biron narsaning ustida turishiga hojat yo‘q ekanini tushunishdi. Kosmosdan tushirilgan suratlar tufayli yaqqol dalil yordamida Ayubning so‘zlari o‘z isbotini topdi.